Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsi.
Hech kimdan hech narsa so‘ramaslik — harom narsani tark qilish emas, balki yuksak martaba hisoblanadi. Bu — yuqori darajadagi sabr, qanoat va iymon belgisi. Rasululloh ﷺ aytganlar:
“Kim menga bir narsaga kafolat bersa, men unga Jannatga kafolatchiman.”
Ba’zi sahobalar “Men, yo Rasululloh!” deb bu so‘zga amal qilishga va’da berganlar. Rasululloh ﷺ ularni shart bilan bog‘lagan:
“Unda hech kimdan hech nima so‘ramanglar.”
U sahobalar shunchalik amal qilganlar-ki, hatto bitta tayoq yerga tushib ketsa, yonidagidan olib berishini ham so‘rashmasdi.
Bu darajaga yetgan sahobalar kam bo‘lgan. Boshqa sahobalar bunday qilmaganlar, chunki bu majburiy amal emas, balki iroda va sabrga asoslangan martaba. Bu fazilat, insonni mustaqillikka, sabrga, Allohga suyanishga o‘rgatadi.
Agar siz ilm tolibi bo‘lsangiz, oilali bo‘lsangiz va ota-onangizdan yordam olayotgan bo‘lsangiz, bu yomon emas. Aksincha, bu holat — hozirgi ehtiyojni qondirish uchun joizdir. Sharti — siz olgan yordamingizni oqlang: vaqtni behuda sarflamang, ilmda jiddiy bo‘ling, ixtisosli kadrga aylaning.
Ota-onangiz sizga yordam berayapti — bu ularning sizga qilayotgan saxovati va duosidir. Siz esa buning evaziga:
-
Yaxshi o‘qing.
-
Vaqtingizni foydali o‘tkazing.
-
Keyinchalik jamiyatga foydali bo‘ling.
Zero, ilm talabasi — ertaga jamiyatga foyda keltiradigan, yurtga xizmat qiladigan insondir.
Shuningdek, hadislarda aytilgan:
“Beruvchi qo‘l, oluvchi qo‘ldan afzaldir.”
(Berishda qo‘l yuqorida, olishda esa pastda bo‘ladi.)
Demak, har bir mo‘min insonning maqsadi — beruvchi bo‘lish, ya’ni mustaqil, saxiy, sabrli, to‘kis iymon egasi bo‘lish.
Siz hozir ota-onangizga tayanayotgan bo‘lsangiz ham, keyinchalik mana shu yuksak darajaga intiling: hech kimdan hech narsa so‘ramaydigan, balki boshqalarga beradigan inson bo‘ling.
Xulosa:
-
Hech kimdan hech narsa so‘ramaslik — afzal martaba.
-
Talaba bo‘lib, yordam olish — joiz. Ammo shu yordamingizni ilm bilan oqlang.
-
Kelajakda mustaqil bo‘lish va boshqalarga yordam beradigan darajaga yetishga intiling.
Vallohu a‘lam.