Ustoz, men “Nas” surasidan “Buruj” surasigacha yoddan bilaman. Yaqinimizda masjid yo‘q. Taroveh namozida shu suralarni xatm qilsak, joizmi? 30 kun davomida “Nas” surasidan “Fil” surasigacha o‘qigan kishi ham to‘liq xatim savobini oladi, degan gap qanchalik to‘g‘ri?
Taroveh namozida kichik suralarni 30 kun davomida o‘qish mumkinmi?
Savol :
Javobning qisqacha mazmuni: Taroveh namozida kichik suralarni o‘qish joiz. Ammo “Nas” surasidan “Fil” surasigacha o‘qigan kishi to‘liq xatim savobini oladi, degan gap yo‘q.
Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
“Nas” surasidan “Buruj” surasigacha yodlaganman, deb aytilyapti. Aslida savolda aksini aytsa to‘g‘riroq bo‘lardi—ya’ni “Buruj” surasidan “Nas” surasigacha, shuningdek, “Nas” surasidan “Fil” surasigacha deyilyapti. O‘qishda ham, namozda qiroat qilishda ham iloji boricha Qur’on tartibiga rioya qilgan afzal va mustahab, deb aytishadi ulamolar. Ya’ni “Buruj” surasidan “Nas” surasigacha yoki “Fil” surasidan “Nas” surasigacha tartib bilan o‘qish afzal hisoblanadi. Qur’on tartibiga rioya qilish mustahab deb ulamolar ta’kidlashgan.
Taroveh namozini jamoat bilan o‘qish joiz, shuningdek, uyda yolg‘iz yoki oila a’zolari bilan jamoatga chiqmasdan o‘qish ham joizdir. Hatto ulamolar orasida tarovehni qaysi holatda o‘qish afzalroq ekani borasida ixtilof bo‘lgan. Ya’ni, tarovehni jamoat bilan masjidda o‘qish afzalmi, yoki uyda yolg‘iz o‘qish afzalmi, yoki ahli oilasi bilan ado etish afzalmi degan masalada turli qarashlar bor. Chunki ba’zi hadislarda insonning eng yaxshi, ya’ni farzdan boshqa namozlari uyda o‘qilgani afzal ekani aytilgan. Farz namozlari masjidda ado etiladi, ammo nafl namozlari, jumladan, taroveh namozi uyda o‘qilishi afzal ekani haqida hadislardan dalillar bor. Shu asnoda ba’zi ulamolar uyda o‘qish riyodan uzoqroq bo‘ladi, xushu’ga yaqinroq bo‘ladi, deb hisoblashgan. Biroq, aksariyat ulamolar jamoat bilan o‘qish afzal deb aytishgan. Chunki hadislarda kim imom bilan namozni oxirigacha ado etsa, unga tun bo‘yi tahajjud o‘qigan savobi yoziladi, deb kelgan.
Agar masjid bo‘lmasa, uyda muntazam o‘qish afzal. O‘qishni bilgan suralarni qayta o‘qish mumkin, masalan, “Buruj” surasidan “Nas” surasigacha bilsa, shularni qiroat qilib o‘qishi joiz. Hatto faqat qisqa suralarni bilsa ham, ularni qayta-qayta o‘qish joiz. Inson faqat bitta surani bilsa ham, masalan, “Fotiha” va “Ixlos” suralarini bilib, boshqa suralarni bilmasa, har bir rakatda shu suralarni o‘qish joiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Dovud sunanlarida kelgan hadislarda bomdod namozining har ikki rakatida ham “Iza zulzilat” surasini o‘qiganlar. Roviy aytadi: “Men bilmadim, Rasululloh unutib o‘qidilarmi yoki atay qildilarmi?” Ulamolar bu hadis sharhida shunday deydilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror ishni bexosdan qilganliklari yoki shariatni bayon qilish uchun qilganliklari orasida ikkilanish bo’lsa. U zotning harakatlari shariatni bayon qilish uchun bo‘lgan, deb tushuniladi.
Shunga ko‘ra, hatto inson faqat bitta surani yod olsa ham, har rakatda qayta-qayta o‘qish joizdir. Alloh subhanahu va taolo niyatiga yarasha ajr beradi. Shu sababli “men ko‘p sura yod olmaganman” deb namozni tark qilish kerak emas. Agar Qur’onni yaxshi o‘qiy olsa, xatm qilish ham mumkin. Agar Qur’onni o‘qish qiyin bo‘lsa, yod olgan suralarni takrorlash ham joiz. Uyda mushafga qarab o‘qish ham joiz. Oysha onamiz xizmatkorlari Zakvonni imomlikka o‘tkazib, mushafga qarab o‘qishlariga ruxsat berganlar. Ulamolar bu holatni dalil qilib olishgan va Qur’onni yod olmagan kishi ham taroveh namozida mushafga qarab o‘qishi mumkinligini aytishgan.
Muhimi, namozni tark qilmaslik. Hadisda aytilganidek: “Kim Ramazonni iymon bilan va savob umidida qiyomda o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi.” Ulamolar ushbu hadisga tayanib, tarovehni biror kunga qoldirmaslik kerak, deb aytishgan. Agar kimdir dangasalik yoki boshqa uzrsiz sabablarga ko‘ra tarovehni tark qilsa, Ramazonning barcha kechalarini qiyomda o‘tkazmagan bo‘ladi va hadisdagi fazilatga erishmaydi. Lekin agar kasallik yoki safar sababli qila olmasa, boshqa hadisga binoan, unga oldin doimiy bajargan amallarining savobi yoziladi.
Savolning oxirida “Nas” surasidan “Fil” surasigacha o‘qisa Qur’on xatm qilingan savobini oladimi? degan masala ko‘tarilgan. Bu haqda ochiq dalil yo‘q, lekin buni aytganlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ixlos” surasi Qur’onning uchdan biriga to‘g‘ri keladi degan hadisiga tayanishgan bo‘lishi mumkin. Chunki Ixlos surasi tavhid mazmunini to‘liq qamrab olgani uchun, Qur’onning uchdan biriga teng ekani aytilgan. Lekin bu, “Ixlos” surasini uch marta o‘qisa, Qur’onni xatm qilgan bo‘ladi degani emas. Ba’zi ulamolar shunday savob berilishi mumkin, deyishgan, lekin to‘liq xatm qilgan hisoblanmaydi. Shuningdek, Qur’onning uchdan biriga to‘g‘ri kelishi mazmun jihatidan tushunilishi kerak. Shayxul Islom Ibn Taymiyya rahimahulloh ham shu fikrga moyil bo‘lib, Qur’on mazmunan uch qismga bo‘linishini ta’kidlagan: e’tiqod masalalari, fiqhiy masalalar va tarixiy qissalar. Ixlos surasi faqat e’tiqod masalalarini qamrab olgani uchun, shunday deyilgan.
Demak, Ixlos surasini uch marta o‘qish bilan Qur’onni to‘liq xatm qilgan bo‘lib qolmaydi. Aksincha, Qur’onni to‘liq o‘qish boshqa narsadir. Har kim o‘z imkoniyatiga qarab harakat qilishi lozim. Agar yoddan o‘qishga qodir bo‘lsa, o‘qisin, qodir bo‘lmasa, mushafga qarab o‘qishi ham mumkin. Yoki bilgan suralarini qayta-qayta o‘qishi joiz. Muhimi, davomiylik qilish va taroveh namozini tark qilmaslikdir.
Vallohu A’lam.
Ustoz Yusuf Davron
Maqola foydali bo’ldimi?