Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Inson ichiga kirib olib zarar bera oladigan va bir umr chiqmaydigan jinlar ham bo‘ladimi?

Inson ichiga kirib olib zarar bera oladigan va bir umr chiqmaydigan jinlar ham bo‘ladimi?

Nashr sanasi: May 25, 2025

Savol :

Ustoz, Sijjin degan jinlar haqida film bor ekan. U filmni ko‘rib, qo‘rqqan kishiga jinlar yopishib, ichiga kirib qolishi mumkin ekan. Inson ichiga kirib olib, bir umr chiqmaydigan jinlar ham bo‘ladimi? Jinlar odamning qo‘lini sindirishi, uydagi buyumlarni tushirib yuborishi mumkinmi? Umuman olganda, ular odamlarga qanchalik zarar bera olishadi?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Jinlar inson tanasiga kirib, Allohning izni bilan unga zarar yetkazishi mumkin. Shu bilan birga, jinlardan ortiqcha qo‘rqish kerak emas. Chunki Alloh insonni yerda xalifa qilib yaratgan. Odam yashaydigan joylarga kelgan jinlar xuddi o‘g‘ri kabi yashirin, qo‘rqib kiradi. Inson esa bu holatlarda duolar o‘qib, panoh so‘rab yursa, jinlar unga ta’sir qila olmaydi.

Bismillah, alhamdulillah, vassalatu vassalam ‘ala Rasulillahi va ba’d.

Avvalo, jinlar odam ichiga kira oladimi? degan masala haqida gapirsak – ha, bu mumkin. Ya’ni, jinlar odam tanasiga kirishi mumkin. Bu – ahli sunna val-jamoa e’tiqodidir. Ba’zi mo’tazila aqidasidagi kishilar esa “jin odam ichiga kirmaydi” deydi. Lekin ahli sunnaning e’tiqodida bu masala ittifoqiy hisoblanadi – ya’ni, barcha ulamolar jin odam tanasiga kira oladi, degan fikrda.

Buning dalillari ko‘p. Qur’oni Karimda Alloh taolo aytadi:

“Ribo bilan shug‘ullanib, undan to‘xtamaydiganlar – xuddi jin urgan odamdek tentirab yuradi” (Baqara surasi, 275-oyat).

Bu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, jin odamni chalib, uni dovdiratib qo‘yishi mumkin. Hadisda ham kelgan:

“Inna ash-shaytana yajri min ibni Adama majroddam” – Shayton odam tanasida qon aylanadigan joylarda yuradi (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Demak, jin inson tanasiga kirib, u yerda harakatlana oladi. Imom Ahmadga o‘g‘li:

“Ey ota, ba’zilar jin odam ichiga kira olmaydi deyishyapti”,
— deganida, u zot:
“Ular yolg‘on gapirishyapti. Odam ichidan jin gapiryapti-ku, ko‘rib, eshitib turibmiz”,
— deb javob berganlar.

Ha, voqelikda odam ichidan jin ovozida gap eshitiladi, ko‘riladi. Lekin bu masalada haddan oshmaslik lozim. Masalan, ba’zi ruqiya qiluvchilar:

“Bu odamning ichida 35 mingta jin bor, 18 mingtasi chiqdi, 17 mingtasi qoldi”,
— deb aytadi. Ularning boshlig‘i kim, qayerdan kelgan, degan qissalarni gapirib beradi. So‘rasangiz, “o‘sha jin aytdi” deydi. Keyin shunga ishonib, hukmlar chiqaradi, odamlarni bir-biriga dushman qiladi. O‘zini reklama qilish uchun yolg‘on gaplarni qo‘shib aytadi. Musulmon odam esa bunday hollarni eshitib, ehtiyot bo‘lishi kerak.

Lekin aniq narsa shu: jinlar inson tanasiga kirib, Allohning izni bilan unga zarar yetkazishi mumkin. Masalan, savolda so‘ralgandek, jin odamning qo‘lini yoki oyog‘ini sindirishi mumkinmi? Vallohu a’lam, agar Alloh ijozat bersa, jinlarda bunga kuch yetadi.

Sababi Qur’onda aytilganidek, jinlar Sulaymon alayhissalomga bo‘ysundirilib, ulkan ishlarni bajarishgan:

“Ular unga istagan narsalarni – saroylar, haykallar, katta qozonlar va joyidan qo‘zg‘almas idishlar yasab berardi” (Saba surasi, 13-oyat ma’nosi).

Yana, Bilqisning taxti Yamandan Falastinga bir ko‘z ochib-yumguncha olib kelingan. Jinlar juda tez harakat qilishi, katta kuchga ega bo‘lishi mumkin. Demak, agar Alloh ijozat bersa, odamning qo‘lini sindirish, boshqa zarar yetkazish ham mumkin bo‘ladi.

