Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Ha, bu kabi holatlar ko‘p uchraydi. Ba’zilar yillar davomida uylanmay yuraveradi. Qizlar bilan ko‘rishadi, gaplashadi, ammo keyin “ko‘nglimga o‘tirmadi”, “istixoram to‘g‘ri kelmadi” deb ortga chekinaveradi.
Vaqt o‘tgan sari, inson yoshi kattalashgani sayin, tanlovga nisbatan talabchan bo‘lib boradi. Yoshligida odam ko‘p narsaga e’tibor bermaydi – to‘g‘risi, ba’zida shunchaki tavakkal qiladi. Ammo yosh ulg‘aygan sari “bu ham bo‘lsin”, “bunday ham bo‘lsin” degan talablar ko‘payib, qaror qabul qilish qiyinlashadi. Bu holatni ma’lum ma’noda injiqlik deb ham atash mumkin.
Yana bir muammo – ayrim kishilar xayolida mukammal ayol obrazini yaratib oladi. Balki u istayotgan fazilatlar faqat jannatda bo‘ladigan hurlarda bordir, dunyo ayollarida emas. Natijada, u yillar davomida – 35, hatto 40 yoshgacha – o‘zi xayol qilgan idealni izlab yuraveradi. Bu esa uni qarorsizlikka olib keladi.
Bunday holatda insonga nasihat qiladigan, unga turtki beradigan yaqinlar – katta yoshli donishmandlar, yaxshi do‘stlar, aka-uka, otaxonlar – juda zarur bo‘ladi. Ulardan biri aytgan edi: “Agar uylanolmay yurgan bo‘lsang, kechasi ikki rakat namoz o‘qib, Allohdan jur’at so‘ra. Chunki bunga jasorat kerak.”
Bunday odamga sog‘lom, halol fikr beradigan, unga yo‘l ko‘rsatadigan do‘stlar kerak. “Ko‘rishaverma, tanlayverma, bo‘ldi – mana shu yaxshi, uylan” deb ayta oladigan do‘stlar, opa-singillar yoki aka-ukalar bo‘lishi kerak. Aks holda u odam hayotini qarorsizlikda o‘tkazadi.
Oldin ota-bobolarimiz bunday holga yo‘l qo‘yishmasdi. O‘g‘li ulg‘ayib qolsa, o‘zlari sovchilik qilib, qiz olib berishar, bolalar ham ota so‘zini e’tiborsiz qoldirishmasdi. “Men uni sevmayman”, “ko‘nglimga yoqmaydi” deyishga ham uyalishar. Va baribir yashab ketishar, baxtli bo‘lishar edi.
Ammo bugun yoshlar tanlovni o‘z qo‘liga olgan, va tanlov ortidan tanlov, ko‘rish ortidan ko‘rish – bu doimiy ikkilanishga olib kelmoqda. Shuning uchun bu yerda valiyning, ya’ni ota yoki vasiyning, aka-uka yoki yoshi katta do‘stlarning roli juda muhim.
Agar atrofida uni yo‘naltiradiganlar bo‘lsa, turtki beradiganlar bo‘lsa, bu inson qaror qabul qila oladi, in shaa Alloh.
Vallohu a‘lam.