Bismillahir rohmanir rohiym. Alhamdulillah, vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillah, amma ba’d.
Endi “ko‘nglim yo‘q” deb aytishi — darrov ajralish kerak degani emas. Agar ko‘ngil yo‘q bo‘lsa ham, rahmat bilan, sabr bilan birga yashash mumkin.
Bu ayol o‘zi harakat qilsa, erining ko‘nglini ovlashga intilsa, ehtimol, Alloh taolo uning qalbini o‘sha eriga yana moyil qilib qo‘yar. Itoat qilib, yaxshi muomala qilib, kelganida xushmuomalalik bilan kutib olib, ketayotganida chiroyli kuzatib, xizmatida bo‘lsa — inson axir ehson (yaxshilik) tomon o‘girilib ketadi.
Xuddi shoir aytganidek:
“Ahsin ila-n-nasi tastabid qulubahum, fa innama stabadda-l-insaana ihsaanu.”
(Odamlarga yaxshilik qil, ularning qalbini egallab olasan. Insonni o‘ziga bog‘lab olgan narsa — bu yaxshilikdir.)
Ya’ni ehson (yaxshilik) insonni rom qiladi. Inson shunday yaratilgan: fitratan yaxshilikni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun yaxshi muomala, chiroyli xizmat, e’tibor bilan uning qalbini qayta qozonish mumkin. Hayot uchun kurashish kerak.
Odam osongina: “Ha, bo‘lmadi, ko‘ngli yo‘q ekan,” deb taslim bo‘lmasligi kerak. Kurashib ko‘rish kerak, harakat qilish kerak. Allohdan so‘rab, sabablarni ushlab qolish kerak. Ayol kishining harakati bu yerda juda muhim. Erning sevgisini qayta qozonish, uning ko‘nglidan chiqish — ayolga bog‘liq jihatlar juda ko‘p.
O‘zining tozaligiga, tartibiga, muomalasiga qarasa, o‘ziga g‘amxo‘rlik qilsa, g‘ayratliroq bo‘lsa… Afsuski, ba’zi ayollar o‘ziga e’tibor qilmaydi. Er kelsa: “Choy damla,” desa, yarim soatda choy yo‘q. “Choy qani?” desa, “Esimdan chiqibdi,” deydi. Keyin yana esidan chiqadi. O‘shanda er och, charchagan bo‘ladi. Kiyimini so‘rasa, “Bilmayman, yo‘qolib qolgandir,” deydi. Aslida esa kecha o‘zi qo‘ygan joyida, g‘ijimlangan holda turibdi. Tayyor emas. Kiyim, ovqat, bola — hammasi e’tiborsiz. Bunday holatlar erkakni charchatadi, zeriktiradi.
Agar ayol chaqqonroq bo‘lib, mas’uliyat bilan harakat qilsa, ayniqsa eri boshqa xonadonda bo‘lsa, keladigan kuniga chiroyli tayyorlansa, xizmatini qilib, ko‘nglini olsa — insha Alloh, bu oila saqlanib qoladi.
Shuning uchun darrov: “Ering boshqa ayolni yaxshi ko‘ryapti, demak ajrash,” deb aytish to‘g‘ri emas. Yaxshilik bilan, sabr bilan, duoga tayangan holda harakat qilib ko‘rish kerak.
Allohu a’lam.