Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Namoz >Masjidlarda kuzatuv kameralari borligi sababli namozni uyda o‘qish joizmi?

Masjidlarda kuzatuv kameralari borligi sababli namozni uyda o‘qish joizmi?

Nashr sanasi: May 20, 2025

Savol :

Bizda masjidlarga kuzatuv kameralar o‘rnatilgan. Ular orqali soqol qo‘ygan, hanafiy mazhabiga to‘liq amal qilmay namoz o‘qiydigan, namozdan keyingi jamoaviy zikrga o‘tirmaydigan kishilar aniqlanib, masjid yoki tuman IIBga chaqirilib so‘roq qilinyapti. Bizdan soqolni olish, hanafiy mazhabiga to‘liq muvofiq namoz o‘qish va namozdan keyingi zikr majlislarida qatnashishni talab qilishyapti. Ro‘yxatlar tuzilgan. Aytilishicha, kimki bularni bajarmasa, 15 sutkagacha hibsga olinishi mumkinligi bilan ogohlantirishmoqda. Shunday holatda masjidga chiqmay, namozni uyda o‘qish joizmi? Soqolni qisqartirish yoki olish mumkinmi? Bunday holatda qanday yo‘l tutish kerak?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Musulmon odam har qanday sharoitda hikmat bilan, sabr bilan va foyda-zararga qarab o‘lchov yuritib ish tutishi kerak. Shariatning o‘zi maslahat va yengillik asosida kelgan.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Juda achinarli holat. Savoldan o‘zi ko‘rinib turibdi: ahvol qanday darajaga borib yetgan. Qayerda aytilayotgan bo‘lsa ham, bu holat og‘riqli. Musulmon odam esa har qanday vaziyatda hikmatli, vazmin, foyda va zararni solishtirib qaror qiluvchi bo‘lishga buyurilgan. Shariatning o‘zi maslahat, foyda va yengillik asosida kelgan.

Biz doim aytamiz: shariat foydani hosil qilish, zararni ketkazish yoki hech bo‘lmaganda zararni kamaytirish uchun nozil bo‘lgan. Agar zarar to‘liq ketmasa, uni kamaytirish ham shariat maqsadiga muvofiq bo‘ladi. Foyda butunlay qo‘lga kiritilmasa ham, kam bo‘lsa ham afzal.

Shuning uchun foyda va zararni o‘lchash — shariatning yirik maqsadlaridan biridir. Bu katta qoidalardan biridir.

Endi masalani ko‘rib chiqamiz. Siz aytayotgan vaziyatda bosim kuchaygan, noqulayliklar ko‘paygan. Bunday holatlarda musulmon nima qiladi? Sabr qiladi, bu ibtilodir. Islom tarixida shunday holatlar bo‘lgan: odamlar dindan qaytmasang yoqib yuboramiz degan tahdid ostida turgan.

“Al-Burūj” surasida hikoya qilinganidek, xandaq qazib, ichiga odamlarni tashlab, ustidan yoqib yuborganlar. O‘sha odamlarga qanday zulmlar qilingan bo‘lsa, ular sabr bilan chidaganlar.

Xabbāb ibn Arat Rasululloh ﷺ huzurlariga kelib, Makkada Ka’ba soyasida yotgan Payg‘ambarimizga:

“Ey Rasululloh, duo qiling, holimiz og‘irlashib ketdi,”
deganlarida, Nabiy ﷺ yuzlari qizarib, o‘rinlaridan turib dedilar:

“Sizlardan avvalgi ummatlarda odamni olib, arralab ikki bo‘lak qilganlar, lekin u dinidan qaytmagan. Tanasini temir bilan tirnab olganlar, ammo u sabr qilgan.”

Shu so‘zlardan keyin Rasululloh ﷺ kelajakda Alloh musulmonlarga farovonlik ato etishini ham bashorat qilganlar. Demak, bizning dinimiz hayotni hech qanday og‘riqsiz, muammosiz o‘tkazish emas, balki imtihon va sabr ustiga qurilgan.

Alloh ochiq aytgan:

“Siz Allohning sunnatida hech qanday o‘zgarish topmaysiz.”

Bu dunyo — imtihon makoni. Alloh hayotni ham, o‘limni ham yaratdi. Nega?

“Qaysi biringiz chiroyliroq amal qilasiz — shuni sinash uchun.”

Qiyinchilik, quvonch, boylik, kambag‘allik, kasallik yoki hatto qamoq holati — barchasi imtihon shakllari. Har qanday holatda mo‘min odam sabrli bo‘lishi kerak.

