Ustoz, mening otam namoz o‘qimaydilar. U kishini namozga chaqirishga harakat qildim, lekin gaplarimni qabul qilmayaptilar. Ba’zida: “Sen kichkina bo‘lib turib menga o‘rgatmoqchimisan?” — deb aytadilar. Otam yomon odam emas, dinni inkor qilmaydilar. Ramazonda ro‘za tutadilar, zakot beradilar, lekin hali namozni boshlamaganlar. Hozir yoshlari 60 ga borib qoldi. Bu hol meni juda xavotirga solmoqda. Ustoz, qanday qilib otamni ko‘ngillariga og‘ir botmaydigan tarzda namozga chaqirishim mumkin? Iltimos, ular uchun duo ham qilib qo‘ying.
In shaa Alloh, otangiz ham bir kun kelib namoz o‘qiydilar. Siz umidni uzmang. Bunday holatda eng muhim narsa — sabr va hikmat bilan yondashishdir.
Eng avvalo, otangizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri nasihat qilishdan ko‘ra, ularga tengdosh yoki ulardan sal kattaroq, o‘zlari hurmat qiladigan bir inson orqali maslahat yetkazish foydali bo‘ladi. Masalan, mahalladagi obro‘li bir hoji aka, imom, do‘st yoki qarindoshdan iltimos qiling. U kishi bilan birga masjidga borish taklif qilinsin — “Yur, bugun birga jumaga boraylik”, “Birga namoz o‘qib kelaylik” kabi yumshoq, samimiy takliflar bo‘lsin.
Shuningdek, u kishiga din haqida qisqa, ta’sirli ma’ruzalarni eshittiring, yoki Qur’ondan go‘zal oyatlar, namozning foydalari haqida hikmatli gaplar eslatib turing. Bularni bevosita emas, yonma-yon, holatga mos, xushmuomala shaklda yetkazish eng yaxshi yo‘ldir.
Siz xizmatdan to‘xtamang, ular uchun doim duo qiling. Alloh dilingizdagi ezgu niyatlarni ijobat qilsin, otangizga hidoyat nasib etsin. Ota-onangiz sizning sababingiz bilan namozga qaytsa, bu siz uchun eng ulug‘ ajr bo‘ladi.
Vallohu a‘lam.