Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin
Endi nasihatim — ilm o‘rganishda davom eting. Aqida, iymon o‘rganish masalasi bir kunlik, ikki kunlik masala emas. Bu umr masalasi, to‘xtamaydigan masala.
Biz “aqida” deganda, aqida kitoblarida o‘rganayotgan narsalarimiz bor. Masalan, muayyan aqida kitoblarida ko‘proq nazariy qoidalar o‘rgatiladi. Buning o‘zi bilan iymon hosil bo‘lmaydi. Iymonning hosil bo‘lishi va ziyoda bo‘lishi Qur’on o‘qish, Qur’on ma’nolarini tushunish bilan bo‘ladi.
Biz uchun eng katta aqida kitobi — Qur’on. Alloh taolo aqida uchun Qur’onni nozil qildi. Rasululloh ﷺ alohida aqida kitobi yozganlari yo‘q-ku. Alloh taolo mo‘minlarga nima tushirdi? Qur’on tushirdi. Qur’on va Sunnat — mana shu bizga aqida.
Mana shu Qur’on-u Sunnatni mustahkam o‘rgansa, odam aqida sohibi bo‘ladi. Aqida shuning ichida, hammasi bor. Keyinchalik yozilgan aqida kitoblarimiz esa Qur’on va Sunnatdagi aqidaga oid oyatlar, hadislar va qoidalarni bizga tushuntirib beradi.
Lekin aslida iymonning hosil bo‘lishi, ziyoda bo‘lishi Qur’on bilan bo‘ladi. Shuning uchun tafsir darslarini ko‘p eshiting, tafsir kitoblarini o‘qing. Ana shunda iymon ziyoda bo‘ladi.
Haqiqatan, to‘g‘ri, iymon birinchi o‘rinda. U birodaringizning aytgan gapi ham to‘g‘ri. Tavhid, iymon birinchi o‘rinda va oxirgi o‘rinda ham shu. Bizning hayotimiz boshidan oxirigacha iymon va tavhidda o‘tishi kerak.
Lekin bu degani muayyan kitoblarni yodlab olish degani emas. O‘sha kitoblarni yodlamay ham odam aqida sohibi bo‘lishi mumkinmi? Bo‘lishi mumkin. Sahobalar “Aqida Tahoviya”ni o‘qiganmidi? Sahobalar davrida “Aqida Tahoviya”, “Aqida Nasafiya” degan kitoblar yo‘q edi-ku. Boshqa aqida va sunnat kitoblarining hech qaysisi yo‘q edi. Nima bilan iymonli bo‘ldilar ular? Qanday mo‘min bo‘ldilar? Qanday qilib iymonlari ziyoda bo‘ldi? Qur’on bilan.
Shuning uchun mana shu narsaga ko‘proq e’tibor bering. Qur’on ilmiga e’tibor bering, Qur’onni ko‘proq o‘qing, tafsirlarni ko‘proq eshiting. Shu bilan birga, o‘sha aqida kitoblarini o‘rganishda, eshitishda ham davom eting.
Chunki ular odamni to‘g‘rilaydi. Masalan, ba’zi joylarda nimalarga e’tibor berish kerakligini, nimalarni yodlash va nimalardan saqlanish kerakligini o‘rgatadi.
Gapingiz to‘g‘ri. Odam rabboniy olim bo‘lish uchun, albatta, ilmiga amal qilishi kerak. Iymon sohibi, aqidani biladigan odam degani — uch-to‘rtta kitobni yodlab olib, odamlarga faxrlanib, hammani g‘iybat qilib, ustidan kulib yurgan odam degani emas. Bu — bir-ikkita kitob yodlagan odam, deyiladi.
Iymon insonning qalbida joylashadigan narsa. Imom Ahmad aytganlari kabi:
«لَيْسَ الْعِلْمُ بِكَثْرَةِ الرِّوَايَةِ، إِنَّمَا الْعِلْمُ الْخَشْيَةُ»
Ilm ko‘p rivoyat qilish bilan bo‘lmaydi. Ilm — Allohdan qo‘rqishdir.
Alloh taolo aytadi:
﴿إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاءُ﴾
“Allohdan bandalari ichida ulamolargina qo‘rqurlar.”
Ya’ni Allohdan qo‘rqqan odam olim hisoblanadi. Allohdan qo‘rqmagan odam, aqida kitoblarini u yoqdan kirib, bu yoqdan chiqib ketgan bo‘lsa ham, olim deyilmaydi.
Shuning uchun mana shu narsada, o‘ylaymanki, yoshlarda ifrot-tafrit bor. “Aqida, aqida”, “tavhid, ummat, aqida, tavhid, e’tiqod”, deb gapirgan bilan odam e’tiqodli bo‘lib qolmaydi. Bu narsa hayotda yashash bilan bo‘ladi, birovning molini yemaslik bilan bo‘ladi.
Mana, o‘nta aqida kitobini yodlab tashlagan, lekin bir omonat bersangiz, yeb qo‘yadi. Qarz bersangiz, vaqtida qaytarmaydi. Birga sherik bo‘lib ishlasangiz, sizni tushirib ketadi. Keyin: “Birodar, Alloh rozi bo‘lsin sizdan”, deydi.
Yoki o‘sha “aqida sohibiman” degan odamning oilasiga e’tibor bersangiz, xotinining haqqini ado qilyaptimi, yo‘qmi? Bitta xotini bo‘ladi, o‘shani ham qon qilib yurgan bo‘ladi. Ya’ni hayotiga qarasangiz, e’tiqodni yoki Alloh taologa bog‘lanishni ko‘rmaysiz. Lekin bu yoqdan yaxshi-yaxshi gaplar gapiriladi, kitoblar yodlangan bo‘ladi, hammaning ustidan kulib yuradi.
Bu — aqida sohibi degani emas.
Shuning uchun ham iymonli odam mutavozе bo‘ladi. Iymonli odam odamlarga yaxshilik qiluvchi bo‘ladi. Iymon mana shunday narsa. Iymon odamning qalbiga kirgandan keyin o‘zining samarasini bermay qo‘ymaydi.
Shuning uchun oldin ko‘cha bezorisi bo‘lib yurgan odamlar ham iymonli bo‘lgandan keyin qanday yumshoq, yaxshi odam bo‘lib qoladi. Birovga yomonlik qilolmay qoladi. Oldin hammani qiynab yurgan odam endi oyatlar o‘qilsa ko‘ziga yosh keladigan, namoz o‘qisa yig‘laydigan, yumshoq odam bo‘lib qoladi.
Nimadan bu? Iymondan.
Iymon odamning qalbiga kirsa, xuddi suv qattiq yerga kirgandan keyin yer yumshagani kabi qalb ham yumshaydi. Yer yumshab, ko‘tarilib, o‘z ichidagi o‘t-o‘lanlarni ko‘kartirgani kabi, iymon insonning qalbiga kirgandan keyin qalb, birinchi o‘rinda, yumshaydi va albatta o‘z samarasini beradi.
Bu samara chiqmayapti degani — demak, iymon qalbga kirmayapti degani.
“Tavhid, aqida, ummat, e’tiqod”, degan gaplarni ming marta gapirgan bilan odam e’tiqodli bo‘lib qolmaydi, tavhid sohibi bo‘lib qolmaydi. Bu narsa hayot bilan, yashash bilan, amal qilish bilan bo‘ladigan narsa.
Vallohu a’lam.