Shunday og‘ir paytda, Allohdan sabr so‘rash kerak. Qur’onda aytiladi:

يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ ٱصْبِرُوا۟ وَصَابِرُوا۟ وَرَابِطُوا۟ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ ٢٠٠

“Ey, iymon keltirganlar! Sabr qiling. Sabr ila g`olib keling. Kurashga bel bog`lab turing. Allohga taqvo qiling. Shoyadki, yutuqqa erishsangiz.”
(Āl-Imrān, 200)

Hazrat Umar roziyallohu anhu aytganlar:

“Biz nimaga erishgan bo‘lsak — sabr bilan erishganmiz.”

Shu bilan birga, taqvoni hech qachon tark qilmaslik kerak. Alloh aytgan:

“Fattaqullāha ma stata’tum” — “Qo‘lingizdan kelganicha Allohdan qo‘rqing.”

Endi: bu holatda nima qilish kerak?

Bunday vaziyatda shariat mezonlari bilan solishtirish kerak:
jamoat bilan namoz o‘qishning ajri kattami, yoki uyda, xavfsiz holatda, sunnatga muvofiq yolg‘iz o‘qish ajri kattami?

Bu ijtihodiy masala. Mening shaxsiy qarashimcha — jamoatdagi savob, musulmonlar birligi, masjidga borishning fazilati — juda ulkan. Bu shariat maqosidiga ham uyg‘un.

Agar sizga soqol qo‘yishga ruxsat berilmayotgan bo‘lsa, va bunga sizni majburlayotgan bo‘lsa, gunohi sizga emas, majburlayotganlarga yoziladi. Alloh ko‘rib turibdi. Bir zamonlar kalta soqolni ham qo‘yish mumkin emas edi — endi hech bo‘lmasa qisqartirilgan shaklda soqolni qoldiring. Qolganini Allohga topshiring. Alloh o‘zi hisob-kitob qiladi.

Agar bosim yoki zarar jiddiy bo‘lsa, ya’ni tana yoki mol-mulkka tahdid mavjud bo‘lsa, bu holat zarurat deb hisoblanadi. Zarurat bo‘lgan taqdirda esa shariat yengilliklarga ruxsat beradi.

Shuning uchun:

  • Soqolni qisqartirish zarurat bo‘lsa — joiz.

  • Namozni uyda o‘qish — zarurat bo‘lsa — joiz.

Alloh sizga toqatdan ortiq yuk yuklamaydi.

Namozni turib o‘qiy olmasangiz — o‘tirib o‘qing.
Safarda ro‘za tutish vojib qilinmagan.
Jum’a, jamoat ham safarda vojib emas.
Maxsga mas tortishga ruxsat bor.
Shariatning bu hammasi — yengillikdir.

Agar masjidda sizni:

  • “Sening soqoling bor ekan,” deb olib kirishsa,

  • Telefoningizni tekshirishsa,

  • Tuhmat qilib, bosim o‘tkazishsa,

  • Hatto 15 sutkagacha hibs bilan tahdid qilishsa —

Bu holatda soqolni qisqartirish ham, uyda o‘qish hamjoiz va maqbul bo‘ladi.

Lekin:

Musulmonlar jamoatida ishtirok etish, jamoat bilan bo‘lish — qadrli va savobli. Siz o‘sha niyat bilan masjidga borgan bo‘lsangiz, Alloh sizga ojizligingizga qarab mukofot beradi.

“Innamal a‘mālu bin-niyyāt…” — Amal niyatga bog‘liq.

Xulosa:

Musulmonlar birligini saqlang. Jamoatdan ajramang. Jamoat bilan namoz o‘qishga harakat qiling. Ammo agar bu hayotingizga yoki erkinligingizga zarar yetkazayotgan bo‘lsa, shariat sizga yengillik beradi. Siz o‘z dilingizda Allohga sodiq bo‘lsangiz, Alloh sizni asraydi.

Vallāhu a‘lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Ustoz, otam namoz o‘qimaydilar. U kishini qanday qilib ko‘ngillariga og‘ir botmaydigan tarzda namozga chaqirsam bo‘ladi?

    June 4, 2025
  • Mahsiga mash tortish uchun tahorat bo‘lishi kerakmi? Va uning shartlari qanday?

    June 4, 2025
  • Juma namoziga borishdan xavfsirayotgan kishi nima qilishi kerak?

    June 4, 2025
  • Xufton va vitr namozlarining qazosini o’qilish vaqtlari haqida

    June 1, 2025
  • Imomlik qilish mezonlari

    June 1, 2025
  • Ko‘chada namoz o‘qish imkoniyati yo‘q bo‘lsa, ayol namozni jamlasa bo‘ladimi?

    May 26, 2025