Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Fiqh >Qabrdagi solih kishilarni vosita qilib duo qilish joizmi?

Qabrdagi solih kishilarni vosita qilib duo qilish joizmi?

Nashr sanasi: January 8, 2025

Savol :

Ustoz, ba’zi bir domlalar qabrdagi odamga murojaat qilib, masalan: “Yo Buxoriy hazratlari, sizning hurmatingizdan Alloh menga sizga o‘xshagan farzand bersin”, deb qabrdagi solih odamlarni vosita qilish joiz, deyishyapti. Yana qabr egasiga: “Allohdan menga farzand so‘rab bering”, desa bo‘ladimi?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Javobning qisqacha mazmuni: O‘liklarni duoda vosita qilish hukmida umumiy javob berilmaydi. Bu amal qanday maqsadda va qanday shaklda qilinayotganiga qarab, kufr, shirk yoki bid’at bo‘lishi mumkin.

Bismillah,

Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.

O‘liklarni vosita qilishning turli ko‘rinishlari bor. Qanday tarzda vositachilik qilinayotganiga qarab hukm o‘zgaradi. Agar o‘liklarni vositachilik qilishdan maqsad to‘g‘ridan-to‘g‘ri borib, undan so‘rash bo‘lsa, bu kufr va shirk bo‘ladi. Masalan, Imom Buxoriy hazratlariga borib: “Menga farzand bergaysiz”, yoki Zangi otaga: “Farzand bering”, deb murojaat qilsa, bu Allohdan boshqa zotdan duo so‘rash bo‘lib, din doirasidan chiqadi.

Ikkinchi ko‘rinish: qabrdagilarga: “Haqimga duo qiling, yoki Allohdan menga farzand so‘rab bering”, desa, bu joizmi?

Tirik kishini oldiga borib bunday deyish joiz. Masalan, solih odamning oldiga borib: “Haqimga duo qiling, Alloh bizga solih farzand ato qilsin”, deb so‘rasa, bu shariatda joiz hisoblanadi. Ulamolar: “Tirik kishidan duo so‘rash joizdir”, deyishgan.

Ammo qabrda yotgan payg‘ambar, solih kishi yoki avliyolarga: “Haqimga duo qiling”, deb so‘rash ham kufrga olib boradi. Chunki bu bilan go‘yo ular tirik va eshitib turibdi, degan e’tiqod shakllanadi. Qabrdagilar tiriklarning so‘zlarini eshitadi, degan e’tiqod mavjud bo‘lsa ham, bu masala ixtilofli.

Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlariga borib: “Menga farzand so‘rab bering”, desa, bir vaqtning o‘zida necha millat vakillari turli tillarda duo qilayotgan bo‘lishi mumkin. Rasululloh tirik bo‘lganlarida ham, bir vaqtning o‘zida necha odamning so‘zini eshitmagan va tushunmagan bo‘lar edilar. O‘lgandan keyin qanday tushunadilar? Bularning barchasi Allohga xos sifatlarni maxluqqa nisbat berish bo‘lib, kufr sanaladi.

Endi: “Faqat solih kishilarning haqqi va hurmati bilan Alloh menga farzand bersin”, deb so‘rasa, bu bid’at hisoblanadi, shirk yoki kufr emas. Chunki u Allohdan so‘rayapti, faqat dalil yo‘q narsani vosita qilayapti, xolos.

Xulosa qilib aytganda, o‘liklarni duoda vosita qilish hukmida umumiy javob berilmaydi. Bu amal qanday maqsadda va qanday shaklda qilinayotganiga qarab, kufr, shirk yoki bid’at bo‘lishi mumkin.

Valloohu a’lam.

Javob muallifi:

Ustoz Yusuf Davron

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Sotilgan chiptalardan tushgan bonuslar evaziga boshqa insonlarga chipta olib bersa bo’ladimi?

    October 10, 2025
  • Hayvonlarni hayvonot bog‘ida saqlash ularga zulm emasmi? Bu gunoh emasmi?

    October 10, 2025
  • Qarzga pul so‘rash o‘rniga muddatli to‘lovga mashina oldirish haqida savol.

    October 7, 2025
  • Yoshligida yigitlar bilan gaplashgan qizlar erga tekkach bu ishini aytishi kerakmi?

    October 7, 2025
  • Emizikli boladan ortgan ovqatni otasi yesa bo‘lmaydimi?

    October 7, 2025
  • Otasi urushqoq xo‘roz yetishtirib sotadigan yigitning savoli.

    October 6, 2025