Bismillah, alhamdulillah, vas-salātu vas-salāmu ‘alā rasūlillāh, ammā ba’d.
Bu holat eng kam harakat bilan, eng qulay tarzda amalga oshirilishi lozim. Shu bois, imomning orqasida turgan kishilar imomlikka layoqatli, qiroati yaxshi, hushyor, ogoh bo‘lgan insonlar bo‘lishi kerak. Rasululloh ﷺ aytganlar: “Liyalani minkum ulul-ahlami van-nuhā”, ya’ni: “Menga sizlardan aql-idroklilaringiz yaqin tursin.”
Chunki imom safda turgan holda betob bo‘lib qolishi, tahorati buzilishi, hatto jon taslim qilishi mumkin. Inson holatini hech kim oldindan bila olmaydi. Shuningdek, imom qiroatda adashib qolsa, unga luqma berilishi kerak bo‘ladi. Bunday hollarda ogoh va imomatga layoqatli kishilar imomning orqasida turishi lozim.
Agar imom safdan chiqib ketsa, o‘rniga o‘tadigan kishi bu ishni eng qulay va kam harakat bilan amalga oshirishi lozim. Ba’zi fuqaholar oyoqni yerga sirpantirib olib o‘tishni maslahat berishadi, lekin bu sunnatda kelmagan. Bu ulamolarning ijtihodidir, xolos. Sunnatda oyoqni ko‘tarib yurish yoki sirpantirib yurish aniq tarzda belgilanmagan. Muhimi, imomning o‘rniga o‘tish harakati “kechirilgan harakat” deb hisoblanadi.
Rasululloh ﷺ minbarda turib namoz o‘qib, ruku’da minbardan tushib, sajdani pastda qilib, yana minbarga chiqqanlar. Buning sababi, odamlar namozni qanday ado qilishni o‘rgansin degan edilar. Ba’zi rivoyatlarda keladiki, Rasululloh ﷺ nevaralari — Umayma binti Zaynabni ko‘tarib, yelkalarida turgan holatda namoz boshlaganlar. Ruku’ vaqtida ularni qo‘yib, sajda qilib, yana ko‘tarib olganlar. Bu holatlar sahih hadislar bilan tasdiqlangan.
Yana bir holatda Rasululloh ﷺ namozga kechikib kelganlar. Sahobalar Abu Bakr (r.a.) imomligida namozni boshlagan edilar. Rasululloh ﷺ saf ortidan kelganlarida, odamlar u zotni tanib, safdan yo‘l ochib berganlar. Rasululloh ﷺ birinchi saflargacha yetib kelganlarida, sahobalar Abu Bakrga ishora qilib, tasbih ayta boshladilar.
Abu Bakr (r.a.) odatda orqasiga qaramasdilar, ammo bu safar odamlarning ishorasi kuchli bo‘lganidan ko‘zining qiri bilan qarasalar, Rasululloh ﷺ turganlarini ko‘rdilar. Juda xursand bo‘lib, qo‘llarini osmonga ko‘tarib duo qildilar va darhol orqaga chekindi. Rasululloh ﷺ oldinga o‘tib, imomlikni davom ettirdilar.
Namoz tugagach, Rasululloh ﷺ Abu Bakrdan nega orqaga chiqqanini so‘raganlarida, u zot: “Abu Quhofa o‘g‘li Rasulullohning oldida imomlik qilmaydi”, deb javob berganlar.
Shunday qilib, imom o‘rniga o‘tish masalasida qandaydir aniq tartib belgilanmagan bo‘lsa-da, bu harakat eng qulay va eng kam harakat bilan amalga oshirilishi kerak. Chunki ortiqcha harakatlar namozni buzadi. Misol uchun, telefon jiringlab qolsa, unga javob berish yoki SMS yozish, hatto boshqa bir xonaga borib kelish kabi harakatlar namozni buzadi.
Ammo faqatgina imomlikka o‘tish uchun zarur bo‘lgan harakat — agar u lozim darajada, zaruriyat asosida va qulay tarzda amalga oshirilsa — namozni buzmaydi.
Wallohu a’lam.