Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >15 yoshli qiz bolaga telefon olib berish.

15 yoshli qiz bolaga telefon olib berish.

Nashr sanasi: September 14, 2025

Savol :

Ustoz, 15 yoshli tolibi ilm qizimiz telefon olib berishimizni iltimos qilyapti. Nima qilsak, to‘g‘ri qilgan bo‘lamiz?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Telefon bir tomondan balo, boshqa tomondan ne’mat. Unda katta foyda ham, katta zarar ham bor. Ota-ona farzandiga telefon olib beradigan bo‘lsa, avvalo undan to‘g‘ri foydalanish odobini — gunoh va ma’siyatlardan saqlanishni o‘rgatishi va doimiy nazorat qilishi kerak.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Hozirgi kunda telefonni bir tomondan balo, boshqa tomondan ne’mat desa ham bo‘ladi. Chunki unda juda katta yomonliklar ham bor, juda katta foydalar ham bor. Shuning uchun ota-ona bolaga telefon berayotganda shuni nazorat qilishga qodir bo‘lsa, olib berish mumkin. Lekin nazorat qilolmasa, telefonni interneti bilan qo‘liga berib qo‘ysa, bola qanday xohlasa shunday foydalansa, bu ota-onaning o‘z qo‘li bilan farzandini buzishi bo‘ladi.

Telefon ichida qancha yomonliklar bor. Shuning uchun ota-ona doimo kuzatib turishi kerak: nimalarni ko‘rayapti, qayerga kirayapti, kim bilan suhbat qilyapti — buni nazorat qilsa bo‘ladi. Agar nazorat qilolmasa, juda qiyin. Hammamiz buni ko‘ryapmiz, telefon yoshlarga ham, kattalarga ham ta’sir qilayapti. Bizning yoshligimizda telefon yo‘q edi, odamlar bir-biriga samimiy gapirar, suhbatlar bo‘lardi. Hozir esa odamlar yonma-yon o‘tirsa ham, har kim o‘z telefoniga termulib qoladi.

Telefon — butun dunyo qo‘lingizda degan gap. Ichida juda ko‘p foydali narsalar ham bor: darslar, foydali ma’lumotlar. Ammo yomonliklari ham ko‘p. Mo‘min kishi asalari kabi bo‘lishi kerak — faqat foydalisini olishi kerak. Shuni yoshlarga o‘rgatish lozim.

Telefon olib berishdan oldin qizingizga telefonning “fiqhini” — undan qanday foydalanishni, gunoh ishlarni tushuntirish kerak. Telefon orqali qancha ma’siyatlar bo‘layapti: yigit-qizlarning gaplashib qolishi, surat almashishlari, keyinchalik ularning oilalari buzilib ketayotgani ham ko‘p uchraydi. Shuning uchun ota-ona avval tarbiyani to‘g‘ri berishi kerak.

Hozirgi kunda butun tengdoshlarda telefon bor, ota-ona olib bermasa ham, qiz yig‘layveradi, o‘zi ham keyin baribir qo‘liga telefon ushlaydi. 15 yoshida bo‘lmasa, 17 yoki 18 yoshida baribir telefon oladi. Shuning uchun hozirdan unga tarbiyani berib, foydalanish odobini o‘rgatib qo‘yish kerak. Telefon berilsa, doimiy kuzatuvda bo‘lishi lozim.

Xullas, telefonni olib berishdan oldin tarbiya va nazoratni qo‘lga olish kerak. Shunda foydasidan foydalanadi, zarari kamayadi.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Sotilgan chiptalardan tushgan bonuslar evaziga boshqa insonlarga chipta olib bersa bo’ladimi?

    October 10, 2025
  • Qarzga pul so‘rash o‘rniga muddatli to‘lovga mashina oldirish haqida savol.

    October 7, 2025
  • Yoshligida yigitlar bilan gaplashgan qizlar erga tekkach bu ishini aytishi kerakmi?

    October 7, 2025
  • Emizikli boladan ortgan ovqatni otasi yesa bo‘lmaydimi?

    October 7, 2025
  • Otasi urushqoq xo‘roz yetishtirib sotadigan yigitning savoli.

    October 6, 2025
  • Noila deb ism qo‘yish hukmi.

    October 6, 2025