Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Mutaassiblikning zararlari haqida.

Mutaassiblikning zararlari haqida.

Nashr sanasi: June 12, 2026

Savol :

Ustoz, mutaassiblik va uning zararlari haqida tushuncha bersangiz.

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Mutaassiblik deganda dalilga e’tibor bermasdan, haqiqatni izlamasdan, faqat o‘z fikrini o‘tkazishga urinish tushuniladi. Ya’ni insonning dalil bilan ishi bo‘lmay, har qanday holatda ham o‘zinikini to‘g‘ri deb turib olishi mutaassiblikdir.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Mutaassiblik deganda dalilga e’tibor bermasdan, haqiqatni izlamasdan, faqat o‘z fikrini o‘tkazishga urinish tushuniladi. Ya’ni insonning dalil bilan ishi bo‘lmay, har qanday holatda ham o‘zinikini to‘g‘ri deb turib olishi mutaassiblikdir.

Mutaassiblikning sabablari ko‘p, ammo uning eng asosiy sababi johillikdir. Shuningdek, mutakabbirlik, ya’ni «meniki bo‘lishi kerak» degan kibr ham mutaassiblikka olib keladi. Bunday odam uchun dalilning ahamiyati qolmaydi.

Bu juda katta kamchilik va katta xatodir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashgan inson mutaassib bo‘lmaydi. U dalil qayerda bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilgan ekanlar desa, o‘sha dalilga ergashadi.

Masalan, Mustavrid ibn Shaddod roziyallohu anhu Amr ibn Os roziyallohu anhu huzurlarida o‘tirib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiyomat yaqinida Rum xalqi ko‘payishi haqidagi hadisini zikr qilganlar.

Avvaliga Amr ibn Os roziyallohu anhu bunga ajablanadilar. Chunki musulmonlar Rum bilan jang qilib, ularning ko‘plarini mag‘lub etayotgan edi. Ammo Mustavrid roziyallohu anhu:

— Men buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman, — deganlarida, Amr ibn Os roziyallohu anhu darhol hadisga taslim bo‘lib, Rum xalqining ayrim yaxshi sifatlarini zikr qila boshlaydilar.

Mana shu sahobalarning holati. Ularda taassub yo‘q edi. Agar mutaassib bo‘lganlarida: «Rasululloh aytgan bo‘lsalar ham, bu gapni qabul qilish qiyin», deb turib olgan bo‘lardilar. Lekin sahobalardan bunday narsa kutilmaydi.

Shuning uchun inson bir narsani to‘g‘ri deb yurgan bo‘lsa-yu, keyin sahih hadis yoki aniq dalil kelib qolsa, o‘sha dalilga ergashishi kerak. Bu — haqga ergashishdir.

Ammo dalil kelganidan keyin ham o‘z fikridan qaytmaslik, haqni bilib turib qabul qilmaslik — mutaassiblikdir.

Mutaassiblik juda yomon illatdir. Uning zararlarini bugun o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz.

Mutaassiblik odamlar orasida nafrat uyg‘otadi. Mutaassiblik ixtilof va adovatga sabab bo‘ladi. Odamlar bir-birlari bilan urishib ketadilar.

Hatto ba’zan bitta masjid ichida ham janjallar chiqadi. Yaqinda bir masjidda bir kishi «Omin» degani uchun boshqasining og‘ziga urib yuborgan ekan.

Mana bu mutaassiblikdir.

Bugun og‘ziga uradi, ertaga pichoq ishlatadi, undan keyin qavm-qarindoshlar aralashadi, katta adovat paydo bo‘ladi. Hatto ayrim hollarda davlatlar orasidagi urushlarga ham mutaassiblik sabab bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun inson bag‘rikeng bo‘lishi kerak. Taassubdan qutulishi kerak.

Bizning dinimiz mutaassiblikka qarshi dindir.

Mazhablar orasidagi ixtiloflar qadimdan mavjud bo‘lgan. Odamlar odatda to‘rtta mazhabni biladilar. Aslida esa tarixda yuzlab mazhablar bo‘lgan. Faqat to‘rtta mazhab ko‘proq mashhur bo‘lib, kitoblari keng tarqalgan.

