Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bu juda dolzarb savol. Haqiqatan ham bugungi kunda internet o‘yinlari yoshlarimizning umrini olib ketayotgan katta balo bo‘lib qoldi.
Ko‘pchilik yoshlar: “harom ish qilmayapmiz-ku” deydi. Lekin kechasi o‘n birdan bomdodgacha o‘tirib, umrini zoye qilish halolmi? Rasululloh ﷺ xuftondan keyin ortiqcha gap-so‘zdan qaytarganlar. Endi kechasi uxlamasdan, ibodat va ilm o‘rniga o‘yin bilan vaqt o‘tkazish – bu katta zarar. Shifokorlar ham kechasi uxlamaslik ko‘plab kasalliklarga sabab bo‘lishini aytishadi. Demak, bu faqat ma’naviy emas, balki jismoniy zarar hamdir.
Qur’on yodlash, ilm o‘rganish, foydali hunar egallash mumkin bo‘lgan qimmatli vaqt – o‘yinlarda zoye bo‘lyapti. Ba’zan bu o‘yinlar insonni zo‘ravonlikka, vahshiylikka o‘rgatadi. Yoshlar pichoq yoki qurol ishlatishga qiziqib qoladi. Bu hatto jinoyatlarga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, bu o‘yinlar ko‘plab oilalarni buzib yuboryapti. Erlar soatlab o‘yin o‘ynab, xotinlariga yaqinlashmaydi, ro‘zg‘origa e’tibor bermaydi. Men shaxsan guvoh bo‘lganman: ba’zi oilalar faqat shu sababli buzilib ketgan. Bu faqat o‘yin emas – bu giyohvandlik singari kasallik.
Yana bir jihati: bu o‘yinlarni kimlar chiqarganini bilinglar. Asosan musulmon yoshlarini mashg‘ul qilib, ularning vaqtini o‘g‘irlash va aqlini zaharlash uchun ataylab tayyorlangan. Ularni ishlab chiqqanlar o‘z farzandlariga bunday narsani bermaydi, ammo musulmon farzandlarini band qilib qo‘yadi.
Shuning uchun, birodarlarim, bunday narsalarni butunlay yig‘ishtirish kerak. “Mubah-ku” degan gaplarga aldanmang. Ha, ba’zi narsalar mubah bo‘lishi mumkin, lekin vaqtni zoye qilish, namoz va ilmni tark etish – bu katta gunohdir.
Inson yoshligida foydali ilm o‘rganishi, ummatga foydali bo‘lishi kerak. Bugun yoshlarimizning katta qismi internet va o‘yinlarda umrini sovurib, jamiyat uchun keraksiz kishiga aylanib qolyapti.
Umr suv kabi tez o‘tadi. Kecha bola edik, bugun qarib qoldik. Yoshligingiz qaytib kelmaydi. Shuning uchun, ey yoshlar, umringizni o‘yinlarda zoye qilmanglar! Bu sizni namozdan, Qur’ondan, ilm va foydali ishlardan to‘sadi.
Alloh taolo barchamizni bunday fitnalardan asrasin.
Vallāhu a‘lam.