Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bu masalaga ikki tomondan qarash kerak. Avvalo, kitob o‘qishning o‘zi — foydali ish. Dunyoviy ilmlarni o‘rganish ham kerak. Jamiyatga kerak bo‘ladigan mutaxassislar — shifokor, muhandis, ustoz va boshqalar — dunyoviy ilm orqali yetishib chiqadi. Bunda hech qanday shubha yo‘q. Ammo shuni unutmaslik kerakki, musulmon uchun birinchi o‘rinda diniy ilmlar turadi.
Farzandlarimiz avvalo ibodatini bilishi, tahoratini, g‘uslini, namozini, ro‘zasini ado eta olishi shart. Shuningdek, aqida masalalarini, tavhidni, “La ilaha illalloh”ning ma’nosini o‘rganishi kerak. Qur’on o‘qishi, Rasululloh ﷺ sunnatlarini bilishi kerak. Chunki Alloh taolo Qur’onda:
قُوٓا۟ أَنفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًۭا
“O‘zlaringizni va ahli ayolingizni do‘zaxdan saqlanglar” (Tahrim: 6) — deb marhamat qiladi.
Shuning uchun birinchi vazifa — yoshlarni dindan, Qur’on va sunnatdan bexabar bo‘lib qolishdan asrashdir.
Dunyoviy ilmlarga qiziqish zarar emas. Lekin u dinni bilmaslik hisobiga bo‘lsa, katta xatar tug‘diradi. Chunki farzandni chet ellarda o‘qitamiz, ingliz tilini, xitoy tilini o‘rgatamiz, ilmli bo‘lib kelsin deymiz. Ammo u namoz o‘qimasa, ro‘za tutmasa, halol-haromni bilmasa, hatto cho‘chqa go‘sht yeydigan bo‘lib kelsa, bunday ilm foyda bermaydi. Chunki inson dunyoda yashab-yashab, oxirida do‘zaxga tushsa, ne foyda?
Alloh taolo Qur’onda:
وَمَنْ أَعْرَضَ عَن ذِكْرِى فَإِنَّ لَهُۥ مَعِيشَةًۭ ضَنكًۭا
“Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta unga tang hayot beramiz” (Toha: 124) — degan.
Ya’ni, Allohni eslamagan, Qur’onni o‘qimagan odam boy bo‘lsa ham, mansabdor bo‘lsa ham, qalbida siqilish bilan yashaydi.
Demak, yoshlarimizga birinchi navbatda dinni, aqidani, Qur’onni o‘rgatib, keyin dunyoviy ilmlarni ham o‘qitish kerak. Ikkisini birlashtirsak, mukammal tarbiya bo‘ladi. Ana shunda farzandlarimiz Allohning yerdagi xalifasi sifatida yashab, jamiyatga xizmat qiladi, odamlar uchun foydali bo‘ladi va oxiratda ham najot topadi.
Biz farzandlarimizni shunday tarbiyalaylikki: bu dunyoni obod qilsin va oxiratda jannatga kirsin. Chunki musulmonning duosi ham shunday:
رَبَّنَا آتِنَا فِي الدُّنْيَا حَسَنَةً وَفِي الآخِرَةِ حَسَنَةً
“Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ber, oxiratda ham yaxshilik ber” (Baqara: 201).
Shuning uchun dunyoviy kitoblarni o‘qish foydali, ammo diniy bilimlar hisobiga emas. Avval Qur’on va shariat ilmlari, keyin boshqa ilmlar.
Vallohu a’lam.