Bismilloh, alhamdulillah, vassalotu vassalamu ‘ala Rasulillah, amma ba’d.
Pichoqqa o‘xshagan sayqallangan (yuzasi silliq) narsalar ustidagi najosat ketishi bilan, yoki yuvilishi orqali toza bo‘ladi. Masalan, molning bo‘ynini so‘yilganda chiqqan harom qon pichoqka tegsa, o‘sha qon pichoqdan artib tashlansa, pichoq toza hisoblanadi. Chunki sayqallangan yuzalarda najosatning asari qolmaydi.
Ammo ehtiyot uchun, ayniqsa cho‘chqa go‘shti kesilgan pichoq bo‘lsa, uni bir artib tashlash bilan ko‘ngil xotirjam bo‘lmaydi. Bu holatda pichoqni albatta yaxshilab yuvish kerak bo‘ladi.
Sayqallangan narsalar — masalan, sirlangan chinni idishlar — agar harom narsa solinsa, to‘kib tashlab, suv bilan yaxshilab yuvilsa, toza bo‘ladi. Suv ularni tozalaydi. Xuddi shuningdek, odam qo‘li najosatga tegsa (masalan, hojatdan so‘ng yoki chaqaloqni tozalaganda), suv bilan yuvilsa, qo‘l toza bo‘ladi. Pichoqlar ham shunga o‘xshaydi — yuvilsa, tozalanadi.
Fuqaholar aytishgan: pichoq, shisha kabi tekis, silliq narsalar ustidagi najosat artib tashlash orqali ham tozalanishi mumkin. Ammo bu holatda ham ehtiyot chorasini ko‘rish kerak.
Hozirgi paytda oshxonalarda harom va halol go‘sht aralash kesiladi. Shuning uchun bunday oshxonalarda halol pichoqdan foydalanilganiga ishonch hosil qilib bo‘lmaydi. U yerdagi qassob haromdan halolga o‘tganda pichog‘ini tozalab ishlatyaptimi-yo‘qmi, noma’lum. Ishonchli bo‘lmagan joyda ovqat iste’mol qilmaslik kerak. Chunki u yerda ba’zi shartlar saqlanadi, ba’zilariga esa rioya qilinmaydi.
Agar haqiqatda tozalansa, albatta pichoqdan foydalanish mumkin. Lekin buni ishonchli tarzda bilish kerak.
Savolda yana so‘ralgan: halol hayvonning harom qismlarini olib tashlagandan so‘ng pichoqni halol joyga ishlatish mumkinmi?
Bu masalada rojih (afzal) qavl shuki: qo‘y yoki mol kabi halol hayvonlarning aslida harom joyi yo‘q. Faqatgina so‘yilganda bo‘ynidan chiqqan qon harom hisoblanadi. Qolgan qismlari halol bo‘ladi.
Ba’zi fuqaholar, masalan Said ibn Musayyibdan rivoyat qilingan bir mursal xabarga ko‘ra, qo‘yda yetti joy harom deb aytiladi: erkaklik a’zosi, tuxumlari, axlat chiqadigan ichi, o’t pufagi, harom bezlari, siydik chiqadigan joyi va dubri (orqa ichak).
Lekin bu mursal xabar jumhur (ko‘pchilik) fuqaholar tomonidan maqbul deb olinmagan. Shuning uchun ular qo‘y va molning barcha qismlari halol, deyishgan. Faqatgina tabi (ta’m) tortmagan odam bunday qismlarni yemaydi, xolos.
Ba’zilar “harom mag’iz” deb ayrim qismlarni aytishadi, bu joylarni qassoblar olib tashlaydi. Aslida, jumhur fuqaholarning qavliga ko‘ra, bu qismlar harom emas.
Xulosa qilib aytganda, bo‘yindan chiqqan qon — harom. Agar u pichoqqa tegsa, pichoqni tozalash lozim. Qanday qilib? — Yaxshilab artib tashlash bilan toza bo‘ladi, yoki yaxshilab yuvilsa, bu yanada yaxshi bo‘ladi. Vallohu a’lam.