Ustoz, tovarlarimni hisoblab, zakotini pul bilan emas, o‘sha tovarning o‘zidan bermoqchiman. Agar o‘n dona kiyimni zakot qilib tarqatish kerak bo‘lsa, barchasini bir odamga berishim joizmi yoki bir necha odamga tarqatishim kerakmi?
Tovarlarning o‘zidan zakot bersa bo‘ladimi?
Savol :
Javobning qisqacha mazmuni:Aksar ulamolar naqd pul bilan berish kerak, tijorat molini o‘zidan berib bo‘lmaydi, chunki nisobga yetganligini uning qiymati bilan hisoblashadi.
Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Tijorat molining zakoti pul bilan beriladimi yoki molning o‘zidan chiqariladimi?
Bu masala ulamolar o‘rtasida ixtilofli hisoblanadi. Aksariyat ulamolar tijorat molining zakoti naqd pul bilan berilishi kerakligini ta’kidlashgan. Ularning fikricha, tijorat molining o‘zidan zakot chiqarib bo‘lmaydi, chunki tijorat molining nisobga yetgani uning umumiy qiymati asosida belgilanadi. Masalan, kimdir kiyim-kechak, boshqasi idish-tovoq, yana kimdir elektron jihozlarni sotadi. Ularning zakot nisobiga yetgan-yetmaganini oltin yoki kumushning belgilangan nisobi asosida pul qiymatida hisoblaydi. Shundan kelib chiqib, ulamolar zakot ham pul bilan chiqarilishi kerak, deyishadi.
Ammo ba’zi ulamolar, xususan, hanafiy mazhabi ulamolari, sotayotgan molning o‘zidan, ya’ni tovardan zakot chiqarish ham joiz deb hisoblashadi. Shayxul Islom rahimahulloh bu masalada o‘rta yo‘lni tanlab, zarurat bo‘lganda mol-mulkning o‘zidan zakot chiqarish mumkinligini, ammo odatiy holatda bu joiz emasligini aytganlar. U kishining fikriga ko‘ra, agar faqirning aynan o‘sha molga ehtiyoji bo‘lsa va zakot tariqasida o‘sha narsani olish unga foyda keltirsa, bunday vaziyatlarda molning o‘zidan zakot chiqarishga ruxsat beriladi.
Biroq, ibodat masalalarida ehtiyotkorlikni qo‘llash doimo afzal. Masalan, fitr zakoti haqida gap ketganda, “taom bilan berish kerak”, deyilganida, ba’zilar “pul bilan bersak bo‘ladimi?” deb so‘rashadi. Aksincha, tijorat molining zakotida “pul bilan berish kerak” deyilganida, “molning o‘zidan bersak bo‘ladimi?” deb savol qilinadi. Shariat nimani buyurgan bo‘lsa, shuni bajarish eng to‘g‘ri yo‘ldir: agar fitr zakoti taom bilan berilishi shart bo‘lsa, taom bilan bering. Tijorat molining zakoti esa pul bilan berilishi kerak, chunki aksar ulamolar shunday degan.
Agar mol-mulkdan zakot chiqarish mumkin deyilsa, bundan insonlar noto‘g‘ri foydalanishga eshik ochib qo‘yilgan bo’ladi. Masalan, sotilmay qolgan yoki bozori sust bo‘lgan tovarlarni zakot sifatida tarqatish kabi nojo‘ya amallar sodir bo‘lishi mumkin. Shaxsan talabachilik yillarimizda Madinada o‘qiyotgan vaqtimizda sotilmay qolgan kitoblarning zakot sifatida tarqatilganiga guvoh bo‘lganmiz. Bunday kitoblarning foydasi kam yoki bozor qiymati yo‘q edi, shuning uchun ularni zakot sifatida tarqatish shariat talablariga javob bermaydi.
Agar zarurat yuzasidan mol-mulkning o‘zidan zakot chiqarish kerak bo‘lsa, bu molning eng yaxshisidan ham, eng sifatsizidan ham emas, o‘rtacha sifatlisidan chiqarilishi lozim. Masalan, molingizning umumiy qiymati 10 000 so‘m bo‘lsa, zakot sifatida uning 40dan bir qismi, ya’ni 250 so‘mni ajratib, shu qiymatga mos keladigan mol-mulkni kambag‘allarga berishingiz mumkin. Ammo bu mol-mulkni bir oilaga to‘liq berish o‘rinli emas. Uni bir nechta muhtojlarga, har birining ehtiyojiga qarab taqsimlash kerak.
Zakot berishda ham muhtojlarning haqiqiy ehtiyojlarini inobatga olish muhim. Masalan, bir kishining bir oylik zaruriy xarajati 500 dollarni tashkil etsa-yu, uning daromadi 400 dollar bo‘lsa, u har oy 100 dollar yetishmovchilikka uchraydi. Bunday holatda, zakot sifatida yiliga faqat 1200 dollar berish kifoya qiladi. Agar zakot sifatida 2000 dollar chiqarilayotgan bo‘lsa, ortiqcha 800 dollar boshqa muhtojlarga taqsimlanishi lozim.
Agar mol-mulkdan zakot chiqarish kerak bo‘lsa ham, uni faqat bitta oilaga emas, bir nechta muhtojlarga tarqatish afzal. Mol-mulkni chiqarishda sifatsiz yoki bozordan chiqib ketgan narsalarni zakot sifatida berib qo‘yish joiz emas. Molning qiymati hisoblanganda, o‘rtacha sifatli tovarlardan ajratib berish kerak. Shunday qilinganda, ham shariat qoidalariga rioya qilinadi, ham muhtojlar o‘z ehtiyojlarini to‘liq qondira olishadi.
Vallohu A’lam.
Ustoz Yusuf Davron
Maqola foydali bo’ldimi?