Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bu masalada fiqh ulamolari o‘rtasida ixtilof bor. Ya’ni spirt qo‘shilgan atirlar, dezodorantlar, antiseptik vositalar kabi narsalarni ishlatish mumkinmi yoki yo‘qmi — degan savolda ba’zi ulamolar ehtiyotkorlik tarafdori bo‘lsa, boshqa ulamolar esa bunday vositalarni ishlatishni joiz deb hisoblagan. Men shaxsan shu ikkinchi fikrga, ya’ni joiz degan ulamolarning fatvosiga amal qilaman.
Sababi, bu vositalarda ishlatiladigan spirt — ichiladigan aroq emas. Bu spirt tibbiy yoki texnik maqsadlar uchun ishlab chiqarilgan bo‘lib, uni ichish na odatiy hol, na niyatda bo‘ladi. Bu 96 gradusli spirt bo‘lib, uni ichish o‘lim xavfi tug‘diradi. Shuning uchun hech bir aqlli inson bu vositalarni mast bo‘lish niyati bilan ichmaydi.
Islomda haromlik hukmi ko‘pincha iste’mol qilinadigan narsa bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, aroq — bu ichib mast qiladigan, aqlni band qiladigan ichimlik. Ammo dezodorant, atir yoki antiseptiklar — bu ichilmaydigan, tashqi ishlatiladigan, hatto ichilsa zararli bo‘lgan vositalardir. Shuning uchun ularni “xamir” ya’ni ichimlik deb bo‘lmaydi.
Boshqa bir misol: nasha — o‘z-o‘zidan bu bir o‘t, giyoh. Uni iste’mol qilib mast bo‘lish harom. Lekin dorivor vositalarda foydalanilsa, bu harom emas. Xuddi shunday, zaharli modda ham — ichilsa, zararli bo‘lgani uchun harom. Ammo o‘zi najas emas, ba’zan doriga qo‘shilishi mumkin. Masalan, ilon zahri ayrim vaksina yoki dorilarda ishlatiladi.
Yana bir muhim jihat: shariatda najosat — bu poklanishni talab qiladigan moddiy yoki ma’naviy ifloslikdir. Biroq deodorant, atir, antiseptik vositalar najas emas. Ularda oz miqdorda bo‘lgan spirt, ayniqsa ichilmaydigan, zararli turda bo‘lsa — najosat hukmiga kirmaydi. Bu vositalar odamni nopok qilmaydi, bemoz ham qilmaydi.
Shunday ekan, ichilmaydigan, mast qilmaydigan spirtli vositalardan, masalan, dezodorant yoki atirlardan foydalanish joizdir. Ular najas emas, ichiladigan aroq ham emas. Hech qaysi aqlli inson ularni ichmaydi, ichsa o‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday vositalardan foydalanish harom emas, in shaa Alloh.
Vallohu a’lam.