Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Avvalo, Alloh taolo sizga bu musibatning o‘rnini yaxshilik bilan to‘ldirsin va sizlarga chiroyli sabr ato etsin.
Alhamdulillah, farzandingiz tolibi ilm edi, Qur’on yodlayotgan edi. Inshaalloh, Qiyomat kuni u siz va otasi uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi, deb Allohdan umid qilamiz.
Farzand dog‘i juda og‘ir musibat. Lekin kim sabr qilsa, uning ajri ham ulkan bo‘ladi. Shuning uchun sabr qiling va Allohdan bu musibatning o‘rniga undan ham yaxshiroq ne’mat ato etishini so‘rang.
Alloh taolo hech bir bandani toqatidan tashqari narsa bilan sinamaydi. Har bir insonning umri belgilangan. Kimga qancha umr yozilgan bo‘lsa, shuncha yashaydi. Farzandingizning ham ajali shu paytda yetgan ekan. Inson ajalini na oldinga sura oladi, na orqaga kechiktira oladi. Bu bizning iymonimizdir.
Yodingizda bo‘lsin, bugun G‘azzada ham har kuni yuzlab norasida bolalar shahid bo‘lmoqda. Ularning ota-onalari ham mana shunday og‘ir sinovni boshdan kechirmoqda. Bu dunyo sinov joyidir.
Alloh taolo aytadi:
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا
«U Zot o‘lim va hayotni sizlarni imtihon qilish uchun yaratdi.»
(Mulk surasi, 67:2)
Rasululloh ﷺga ham Alloh taolo:
إِنَّكَ مَيِّتٌۭ وَإِنَّهُم مَّيِّتُونَ ٣٠
«Albatta, siz ham vafot etasiz, ular ham vafot etadilar», deb marhamat qilgan.
(Zumar surasi, 39:30)
Demak, bu hayotga kelgan har bir inson albatta o‘ladi.
Mo‘min uchun o‘lim aslida karomatdir. Ayniqsa, farzandingiz ilm yo‘lida bo‘lgan va dengizda cho‘kib vafot etgan bo‘lsa, Rasululloh ﷺ sahih hadisda:
«Cho‘kib vafot etgan kishi shahiddir», deganlar.
Inshaalloh, u shahidlar hukmida bo‘ladi va Allohning izni bilan sizlarga shafoatchi bo‘ladi.
Sizlarga tavsiyamiz — chiroyli sabr qilish, Allohdan ajr kutish va ko‘p duo qilishdir.
Rasululloh ﷺ musibat yetganda shunday duo qilishni o‘rgatganlar:
«Allohim! Bu musibatim uchun menga ajr ber, uning o‘rniga undan ham yaxshisini ato et.»
Kim bu duoni ixlos bilan aytsa, Alloh taolo undan olgan narsasining o‘rniga undan ham yaxshisini beradi.
Shuning uchun Allohdan ajr umid qiling, sabrni mahkam tuting va farzandingiz uchun duo qilishda davom eting.
Vallohu a’lam.