Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salavot va salomlar bo‘lsin.
Bu yerda ozgina tushunchaning noto‘g‘riligini ko‘ryapman. Qiyinchilikni Alloh taolodan so‘rab bo‘lmaydi. Inson o‘ziga qiyinchilikni tilamasligi kerak. Alloh taolodan har doim ofiyat, tinchlik va xotirjamlik so‘raladi. Rasululloh ﷺning duolari orasida doim sog‘lik, tinchlik va salomatlik so‘ralgan.
Siz aytayotgan holat — bu ne’matni qadrlashdir. Bor imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanish — bu muhim. Buning uchun odam o‘zini albatta qiynab, og‘ir holatlarga tushirishi shart emas. Aksincha, berilgan ne’matni tan olish, u ne’mat qayerdan kelganini anglash, Allohnikiligini tushunish kerak. “Biz Allohnikimiz va albatta Unga qaytamiz” degan tushuncha ongda bo‘lishi kerak.
Agar inson shu tushunchani anglab yetsa, boy bo‘lsa ham, kambag‘al bo‘lsa ham o‘z holatida mu’tadil yuradi. Kambag‘al bo‘lsa — tushkunlikka tushmaydi, boy bo‘lsa — haddan oshmaydi. Alloh bergan ne’matni Alloh yo‘lida sarflaydi. Bu tushuncha to‘g‘ri bo‘lsa, farovonlikda ulg‘aygan inson ham halokatga uchramaydi.
Lekin farzandga nima desa, hammasini olib beraversangiz-u, unga tushuncha bermasangiz, u inson hayotda hech narsaga erisholmaydigan, jamiyatga foydasi bo‘lmaydigan kishiga aylanishi mumkin. Biroq farovonlikda ulg‘aygan farzandni to‘g‘ri tarbiyalasangiz — ilm bilan, aql bilan, ma’naviyat bilan yo‘naltirsangiz, u yuksak inson bo‘lib voyaga yetadi.
Oldin xalifalar farzandlariga muaddiblar tayinlashgan. Bu muaddiblar ularni Qur’on, sunnat, siyosiy tafakkur, jismoniy tayyorgarlik bilan tarbiyalagan. Barchasi Qur’onni yod olgan, sunnatni o‘rgangan, kamon otish, ot minish kabi amaliy mashg‘ulotlar bilan chiniqqan kuchli yigitlar bo‘lib yetishgan.
Demak, asosiy narsa — to‘g‘ri tarbiya. O‘zini qasddan qiynab, odam bo‘lib ketadi degan tushuncha noto‘g‘ri. Chunki hamma ham qiynalib to‘g‘rilanavermaydi. Bugun Afrikadagi yoki boshqa joylardagi og‘ir hayotda yashayotgan odamlar ko‘p, lekin ularning aksariyati shu qiynalishda davom etmoqda, yuksalib ketgani yo‘q.
Shuning uchun ham tushunchani to‘g‘rilash kerak. Qiyinchilik shart emas — tushuncha kerak. Agar insonda tushuncha bo‘lmasa, u qiynalganidan foyda yo‘q. O‘ziga qasddan qiyinchilik tilash noto‘g‘ri.
Saba’ qavmi haqida Qur’onda keltirilganidek, Alloh ularga ne’mat bergan, lekin ular bu ne’matdan zerikib, nonkorlik qilgan. Shu sababli halok bo‘lishgan.
Allohu A’lam