Bismillah, vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillah, amma ba’d.
Albatta, joiz bo‘ladi. Faqat bu yerda inson tafriqani bilishi kerak. Ya’ni, nimani eshitayotganini, nimani o‘rganayotganini ajratib olishi lozim. Foydali joyidan foydalanish kerak. Mo‘min kishi asalari kabi bo‘ladi — bu gapni ko‘p takrorlaymiz. Asalari foydali narsani qayerda topsa, o‘sha yerdan oladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytganlaridek:
“Iztahiris ‘ala ma yanfa’uka, wasta’in billah, wa la ta’jiz.”
Ya’ni: “Senga foydali bo‘lgan narsaga harakat qil, Allohdan yordam so‘ra va ojizlik qilma.”
Shunday ekan, inson doimo foydali narsani izlaydi va undan foydalanadi. Masalan, Imom G‘azoliy, Juvayniy yoki Roziy kabi ulamolarning yozgan kitoblarida foydali gaplar ko‘p. Ularni bilim bilan o‘rgangan kishi o‘sha foydali ilm va darslardan foydalanishi mumkin. Biroq bu — bilim bilan, tafriqani tushunib foydalangan holatda bo‘lishi kerak.
Mo‘min kishi qayerda manfaat bo‘lsa, qayerda haqiqat bo‘lsa, o‘sha haqiqatni olishni bilishi kerak. Bu ham hikmatdan hisoblanadi. Agar hamma narsani “bu yomon”, “u noto‘g‘ri” deb tashlab yuborilsa, ko‘p narsalardan mosuvo bo‘lib qoladi.
Lekin bir narsa borki — ulamolar ahli bid’atdan ogohlantirishgan. Bu masalaning o‘ziga xos fiqhiy asoslari bor. Ya’ni, agar bir kishi bid’at e’tiqodiga ega bo‘lib, o‘z da’vatida, so‘zlarida doim o‘sha bid’atini targ‘ib qilsa, odamlarni adashtiradigan bo‘lsa, hatto nafs ilmi (nahv)dan dars bersa ham, o‘sha darsida aqidaviy zaharlarni singdirishga harakat qilsa — bu juda xavfli holat.
Masalan, shialar — agar ular zuhud haqida foydali gaplarni aytsa ham, u yerda shia e’tiqodi aralashgan bo‘lsa, undan foydalanib bo‘lmaydi. Chunki ularning zuhudi boshqa maqsad bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ilm o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi uchun ahli sunnaning olimlari, ulamolari, ularning kitoblari yetarli. Alhamdulillah, bu borada imkoniyatlar bor. Haqiqat zohir, sunnat zohir. Haqni izlagan kishi uni topadi, inshaalloh.
Agar bir inson zalolat da’vatchisi bo‘lsa, undan ehtiyot bo‘lish lozim. Lekin hamma bid’atga yo‘l qo‘ygan odam ham da’vatchi bo‘lmaydi. Ba’zida kimdir xato qilib, ahli bid’atning so‘zini aytib qo‘yishi mumkin. Bu bilan uni darhol “zalolat ahli” deb hukm qilish to‘g‘ri emas.
Masalan, kimdir mu’tazila gapini aytib qo‘ysa, bu uni darhol mu’taziliy qilib qo‘ymaydi. Faqat shu masalada mu’tazilalarning fikrini aytib qo‘ydi, deyiladi. Uni birdan “zalolat ahli” deb tamg‘alashning o‘zi ham alohida masala.
Inson ba’zida adashadi, ahli sunnatga zid gap aytib qo‘yishi mumkin. Lekin bu bilan u butkul yo‘ldan chiqqan, ado bo‘lgan deyilmaydi. U ogohlantiriladi — masalan: “Falon domlaning falon ma’ruzasidagi mana bu joyi noto‘g‘ri” deyiladi. Har kim xato qiladi. Xato qilmaydigan inson yo‘q. Ammo bu xatolik uni ahli bid’atga chiqarishga asos bo‘lmaydi.
Agar xatolari ko‘paysa, odamlar undan ogohlantiriladi. Hatto ba’zida shaxsidan ogohlantiriladi: “Bu insonning da’vatini tinglamanglar, unga ergashmanglar” deyiladi. Bu — agar u kishi zalolat da’vatchisiga aylangan bo‘lsa. Ammo ba’zilar bor — umr bo‘yi foydali ish qilgan, dars bergan, da’vat qilgan. Xatolari ko‘p bo‘lsa ham, o‘sha xatolaridan ogohlantiriladi, xolos. Shaxsiy jihatdan emas, so‘zlaridagi xatolikdan ogohlantiriladi.
Shunday qilib, har bir holatga noziklik bilan yondashish lozim. Vallohu a’lam.