Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Namoz >Tahiyatul masjid namozi o‘rniga qazo namozini niyat qilib o‘qish mumkinmi?

Tahiyatul masjid namozi o‘rniga qazo namozini niyat qilib o‘qish mumkinmi?

Nashr sanasi: January 26, 2025

Savol :

Ustoz, mening 10 yillik qazo namozlarim bor. Vaqt ajratib ado qilishga harakat qilyapman. Masjidga kirganimda, tahiyatul masjid namozining o‘rniga qazo namozini niyat qilib o‘qisam bo‘ladimi?



Javob :

O’xshash savol-javoblar

Javobning qisqacha mazmuni: Bunday qilish joiz.

Bismillah.

Alloh taologa hamdlar, undan keyin paygʻambar bo‘lmaydigan payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, uning oilasi, sahobalariga va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salovot va salomlar bo‘lsin.

Ushbu savol ikki qismdan iborat:

1. Agar kishi namoz oʻqishda kechikkan bo‘lsa, ya’ni balog‘atga yetishi bilan emas, balki uzoq yillardan soʻng oʻqishni boshlagan boʻlsa, qazo qilgan namozlarini oʻtaydimi yoki yoʻqmi?

2. Agar oʻtaydi deganlarning gapini olsak, tahiyatul masjid oʻrniga qazo namozlarini oʻqisa boʻladimi?

Birinchi masala — qazo namozlarini oʻtashga kelsak, bu masala ixtiloflidir. Bu savolning javobi boshqa bir masalaga, ya’ni benamozning hukmiga bogʻliq. Yalqovlik bilan namoz oʻqimagan kishining kofirligi yoki kofir emasligi haqida olimlar oʻrtasida ixtilof mavjud.

Aksariyat mazhab olimlari, agar kishi “Laa ilaaha illalloh” degan boʻlsa va oʻzini musulmon deb e’tirof etsa, hatto namozni oʻqimasa ham, uni musulmon deb qabul qiladilar. Ammo ba’zi olimlar, masalan, Imom Ahmad, bunday holatda namozni oʻqimagan kishining kofir boʻlib qolishini aytganlar. Ushbu ixtilof sababli, benamozni kofir deb hisoblaganlar qazo namozlarini oʻqimaslikni aytadilar. Chunki u namozni boshlashi bilan musulmon boʻldi va musulmon boʻlganidan keyin oldingi gunohlari kechiriladi. Bundan buyogʻiga namozlarini qoldirmay oʻqishi lozim boʻladi, deyishadi.

Ammo aksariyat olimlar fikriga koʻra, “Laa ilaaha illa Alloh, Muhammadur Rosululloh” degan kishi musulmon boʻladi. Namozni yalqovlik sabab qoldirgan boʻlsa ham, musulmon sifatida e’tirof etiladi, ammo gunohkor hisoblanadi. Shu sababli, qazo namozlari oʻqishi lozim deb qaraydilar.

Ikkinchi masala — masjidga kirganda tahiyatul masjid oʻrniga qazo namozlarini niyat qilib oʻqish haqida:

Niyat qilib oʻqisa boʻladi. Chunki masjidga kirishdan asosiy maqsad — oʻtirmasdan namoz oʻqishdir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Sizlardan kim masjidga kirsa, ikki rakat oʻqimay oʻtirmasin,” deganlar. Bu hadisning ma’nosi masjidning haqqini ado qilishdir.

Masalan, tahiyatul masjidni oʻqish oʻrniga zimmanizda vojib boʻlgan farz namozlardan birini niyat qilib oʻqisangiz, u ham oʻtadi. Misol uchun, bomdod namozi boʻlsa, muammo yoʻq: bomdod ikki rakat, tahiyatul masjid ham ikki rakat. Ammo peshin boʻlsa-chi? Peshin boʻlsa ham, masalan, peshin namozining qazosi niyat qilib oʻqilsa, tahiyatul masjid ham oʻtadi. Chunki tahiyatul masjidning asosiy maqsadi — namoz oʻqimasdan oʻtirmaslikdir. Farz namozni oʻqiyotgan boʻlsangiz, oʻsha bilan tahiyatul masjidni ham ado qilgan boʻlasiz. Niyat qilib olsangiz, ikkala savobni ham olasiz: qazo namozining va tahiyatul masjidning savobini.

Faqat tahiyatul masjid ado qilinishi uchun ikki rakatdan kam boʻlmasligi kerak. Masalan, kechasi masjidga kirib qoldingiz va vitr namozini oʻqimagan boʻlsangiz, uch rakat vitrni niyat qilib oʻqisangiz, tahiyatul masjid ham oʻtadi. Lekin vitrni bir rakat oʻqib tahiyatul masjidni ham niyat qilaman desangiz, oʻtmaydi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Ikki rakat oʻqimay oʻtirmasin,” deganlar.

Ikki rakat yoki undan ortiq oʻqisangiz, hadisga amal qilgan boʻlasiz. Ammo bir rakat oʻqib tahiyatul masjidni ado qilaman desangiz, bu toʻgʻri boʻlmaydi. Chunki ikki rakat oʻqimay oʻtirmasin, deb buyurilgan.

Shunday qilib, ushbu savoldagi farz namozlari ikki rakatdan kam boʻlmasligi lozim. Qaysi biri namozga toʻgʻri kelsa, oʻshaning qazosi niyat qilib oʻqilsa, ham qazo namoziga, ham tahiyatul masjidga oʻtadi.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Ustoz Yusuf Davron

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Namoz o‘qimaydigan odamga “Hech bo‘lmasa farzini o‘qi” deb nasihat qilish joizmi?

    April 15, 2025
  • Namoz o‘qiyotgan kishining oldidan o‘tish

    April 14, 2025
  • Namozda zam sura esdan chiqsa

    April 13, 2025
  • Namoz sajdasida , «Subhana Robbiyal A’là» ni aytish esidan chiqib qolsa

    April 13, 2025
  • Balog’atga yetkan bolaning to’liq namoz o’qimasligi

    April 12, 2025
  • Namozdagi hatolik

    April 11, 2025