Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Alloh taolo barchangizga foydali ilm nasib qilsin. Bugungi kunda ilm o‘rganish uchun imkoniyatlar juda ko‘p. Internet orqali qarang — sizlar qayerdasizlar, biz qayerdamiz, lekin ilm o‘rtamizda yetib kelmoqda. Bu Allohning katta ne’matidir.
Mening asosiy tavsiyam — tizimli (tahsilga asoslangan) dars olishdir. Ya’ni ilmni boshidan, tartib bilan o‘rganish. Kim nimaga qodir bo‘lsa, o‘sha darajadan boshlasin. Agar yoshingiz, vaqtingiz va imkoniyatingiz bo‘lsa, arab tilini o‘rganishni qat’iy tavsiya qilaman.
Avvalo Qur’onni to‘g‘ri o‘qishni o‘rganing, namoz va asosiy ibodatlarni mustahkam biling. Shundan keyin Qur’on ma’nolarini tushunishga harakat qiling. Arab tilini o‘rganish uchun darsliklar bor, ustozlar bor, mahallalarda yoki onlayn imkoniyatlar mavjud — shulardan foydalaning.
Arab tiliga o‘tgach, kundalik ozgina vazifa qo‘yib o‘qing. Har kuni kam bo‘lsa ham davomli o‘qish juda muhim. Ustoz sizni bosqichma-bosqich o‘zi yetaklab boradi. O‘zingizga juda og‘ir yuk yuklamang, chunki inson tabiati tez zerikuvchan. Og‘ir yuk tez bezdiradi.
Ba’zi odamlar tolibi ilm bo‘lishni boshlaydi-yu, keyin butunlay tashlab yuboradi. Hech o‘qimaydi, hech o‘rganmaydi. Bunday odam — mahrum, ya’ni yaxshilikdan mahrum bo‘lgan kishidir. Umrni bunday o‘tkazmaslik kerak.
Agar siz har kuni kichik-kichik vazifalar bilan o‘qib borsangiz, vaqt o‘tib oldingizda katta ilm jamlanadi. Ilm xuddi qor uyumiga o‘xshaydi: qor bo‘lagini yumalatgan sayin kattalashib boradi. Ilm ham shunday — oldinga yurgan sari tezroq ko‘payadi.
Masalan, arab tilini dastlab qiyin o‘rganasiz, lekin bir bosqichdan o‘tgach, keyingi bosqichlar ancha osonlashadi. Shunda ko‘plab kitoblar o‘qiy olasiz, darslar eshitasiz, arab ulamolarining suhbatlaridan foyda olasiz.
Xullas, tahsilga asoslangan, tartibli ilm olishga o‘ting. Shu bilan birga, eshitiladigan darslarni ham to‘xtatmang. Ish paytida, yo‘lda, bo‘sh vaqtlarda darslarni eshiting. Foydali joylarini yozib oling, yodlang va esdan chiqarmaslikka harakat qiling.
Mana shu tarzda ilm asta-sekin ko‘payib boradi.
Vallohu a‘lam.