Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Takror umra qilish—avval bajargan bo‘lsa ham joiz. Ammo hozir umradan tushayotgan pullarning bir qismi Saudiya tomonidan Isroilga yordam sifatida berilyapti degan gumon bilan, buni joiz emas deb aytish qiyin. Chunki aynan shu tushayotgan pul aynan shunga sarflanmoqda deb aniq ayta olmaymiz. Bu narsa isbotlanmagan. Shuning uchun ibodat qilmoqchi bo‘lgan kishi, masalan, Ramazonda Ka’bada bo‘lishni istaydi, u yerni sog‘inadi, tinchlik bilan tarovehlarni o‘qishni xohlaydi. Unga borish joiz emas deb ayta olmaymiz.
Faqat, afzal narsa nima? Joizlikka joiz, harom deb ayta olmaymiz. Chunki agar pulingiz aynan Isroilga borayotganligi aniq bo‘lsa, bu boshqa masala bo‘lar edi. Umra qilmagan kishi borishi mumkin. Takror-takror umra qilmoqchi bo‘lgan kishining borishiga ham monelik yo‘q, harom deb aytolmaymiz. Faqat afzali nima, desa, agar siz allaqachon umra yoki haj qilgan bo‘lsangiz, shu pulni boshqa muhtojlarga bergan afzalroq bo‘ladi.
Mana, G‘azodagi birodarlarimiz va boshqalar qiynalmoqda. Shularga yordam bergan afzalroq. Alloh yo‘lida ehson qilish afzal. Agar ibodatingizni bajara olish imkoningiz bo‘lsa ham, nafsingiz istayotgan bo‘lsa ham, birodarlaringizga yordam berish afzalroq hisoblanadi.
Abdulloh ibn Muborak rohimahulloh haqidagi mashhur bir qissa bor, u qissani Ibn Kasir ‘Al Bidaya va Nihaya’ Kitobida naql qilganlar. Safarga chiqqanlarida o‘zlari bilan olgan bir qushi o‘lib qoladi va uni axlatga tashlab, yo‘lda davom etadilar. Abdulloh ibn Muborak jamoatidan orqaroqda yuradi. Birozdan so‘ng, axlatga tashlangan qushni shu yaqin atrofdagi bir qizcha olib, uyiga kirib ketganini ko‘radi. Uni sababini surishtirib ko‘rsa, qizcha: “Bizlarga o‘limtikni yeyish halol bo‘lib qolgan holatga kelib qoldik. Men va ukam boshqa yeydigan hech narsaga ega emasmiz. Otam mol-dunyoga ega edi, lekin mazlum bo‘lib, hamma narsasi tortib olindi va u qatl qilindi. Bizning boshqa choramiz yo‘q,” deydi.
Shunda Abdulloh ibn Muborak safardagi odamlarni yig‘ib, o‘zida qancha pul borligini hisoblaydi. 1000 dirham borligini aytadi. Shundan 20 dinorni qaytishiga yetarli bo‘lishi uchun ajratib, qolganini qizga berib: “Bu yilgi hajimiz mana shu bo‘lsin,” degan.
Shuning uchun qayta-qayta haj va umra qilayotganlar, agar Alloh mol-davlat bergan bo‘lsa, shu mablag‘ni qiynalgan birodarlariga berganlari afzalroq bo‘ladi. Afzal jihatdan bu yaxshiroq. Ammo bu bilan haj yoki umra qilish harom bo‘lib qolmaydi. “Joiz emas,” deb ham aytolmaymiz. Chunki baribir umradan tushayotgan pullarning musulmonlar zarariga ishlatilayotganini aniq isbotlab bo‘lmaydi.
Valloohu a’lam.