Eid al Adha. Qurbon Hayiti Hutbasi.

Assalamu Alaykum warohmatullohi wabarokatuhu 

Bugungi Eid Hutbasi: 

Birodarlar!

Bugun biz Qurbon hayiti kunlarida turibmiz. Bu oddiy kunlar emas. Bu — taslim bo‘lish kunlari. Bu — Alloh uchun qurbon bera olish kunlari. Bu — har bir mo‘min o‘z qalbidan:

“Men Alloh uchun nimadan voz kecha olaman?” deb so‘raydigan kunlardir.

Ibrohim alayhissalomni eslang…

Alloh taolo unga eng suygan narsasini qurbon qilishni buyurdi. Bu mol-dunyo emas edi. Bu uy-joy emas edi. Bu martaba emas edi. Bu — o‘zining sevimli o‘g‘li Ismoil alayhissalom edi.

Bir ota uchun bundan og‘irroq sinov bormi?

Lekin Ibrohim alayhissalom Allohning buyrug‘i oldida to‘xtamadi. Nafsi bilan tortishmadi. “Nega aynan men?” demadi. Chunki uning qalbida Allohning muhabbati hamma narsadan ustun edi.

U o‘g‘liga:

“Ey o‘g‘lim, men tushimda seni so‘yayotganimni ko‘ryapman”, deganida…

Ismoil alayhissalom nima dedilar?

“Ey otajonim! Siz buyurilgan narsani qiling. In shaa Alloh meni sabr qiluvchilardan topasiz.”

SubhanAlloh…

Qarang birodarlar…

Qanday tarbiya…

Qanday iymon…

Qanday taslim bo‘lish…

Otasi Allohning buyrug‘iga indamay bo‘ysungani uchun, Alloh taolo farzandini ham solihlardan qildi.

Bugun esa biz farzandimiz solih bo‘lishini xohlaymiz. Lekin o‘zimiz-chi?

Siz o‘zingiz Allohga bo‘ysunasizmi?

Siz Alloh uchun nimadan voz kecha olasiz?

Topayotgan harom pulingizdan voz kecha olasizmi?

Ribodan voz kecha olasizmi?

Telefoningizdagi harom videolarni, harom rasmlarni, harom suhbatlarni o‘chira olasizmi?

Alloh taolo:

“Zinoga yaqinlashmanglar”, dedi.

Faqat zina qilmanglar demadi. Unga olib boradigan yo‘llarga ham yaqinlashmanglar dedi.

Lekin bugun ko‘pchilikning qo‘lida telefon…

Ko‘zida harom…

Qalbida shahvat…

Keyin esa:

“Nega farzandim o‘zgaryapti?” deydi.

“Nega gapimni olmayapti?” deydi.

Ey birodar!

Siz Allohning buyrug‘iga bo‘ysunsangiz, farzandingiz ham sizning buyrug‘ingizga bo‘ysunadi.

Ibrohim alayhissalom Allohga taslim bo‘ldi — Alloh uning o‘g‘lini solihlardan qildi.

Bugun esa ota Allohga qarshi yuradi, keyin farzandi nega itoat qilmayapti deb hayron bo‘ladi.

Yana Hajar onamizni eslang…

Cho‘lning o‘rtasida.

Suv yo‘q.

Odam yo‘q.

Yordam yo‘q.

Ibrohim alayhissalom ularni tashlab ketayotganida Hajar onamiz:

“Ey Ibrohim! Bunga Alloh buyurdimi?” dedilar.

Ibrohim alayhissalom:

“Ha”, dedilar.

Shunda Hajar onamiz nima dedilar?

“Unda Alloh bizni zoye qilmaydi.”

Mana tavakkul!

Mana Allohga bo‘lgan ishonch!

Mana qazo-qadarga rozilik!

Qani bizdagi tavakkul?

Qani bizdagi Allohning qadariga rozilik?

Bugun ozgina qiyinchilik bo‘lsa:

tezda haromga qo‘l uramiz…

tezda riboga kiramiz…

tezda Alloh harom qilgan yo‘llardan rizq qidiramiz…

Nega?

Chunki qalbimiz Allohning qadariga rozi bo‘lishni unutib qo‘ydi.

Hajar onamiz sahroning o‘rtasida Allohga ishondi.

Biz esa supermarketlar, ishlar va imkoniyatlar ichida turib ham Allohga to‘liq tavakkul qila olmayapmiz.

Ey musulmonlar!

Qurbonlik faqat qo‘y so‘yish emas.

Haqiqiy qurbonlik —

nafsni qurbon qilishdir.

Gunohlarni tark qilishdir.

Haromni tashlashdir.

Dangasalikni yengishdir.

Alloh uchun vaqt ajratishdir.

Ibrohim alayhissalom o‘zining sevimli o‘g‘lini Alloh uchun qurbon qilishga tayyor bo‘ldi.

Biz-chi?

Biz Alloh uchun nimani qurbon qila olamiz?

Bir necha soat vaqtimizni Alloh yo‘lida bera olamizmi?

Bir oz molimizni sadaqa qila olamizmi?

Bir gunohimizni Alloh uchun tark qila olamizmi?

Bir yomon odatimizdan voz kecha olamizmi?

Ana shu — haqiqiy qurbonlikdir.

Alloh taolo bizlarni Ibrohim alayhissalomdek taslim bo‘luvchilardan, Ismoil alayhissalomdek sabr qiluvchilardan va Hajar onamizdek tavakkul qiluvchilardan qilsin.

‎آمين