Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Isroilning Falastinga qilayotgan bosqinchiligiga qarshi musulmonlarning pozitsiyasi

Isroilning Falastinga qilayotgan bosqinchiligiga qarshi musulmonlarning pozitsiyasi

Nashr sanasi: May 25, 2025

Savol :

Hozir Isroilning Falastinda qilayotgan qatliomidan bexabar qolgan musulmon bo’lmasa kerak. Ba’zilar esa Falastin xato qilyapti, Isroil ularni bekordan-bekorga yo’q qilmayapti, urushni o’zlari boshlagan deyishmoqda. Aslida bu yer musulmonlarga tegishli emasmi? Yahudiylar keyin kelib bu yerlarga bostirib kirmaganmidi?

Shunday holatda biz qanday pozitsiyada turishimiz kerak? Qanday yordam bera olamiz?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Haqiqatan ham, bugungi kunda yuz berayotgan fojealar inson qalbini larzaga soladigan, yurakni ezadigan voqealar. Musulmonlarning yeri bosib olingan. Bunday vaziyatda musulmon odam qo‘lidan kelgancha hikmat bilan, foyda-zararni hisobga olgan holda, ulamolarning yo‘l-yo‘riqlari asosida harakat qilishi kerak. Hech bo‘lmaganda duo qilishimiz kerak. Alloh subhanahu va taolo o‘zi yordam bersin, najot bersin, qalblarimizni, holatimizni isloh qilsin.

Haqiqatan ham, bugungi kunda yuz berayotgan fojealar inson qalbini larzaga soladigan, yurakni ezadigan voqealar. Qon musulmonning qo’lidan emas, tanasidan to’kilmoqda. Musulmonlarning yeri bosib olingan — bu haqiqat. Quddus musulmonlarning yeridir, u vaqf yerdir. Hammamiz buni bilamiz. Bir necha asrlar oldin fath etilgan, Umar (roziyallohu anhu) davrida to’liq musulmonlar nazoratiga o’tgan.

Shundan buyon u yer musulmonlarning qo’lida edi. Ammo keyingi 100 yil ichida yahudiylar sekin-asta u yerlarga kirib, kengayib, aholini siqib chiqarib, ularning o’rniga o’z uylarini qurib kelmoqda. Hozir esa G’azoda kichkina bir joyda siqilib qolgan musulmonlarni ham haydab chiqarish harakati ketmoqda. Uylarini buzib, ularni chiqazib, o’rniga o’zlariga uy-joy qilib olishmoqchi.

Tasavvur qiling: kimdir sizning uyingizga bostirib kirsa va siz unga tosh otgan bo‘lsangiz, chetdagi odam “o‘zing tosh otibsan, indamay bo‘shatib berishing kerak edi” desa, kim haqli bo‘ladi? Joyidan voz kechmaslik uchun qarshilik qilgan odam mazlum bo’lmaydimi?

Yahudiylar kimning tuprog‘ida turibdi? Ular musulmonlarning yerida. Bu yashirin sir emas. Endi zulmni kim qilmoqda? Joyni kim bo‘shatib berishi kerak?

Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) huzurlariga bir kishi kelib: “Agar bir kishi molimni tortib olsa, nima qilay?” deb so‘raganida, u zot: “Berma,” deganlar. “Agar u bilan urushsam-chi?” desa, “Urush,” deganlar. “Agar u meni o‘ldirib qo‘ysa-chi?” desa, “Sen shahid bo‘lasan,” deganlar. “Agar men uni o‘ldirsam-chi?” desa, “U do‘zaxiy,” deganlar. Bu hadis ham bu holatni aniq ifodalaydi.

Yahudiylar ochiqdan-ochiq din dushmani. Musulmonlarning birligi yo‘qligi sababli ular bu yerlarni egallab bormoqda. Arablar soni 400 milliondan oshgan, lekin har kim o‘zi bilan o’zi ovora.

Shu sababli musulmonlar bunday fojialarga duch kelmoqda. Bu holat faqat G‘azodagina emas, balki boshqa ko‘plab musulmon diyorlarida ham yuz bermoqda. Masalan, Sharqiy Turkistonda xitoylar musulmonlarni qirayotganini ko‘rsangiz, bu G‘azodagi fojialardan ham ayanchliroq. U yerlar ilgari Turkiston edi, hozir Xitoy yeri bo‘lib qolgan. Endi esa ular Markaziy Osiyoga ham qadam bosmoqda.

