Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Chet elda ishlab oilasini oldiga bir-ikki yilda bir keladiganlarga nasihat

Chet elda ishlab oilasini oldiga bir-ikki yilda bir keladiganlarga nasihat

Nashr sanasi: May 28, 2025

Savol :

Bir ayol oila qurganiga 10 yil bo‘lgan. Uch farzandi bor. Eri chet elda ishlaydi — bir-ikki yilda bir marta keladi. Ayol bolalariga va qaynonasiga qarab qolgan. Eriga “Olti oyda bir marta keling,” desa, u rozi bo‘lmaydi. “Mening rejam — bir yilda kelish,” deydi. Ayolining gapiga quloq solmaydi, maslahat ham olmaydi. Ayolning yoshlik yillari o‘tyapti. Xo‘jayiniga nasihat qiling. Uy-joylari bor, sharoitlari yaxshi ekan.

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Bu holat afsuski oilaga qilinayotgan zulmdir. Shariatda er to‘rt oydan ortiq vaqt davomida bexabar yoki uzoqda bo‘lsa, ayol qoziga murojaat qilishiga haqqi bor. Inson bir umr chet elda yashab, oila, farzand, tarbiya kabi mas’uliyatlardan uzoqda yurishi — bu noto‘g‘ri. Shuning uchun nasihatimiz: ayolingizning haqlarini ado eting. Aks holda unga erkinlik bering, u ham o‘z hayotini qursin. Ammo oila bo‘lib yashashga niyat bo‘lsa, iloji boricha yoniga boring, birga yashang. Chunki bola tarbiyasi, oila qadri, ayolni rozi qilish — bu dunyo va oxirat baxtining asosidir.

Bismillahir rohmanir rohiym. Alhamdulillah, vassalatu vassalamu ‘ala rasulillah, amma ba’d.

Bu holat juda og‘ir va, afsuski, keng tarqalgan muammo hisoblanadi. Ko‘p erkaklar ishlash, o‘qish yoki yashash maqsadida chet elga ketadi. Ba’zilari esa u yerda ikkinchi marta uylanib ham oladi. Bu yerda esa ayol bolalari bilan yolg‘iz qoladi, qishloqda umrini o‘tkazadi. Bu — zulmdir. Bu holatni hatto ayol ochiq aytib, talab qilmoqda.

Shariatda ayolning haqqi bor: er to‘rt oydan ortiq vaqt davomida bexabar yoki uzoqda bo‘lsa, ayol qoziga murojaat qilib, “erimni qaytaring yoki ajrating,” deb aytishga haqlidir. Agar ayol bu holatga norozilik bildirayotgan bo‘lsa, demak, u o‘z haqini talab qilyapti. Er agar uning haqqini bermasa, zolim bo‘ladi.

Er ayolini rozi qilishi shart. Ha, ba’zida ro‘zg‘or og‘ir, daromad kerak, lekin bu bahona bo‘lmasligi kerak. Agar er ayoliga tushuntirib, “Olti oyda borib-kelib ishlasam, pulim faqat yo‘lga ketadi, bir yil qolay,” desa, bu tushunarli. Lekin ayol ham, “Qachongacha sabr qilaman? Yillar o‘tib ketdi,” desa, u ham haq.

Savol tug‘iladi: uy-joy bo‘lsa, pul topib nima qilasiz? Axir, bolalar shu yerda, ayol shu yerda — ular bilan birga yashash kerak. Bu yerda yashab, bola-chaqaga qarab, oddiy hayot kechirganlar ochlikdan o‘lmaydi. Shunday bo‘lsa, ayolning “Yuring oldimga,” degani to‘g‘ri. Agar er rozi bo‘lmasa, demak, u tanlashi kerak: xotinni tanlaysizmi yoki pulni?

“Ayolim nima desa desin, men o‘zim bilganimni qilaman,” degan odam zulm qilgan bo‘ladi. U o‘lib ketsa, zulmda o‘lgan hisoblanadi. Qiyomatda bu ayol uning yoqasidan ushlaydi. Kim bunga rozi bo‘ladi?

Butun umr ishlab, kelib, katta uy qurib, dabdabali to‘y qilish — bu asosiy maqsad emas. Qancha odamlar peshona teri bilan topgan pulini bir kechada, bir san’atkorga berib yuboradi. Bu — aqlsizlik. O‘ta qo‘pol bo‘lsa ham, bu holatni aqlsizlik deb atashga to‘g‘ri keladi.

Inson hayotda nima uchun yashayotganini tushunib olishi kerak. Pul orttiraman deb umrni zoye qilmaslik kerak. Albatta, inson vaqtincha chet elga borib ishlashi, sharoitini to‘g‘rilashi mumkin — bu yaxshi. Lekin bir umr chet elda yashab, oila, farzand, tarbiya kabi mas’uliyatlardan uzoqda yurish — bu noto‘g‘ri.

Oilani qurish — bu faqat uy olish, to‘y qilish emas. Maqsad — farzand ko‘rish va tarbiya qilish. Asl maqsad qolib, tashqi ko‘rinishga, boylikka berilib ketish — bu juda katta xato.

Shuning uchun, hurmatli aka, sizga nasihatimiz: ayolingizning haqlarini ado eting. Unga quloq soling, maslahatiga quloq tuting. Agar chindan u bilan yashay olmasangiz, unga erkinlik bering, u ham o‘z hayotini qursin. Ammo oila bo‘lib yashashga niyat bo‘lsa, iloji boricha yoniga boring, birga yashang. Chunki bola tarbiyasi, oila qadri, ayolni rozi qilish — bu dunyo va oxirat baxtining asosidir.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Ustoz, turk ustozimdan eshitdim: og‘ir kasalga jamoaviy Yosin o‘qish — islomiy jihatdan to‘g‘rimi? Bu bid’atga kirmaydimi?

    June 4, 2025
  • Mahramsiz safarga chiqish shar’an joizmi?

    June 4, 2025
  • Namoz o‘qimaydigan odamga salom bermasa bo‘ladimi?

    June 4, 2025
  • Ovqatdan soch tolasi chiqishi va ovqat pishirgan kishini malomat qilishish haqida.

    June 4, 2025
  • Qaynota kelinga mahrammi? Uning oldida ro‘molsiz yurish va yolg‘iz qolish mumkinmi?

    June 3, 2025
  • Erkak kishi ayolining soliha dugonalaridan ajratishi joizmi?

    June 3, 2025