Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Yo‘q, bu vojib bo‘lmaydi. Ya’ni ikkinchi xotin birinchi xotinning farzandlarini emizishga yoki ularning tarbiyasiga qarashga majbur emas. Bu shar’an uning zimmasida emas.
Ammo ayol kishi muruvvatli, ya’ni bag‘rikeng bo‘lishi kerak. Bunday holatda: “Bu mening haqqim emas! Ko‘taring bolalaringizni!” deb turib olish oila muhitini buzishi mumkin. Balki er bolalarni majbur bo‘lib olib kelgandir, ularning g‘amxo‘rligini yolg‘iz bajara olmayotgandir. Bunday holatda ayol: “Bu men uchun vojib emas”, deb har domladan fatvo izlab, e’tiroz bildirishdan ko‘ra, muruvvat ko‘rsatib yordam berishi afzal.
Ha, agar ayolning sog‘lig‘i yoki imkoniyati yo‘q bo‘lsa — bu boshqa masala. Masalan, suti yetmasa yoki salomatligiga zarar bo‘lsa, bu alohida holat. Ammo sog‘lig‘i joyida, imkoniyati bo‘lsa, insoniylik, rahm-shafqat yuzasidan yordam berishi — katta fazilat hisoblanadi.
Erkak uchun bu bolalar — aziz farzandlar. Ayol kishi farosatli bo‘lsa, bu holatni o‘z foydasiga aylantirishi mumkin. Masalan, erining hurmatini qozonishi, oila muhabbati yanada mustahkamlanishi mumkin. Aks holda, “Haqqing yo‘q!”, deb keskin munosabat bildirilsa, bu shaytonning istagiga mos keladi va oila muhitini izdan chiqaradi. Natijada: “Bor, ket!” degan so‘zlar aytilib, oila buzilishi mumkin.
Shuning uchun bu holatda mening nasihatim: “Bu mening haqqim emasmi?” deb tortishmasdan, vaziyatni, erni holatini tushunib, muruvvat ko‘rsatish kerak. Albatta, ochiq aytamiz: bu ish ayol zimmasiga vojib emas. Biroq fazilat, oila tinchligi, mehr-oqibatni saqlash uchun sabr va bag‘rikenglik muhim.
Bu holat boshqa narsalarda ham ko‘rinadi. Masalan, qaynota-qaynonaga xizmat qilish ham shar’an vojib emas, lekin ayol xizmat qilsa — bu fazilatli ish hisoblanadi. Erkakning onasiga hurmat qilmagan ayolni kim xotin deb qadrlaydi?
Shuning uchun oila davom etishi uchun urf-odatlarni ham inobatga olish kerak. Qur’onda Alloh taolo aytadi:
وَلَا تَنسَوُا۟ ٱلْفَضْلَ بَيْنَكُمْ ۚ
Orangizdagi fazilatni unutmang. (al-Baqara, 237).
Agar er kun bo‘yi ishda yurib, oilasi uchun daromad topishga harakat qilayotgan bo‘lsa, ayol ham bu mashaqqatni tushunib, uni qadrlashi kerak. Oila bu hisob-kitob emas, insoniylik ustida quriladi. “Menimcha bu vojib, bu vojib emas” deb qattiq turish oila barqarorligiga zarar yetkazadi.
Xulosa qilib aytganda: Ikkinchi xotin shar’an bu bolalarni emizishga yoki ularga qarashga majbur emas. Ammo imkon bo‘lsa, muruvvat ko‘rsatib, oilaviy tinchlik va erkakning holatini inobatga olib yordam bersa — bu eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.
Vallāhu a‘lam.