Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Fiqh >Sotilgan tovarlarni qaytarib olishga majburmizmi?

Sotilgan tovarlarni qaytarib olishga majburmizmi?

Nashr sanasi: January 25, 2025

Savol :

Ustoz, biz elektron buyumlar savdosi bilan shug‘ullanamiz. Sotilgan tovarlarga bir haftalik kafolat beramiz: agar buziq chiqsa, uni tuzatib beramiz yoki yangisiga almashtiramiz, chunki o‘zimiz ham olgan joyimizga qaytarib bera olmaymiz.

Yaqinda bir xaridor bizdan tovar sotib olib, uni Moskvaga olib ketdi. Keyinroq tovar buziq chiqqanini aytib, murojaat qildi. Biz unga: “Tovarni qaytarib yuboring, tuzatib beramiz,” dedik. Lekin u “Pulimni qaytarib berasiz,” deb qat’iy talab qo‘ydi.

Aslida, tovarni chet elga, masalan, Qozog‘iston yoki Rossiyaga olib chiqsa, kafolat bermasligimizni avvaldan tushuntirganmiz. U buni bilgan bo‘lsa-da, hozir: “Allohga soldim” deb norozilik bildirmoqda.

Bu vaziyatda kim haq? Nima qilishimiz kerak?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Javobning qisqacha mazmuni: Quyidagi tavsilotni o‘qing.

Bismillah,

Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.

Avvalo, aybli narsani sotish masalasida ulamolar ta’kidlashadiki, inson biror narsada aybi borligini bilib turib uni yashirib sotmasligi kerak. Bu amaliyot savdodan baraka ketishiga olib keladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

“Sotuvchi va xaridorning savdo majlisida ixtiyori bor, modomiki ular ajralmaguncha. Agar rost so‘zlab, ayblarni ochiq aytsalar, Alloh ularning savdosiga baraka beradi. Agar ayblarni yashirishsa, Alloh ularning savdosi barakasini ketkazadi.”

Inson nima uchun molini aybini yashiradi? Chunki u molini qimmatroq sotishni istaydi, arzonga sotishni istamaydi. Aslida esa, aybi bor bo‘lsa, bu aybni aytib sotish lozim. Masalan, aybsiz narsani 15 so‘mga sotishingiz mumkin, lekin aybini ochiq aytsangiz, bu narx 10 so‘m bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, 10 so‘mga rostgo‘ylik bilan sotilgan molga Alloh 15 so‘mga baraka bermagan darajadagi baraka beradi.

Agar biror molni aybini yashirib sotib, qimmatroq foyda olsangiz, bu aldov bo‘ladi. Ochiq gapirib, aybini aytib sotish – savdoda baraka keltiradigan amal. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning va’dasi ham shudir.

Biroq, foyda olish maqsadida yolg‘on gapirish yoki aybni yashirib sotish haromdir. Shu sababli, sotilayotgan molning har qanday aybini ochiq aytish zarur.

Aybni bilmaslik holati

Agar sotuvchi molning aybi borligini bilmasa va bu holat savdodan keyin ma’lum bo‘lsa, u holda sotuvchi bu ayb uchun javobgar emas. Lekin xaridor molni olganidan keyin unda savdo oldidan mavjud bo‘lgan aybni aniqlasa, molni qaytarishga haqlidir.

Savdoni bekor qilish huquqi

Shariatga ko‘ra, savdo “lazim aqd” hisoblanadi, ya’ni savdo majlisidan tarqalib ketgandan so‘ng, ikki tomonning roziligisiz kelishuvni bekor qilish mumkin emas. Masalan, sotuvchi o‘z molini sotgandan keyin, xaridor uni qaytarib bera olmaydi, agar sotuvchi bunga rozi bo‘lmasa.

Lekin ayrim hollarda kelishuvni bekor qilishga sabab bo‘lishi mumkin. Shulardan biri – sotib olingan molning aybi chiqishi. Aybni qaytarishga asos bo‘lishi uchun quyidagi uchta shart bajarilishi kerak:

Narxga ta’sir qiluvchi ayb bo‘lishi:

Ayb molning narxini pasaytiradigan darajada bo‘lishi kerak. Masalan, mashinada kichik nuqson (o‘rindiqdagi tikilgan joy) narxga ta’sir qilmasa, bu qaytarishga asos bo‘lmaydi.

Ayb savdo oldidan mavjud bo‘lishi:

Xaridor molni olganidan keyin o‘zining noto‘g‘ri foydalanishi natijasida yuzaga kelgan ayblar uchun javobgar emas.

Ayb aniqlangandan keyin darhol qaytarish:

Xaridor aybni bilgan zahoti molni qaytarishi kerak. Agar aybni aniqlaganidan keyin undan foydalanishda davom etsa, qaytarish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Shartli savdo

Ayrim hollarda sotuvchi oldindan shart qo‘yib, “Agar molning aybi chiqsa, men javobgar emasman”, deyishi mumkin. Bu masalada ulamolar ixtilof qilgan. Ba’zilar bu shartni bekor deb hisoblaydi va xaridor molni qaytarishga haqli, deyishadi. Boshqalar esa, agar shart qo‘yilgan bo‘lsa va xaridor bunga rozi bo‘lgan bo‘lsa, sotuvchi javobgar emas, deyishadi.

Agar sotilayotgan mol tekshirilishi mumkin bo‘lsa, xaridor uni oldindan sinab ko‘rishi tavsiya etiladi. Agar tekshirish imkoni bo‘lmasa va sotuvchi molning aybini bilmasligini ochiq aytib, shart qo‘ygan bo‘lsa, bu shart o‘z kuchida qoladi. Shuningdek, uzoq masofaga olib ketilgan mollar uchun javobgarlikni cheklash ham shariatda ma’qul hisoblanadi, agar xaridor bu shartga rozilik bildirgan bo‘lsa.

Xulosa

Mol sotishda eng yaxshisi – rostgo‘ylik va ochiqlikdir. Aybi bor molni sotishda bu aybni ochiq aytish lozim. Agar sotuvchi oldindan shart qo‘ygan bo‘lsa va xaridor bunga rozilik bildirgan bo‘lsa, sotuvchi javobgarlikdan ozod bo‘ladi. Shunga qaramay, sotuvchi molning aybi sabab xaridorga qisman zarar qoplanishini ko‘rib chiqsa yoki boshqa mol bilan almashtirsa, yaxshilik qilish va murosaga erishish uchun afzal yo‘l tutgan bo‘ladi.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Ustoz Yusuf Davron

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Sotilgan yer davlat tomonidan olib qo‘yilsa.

    April 19, 2025
  • Ehrom yangi, ya’ni ilgari kiyilmagan bo‘lishi kerakmi

    April 12, 2025
  • Shifokor adashib boshqa tishni olib tashlasa, bu holatda nima qilish kerak?

    April 11, 2025
  • Hijoma ro’zani buzadimi?

    March 6, 2025
  • Kufr diyorlarida kofirlarning molini olish joizmi?

    February 27, 2025
  • Qarzga olingan puldan, foyda chiqarib berish hukmi.

    February 25, 2025