Ammo shu bilan birga, jinlardan ortiqcha qo‘rqish kerak emas. Chunki Alloh insonni yerda xalifa qilib yaratgan:

“Men yerda xalifa yarataman”, — degan (Baqara surasi, 30-oyat).

وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَـٰٓئِكَةِ إِنِّى جَاعِلٌۭ فِى ٱلْأَرْضِ خَلِيفَةًۭ ۖ قَالُوٓا۟ أَتَجْعَلُ فِيهَا مَن يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ ٱلدِّمَآءَ وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ ۖ قَالَ إِنِّىٓ أَعْلَمُ مَا لَا تَعْلَمُونَ ٣٠

Demak, yerda hukmronlik insonnikidir. Jinlarga esa chekka, olis, odam oyoq bosmaydigan joylar tegishli. Shu sababli, inson bunday joylarga borganda ehtiyot bo‘lishi, ruqiya o‘qib, panoh duolarini aytib yurishi lozim. Ayniqsa, jarliklar, g‘orlar, sichqon uyalar, o‘simliklar tagi – bular jinlarning joylari bo‘lishi mumkin. U joylarda tahorat qilish, siydan saqlanishi lozim.

Jinlar yashaydigan joylarda siydan qilish – ularni g‘azablantirib, odamga zarar yetkazish ehtimolini oshiradi. Ba’zida axlat tashlanadigan joylarda, gulzorlar orasida ham jinlar ibodat qilayotgani haqida rivoyatlar bor. Shunday joylarga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish zarar keltirishi mumkin.

Odam yashaydigan joylarga kelgan jinlar xuddi o‘g‘ri kabi yashirin, qo‘rqib kiradi. Inson esa bu holatlarda duolar o‘qib, panoh so‘rab yursa, jinlar unga ta’sir qila olmaydi. Bu holatda inson jinlardan kuchli bo‘ladi. Jinlar haqida Sulaymon Ashqarning “Alamul-jinni vash-shayotin” degan asarida keng ma’lumotlar berilgan. U yerda jinlarning tezligi, ko‘rinmasligi, osmonlarga chiqib xabar olish imkoniyatlari haqida so‘z boradi.

Jinlar osmonga chiqib, yulduzlarga yetadi, lekin Allohning ruxsatisiz bu ham mumkin emas. Shunga qaramay, ular odamdan qo‘rqadi. Chunki inson yerda xalifa, u tuproqdan yaratilgan, Alloh uni tanlagan. Shayton va jinlar esa insonning kuchli iymoni oldida ojiz.

Rasululloh ﷺ aytganlar:

“Ey Umar, sen kirgan ko‘chaga shayton kira olmaydi.”
Demak, kuchli iymon egasi bo‘lsa, shayton va jinlar undan uzoq yuradi.

Ularning ovqatlari ham insonlar qoldirgan narsa hisoblanadi. Rasululloh ﷺ aytganlar:

“Suyaklar – jinlarning ovqatlaridir. Ular oldida go‘shti yana paydo bo‘ladi, axlatlar esa ularning hayvonlariga yem bo‘ladi.”

Rasululloh ﷺ odamlar va jinlarga bir payg‘ambar qilib yuborilgan. Jinlar Rasulullohdan ta’lim olgan, da’vat qabul qilgan, o‘z qavmlariga qaytib da’vat qilgan. Jinlar orasida ham musulmoni bor, kofiri bor:

“Bizda musulmonlar ham bor, zolimlar ham bor”, — deyilgan Jin surasida.

Xulosa shuki: inson jinlardan qo‘rqmasligi kerak. Chunki ular ojiz va zaifdir. Iymonli inson kuchli bo‘ladi. Allohdan panoh so‘rab yurgan kishiga jin zarar yetkaza olmaydi. Allohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Ustoz, turk ustozimdan eshitdim: og‘ir kasalga jamoaviy Yosin o‘qish — islomiy jihatdan to‘g‘rimi? Bu bid’atga kirmaydimi?

    June 4, 2025
  • Mahramsiz safarga chiqish shar’an joizmi?

    June 4, 2025
  • Namoz o‘qimaydigan odamga salom bermasa bo‘ladimi?

    June 4, 2025
  • Ovqatdan soch tolasi chiqishi va ovqat pishirgan kishini malomat qilishish haqida.

    June 4, 2025
  • Qaynota kelinga mahrammi? Uning oldida ro‘molsiz yurish va yolg‘iz qolish mumkinmi?

    June 3, 2025
  • Erkak kishi ayolining soliha dugonalaridan ajratishi joizmi?

    June 3, 2025