Bunday vaziyatda musulmon nima qilishi kerak? Musulmon odam qo‘lidan kelgancha harakat qilishi kerak — bu harakat albatta hikmat bilan, foyda-zararni hisobga olgan holda, ulamolarning yo‘l-yo‘riqlari asosida bo‘lishi lozim.

Hech bo‘lmaganda hozirgi paytda duo qilishimiz kerak. Bu ochiqdan-ochiq musulmon bilan kofir, zolim bilan mazlum o‘rtasidagi kurash. Bunday paytda musulmonlar uchun eng qudratli qurol — duo. Alloh subhanahu va taolo musulmonlarga nusrat bersin. Vafot etganlarni shahidlar qatoriga qo‘shib, mag‘firat etsin.

Axir, baribir hamma o‘ladi. Ammo inson haqiqat yo‘lida, to‘g‘ri yo‘lda vafot etsa — bu eng katta baxt. O‘ldirayotganlar ham, o‘layotganlar ham baribir bu dunyoni tark etadi. Ular abadiy yashamaydi. Bu hayot sinov.

Alloh o‘zining hikmati bilan bunday holatlarni sinov sifatida yuboradi. Buning sabablari bizga qorong‘i bo‘lishi mumkin, ammo zohiriy holatda musulmonlar zulm ostida qolgan.

Kim tinch aholini ustiga bomba yog‘dirishni to‘g‘ri deb biladi? Ayollar, bolalar, begunoh odamlar o‘lyapti. Buni butun dunyo ko‘rib turibdi. Shunda ham musulmonlar aybdor deyish — bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Nima uchun aybdor bo‘lishi kerak? Uyiga bostirib kirganlarga qarshi turgani uchunmi?

Bu kurash o‘z yurtini, tuprog‘ini himoya qilish uchun. Bu har bir musulmonni o‘ylantirishi kerak.

Alloh musta’aan. Lekin hozirgi holatimiz shunday bo‘lib qolganki, musulmonlar dunyoni haddan ortiq sevib qolgan, o‘limdan qo‘rqadigan bo‘lib qolgan. Shuning uchun: “Meni o‘ldirsang ham mayli, faqat tinch yuray,” degan kayfiyatda yashamoqda. Kimdir biznesi, mansabi, dunyoviy manfaatidan ajralib qolmaslik uchun haqiqatni aytmaydi.

Shu sababli musulmonlar bugungi holatga tushib qolgan. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam):
“Hubbu dunya va karohiyatul mavt” — ya’ni dunyoni haddan ortiq sevish va o‘limdan qo‘rqish bizni shunday ahvolga tushirib qo‘ydi, deganlar.

Xulosa qilib aytganda, har kim qo‘lidan kelganicha harakat qilishi kerak. Eng avvalo — duo qilish kerak. Eng muhim jihati shundaki, bunday paytlarda ulamolarning fikri bilan ish qilish kerak. Chunki ulamolar voqeani chuqur tushunadi. Nima foyda keltiradi, nima zarar — buni ular biladi.

Shuning uchun ham duoni tark qilmaslik lozim. Kechalari duo qiling, namozlarda duo qiling. Mo‘minning eng kuchli quroli duo. Ammo ba’zilar “faqat duo qilib o‘tiraveramizmi?” deydi. Lekin o‘zi duoni ham qilmaydi.

Keling, duo qilaylik:
Alloh subhanahu va taolo o‘zi yordam bersin, najot bersin, qalblarimizni, holatimizni isloh qilsin. Alloh o‘z nurini ko‘rsatsin. Agar nur ochilsa, nima qilish kerakligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Ustoz, turk ustozimdan eshitdim: og‘ir kasalga jamoaviy Yosin o‘qish — islomiy jihatdan to‘g‘rimi? Bu bid’atga kirmaydimi?

    June 4, 2025
  • Mahramsiz safarga chiqish shar’an joizmi?

    June 4, 2025
  • Namoz o‘qimaydigan odamga salom bermasa bo‘ladimi?

    June 4, 2025
  • Ovqatdan soch tolasi chiqishi va ovqat pishirgan kishini malomat qilishish haqida.

    June 4, 2025
  • Qaynota kelinga mahrammi? Uning oldida ro‘molsiz yurish va yolg‘iz qolish mumkinmi?

    June 3, 2025
  • Erkak kishi ayolining soliha dugonalaridan ajratishi joizmi?

    June 3, 2025