Masalan, Imom Avzoiyning, Abdulloh ibn Muborakning, Sha’biyning, Sufyon Savriyning, Sufyon ibn Uyaynaning, Lays ibn Sa’dning va boshqa ko‘plab mujtahid ulamolarning ham mazhablari bo‘lgan.

Ularning barchasi mujtahid olimlar bo‘lganlar va ularga hurmat bilan qarashimiz kerak.

Mazhablar orasida ko‘plab fiqhiy ixtiloflar mavjud.

Masalan, Shofe’iy mazhabida ayol kishining qo‘liga tegish tahoratni buzadi, Hanafiy mazhabida esa buzmaydi.

Agar inson mutaassib bo‘lsa, mana shu kabi masalalarda boshqalarni qabul qilolmay qoladi. Natijada ixtiloflar kattalashib ketadi.

Tarixda hattoki ayrim mutaassib kishilar: «Hanafiy Shofe’iyga uylanishi mumkinmi?» degan darajagacha borib qolganlar.

Bularning barchasi mutaassiblikning achchiq natijalaridir.

Mutaassiblikning ildizi esa asosan ikki narsadan iborat:

Birinchisi — johillik.

Ikkinchisi — mutakabbirlik.

Johillik bilan kibr birlashsa, mukammal mutaassiblik paydo bo‘ladi.

Ba’zan odam bir masalaga faqat o‘z nuqtai nazaridan qaraydi. Holbuki, boshqa tomondan qaraganda masala boshqacha ko‘rinishi mumkin.

Masalan, yerga «6» sonini yozib qo‘ysangiz, bir tomondan qaragan odamga u olti bo‘lib ko‘rinadi, qarama-qarshi tomondan qaragan odamga esa to‘qqiz bo‘lib ko‘rinadi.

Har ikkisi ham o‘zi ko‘rayotgan narsani aytyapti.

Demak, ayrim ixtiloflar masalaga qaysi tomondan qaralayotganiga ham bog‘liq bo‘ladi.

Shuning uchun biz doimo bag‘rikenglikka chaqiramiz. Bir-birimizni tushunishga harakat qilishimiz kerak.

Biz shunday ummatmizki, agar ahli kitob ayoliga uylansak, unga yaxshi muomala qilishimiz shariat talabidir. Agar yahudiy qo‘shnimiz bo‘lsa, unga yaxshi qo‘shni bo‘lishimiz kerak. Agar yahudiy bilan sherik bo‘lib ishlasak, unga vafodor sherik bo‘lishimiz kerak.

Shariatimiz bizga mana shuni o‘rgatadi.

Agar Islom bizga boshqa din vakillari bilan ham adolat va yaxshi muomala qilishni buyurgan bo‘lsa, unda qanday qilib bir musulmon boshqa musulmon bilan fiqhiy ixtilof sababli adovat qilishi mumkin?

Ayrim odamlar sunnatga amal qilayotgan kishidan g‘azablanadi. Holbuki, o‘ylab ko‘rish kerak: ixtilof sunnatga amal qilishdan kelib chiqyaptimi yoki sunnatga amal qilishni man qilishdanmi?

Ko‘pincha mutaassib inson o‘zi bilmagan holda ko‘plab muammolarga sabab bo‘ladi. Ba’zan esa o‘zi sezmagan holda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga qarshi chiqib qoladi.

Alloh taolo barchamizni hidoyat qilsin va isloh etsin.

Alhamdulillah, bugungi kunda odamlarning tushunchalari kengayib bormoqda. Mazhablar orasidagi bag‘rikenglik ham asta-sekin ortib bormoqda.

Ilm va saviya oshgan sari taassub kamayib boradi.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Men ilm olmoqchiman, ota-onam esa uylantirmoqchi. Maslahat bering.

    June 3, 2026
  • Tovarga asl narxidan balandroq narx qo‘yib, keyin arzonlatib asl narxiga sotish joizmi?

    May 25, 2026
  • Ziyofat o‘tirishlar va silai rahm tushunchasi.

    May 19, 2026
  • Sug‘urta kompaniyasi foiz olishi mumkin bo‘lgan holatga oid savol.

    May 19, 2026
  • Dropshopping biznes modeli halolmi?

    May 12, 2026
  • Qanday ilmga amal qilish farz?

    May 5, 2026