Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Ikkita savol berilgan:
Birinchi savol – Qur’onni tahoratsiz o‘qish joizmi?
Aksar ulamolar nazarida tahoratsiz o‘qish joiz hisoblanadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam va Ibn Abbas roziyallohu anhu Maymuna onamizning uylarida tunaganlarida, Ibn Abbas roziyallohu anhu Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning kechani qanday o‘tkazganliklarini rivoyat qiladilar. Bu hadis Buxoriy va Muslimda sahih kelgan va boshqa sunanlarda ham rivoyat qilingan mashhur hadisdir.
Shu hadishda Ibn Abbas bir kecha Maymuna onamizning uylarida tunaydilar. Kechaning yarmi bo‘lganda yoki biroz oldinroq yoki keyinroq Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uyqudan uyg‘onadilar. Uyg‘onib, ko‘zlarini ishqalaydilar va tahorat qilishidan oldin “Oli Imron” surasining oxiridan 10 oyat o‘qiydilar. Keyin borib tahorat olib namozga turadilar. Hadis shu tarzda davom etadi.
Mana shu hadisni ulamolar dalil qilganlar. Hadisda hatto “shu darajada uxladilarki, xurrak otayotgan edilar” deb keladi. Demak, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat olmasdan Qur’on o‘qiganlar. Ulamolar buni tahoratsiz Qur’on o‘qishning joiz ekanligiga dalil qilib ko‘rsatganlar.
Biroq, shuni ta’kidlash kerakki, Qur’onni o‘qish va Qur’onni ushlash bir-biridan farqli. Qur’onni tahoratsiz ushlab bo‘lmaydi. Bu masalada aksar ulamolar, jumladan, to‘rt mazhab ulamolari ittifoq qilganlar.
Alloh taolo aytadi:
لَّا يَمَسُّهُۥٓ إِلَّا ٱلْمُطَهَّرُونَ
“Uni faqat pokizalargina ushlaydilar.”
Oyatdagi zamir “Lavhul-Mahfuz”ga ishora qiladi, desak ham, Lavhul-Mahfuzdagi Allohning kalomini faqat pokizalar ushlaydi. Shunday ekan, yerda nozil qilingan Kitobni ham pokizalar ushlaydi, degan ma’no bor, deyishadi.
Hadisda esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yozgan maktublari bor unda:
“Qur’onni faqat pok kishilargina ushlasin.” deyilgan.
Bu hadis ham ulamolar uchun dalil hisoblanadi.
Shuning uchun Qur’onni qo‘lga olib o‘qish uchun tahoratli bo‘lishi shart, lekin tahoratsiz yoddan o‘qish joiz. Ba’zilar shu ikki masalani chalkashtirib yuborishadi. Agar Qur’onni qo‘lga olib o‘qimoqchi bo‘lsa, tahoratsiz ushlamasligi kerak. Bir joydan ikkinchi joyga olib qo‘ymoqchi bo‘lsa va tahorat yo‘q bo‘lsa, unga qo‘l tegizish mumkin emas.
Ikkinchi savol – Qur’onni kindikdan pastroqda ushlash joizmi yoki bu Qur’onga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadimi?
Qur’onni ehtirom qilish vojib. Ulamolar bu masalada ittifoq qilganlar. Qur’onga hurmatsizlik qilish harom.
Alloh taolo aytadi:
مَّرْفُوعَةٍۢ مُّطَهَّرَةٍۭ
Maloikalar qo‘lidagi sahifalar “qadri baland va pokdir.” deb sifatladi.
Shuning uchun mo‘min kishi Allohning kalomini qadrlashi kerak. Qur’onga nisbatan hurmatsizlik va ehtiromga zid amallar urf-odatga qarab aniqlanadi.
Qur’onni kindikdan pastda ushlash hurmatsizlik hisoblanadimi?
Agar talabalar madrasaga borayotganlarida Qur’onni qo‘liga olib ketsa va Qur’on kindikdan pastroqda tursa, bu hurmatsizlik emas. Kimdir Qur’onni yuqori ko‘tarib boradigan bo‘lsa, bu hurmatning nishonasi va nur ustiga nur. Lekin, agar kimdir Qur’onni pastroqda ushlab borsa yoki sumkaga solib olib yursa, buning zarari yo‘q.
Ulamolar:
“Qur’onni qo‘li tolib ketib, soniga qo‘yib o‘qishi joiz, bu hurmatsizlikka kirmaydi,” – deyishgan.
Xuddi shu tarzda, agar odam jaynamo‘zda o‘tirib Qur’on o‘qisa va sajda oyati kelib qolsa, uni yerga (jaynamo‘z ustiga) qo‘yib sajda qilishi mumkin. Bu ham hurmatsizlik hisoblanmaydi.
Lekin, Qur’onni haqiqiy hurmatsizlik bilan qo‘yish, masalan, oyoq uzatish, ustiga bosish, yerga tashlash kabi amallar qoralanadi.
Ba’zi ulamolar bu haqda shunday deganlar:
Qur’on tarafga oyoq uzatish – makruh yoki ba’zilar nazarida harom.
Qur’on yerda turgan bo‘lsa, oyoq uzatmaslik kerak.
Agar Qur’on baland joyda (masalan, tokchada) bo‘lsa, oyoq uzatishning zarari yo‘q.
Qur’onni oyoq ostida qoldirish va uni yerga tashlash harom hisoblanadi.
Qur’onga hurmat qilish vojib, ammo haddan tashqari g’uluvga ham ketmaslik kerak. Masalan, ayrimlar:
“Qur’on bor xonaga necha yillardan beri tahoratsiz kirmayman deyishadi”
“Qur’on bor xonada uxlamayman, mendan yel chiqib ketishi mumkin deyishadi”
“Qur’on bor xonada juftlik munosabati qilmayman,” – deb g‘uluvga ketib qolishadi.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar davrida bir xonada ham Qur’on sahifalari saqlangan va odamlar turli ishlarini bajarganlar. Shunday ekan, haddan tashqari hassoslik qilish to‘g‘ri emas.
Iloji boricha Qur’onga hurmat qilish yaxshi. Masalan, kindik tepasida olib yurish afzal, lekin agar pastga tushib qolsa ham bu joiz hisoblanadi.
Vallohu A’lam.