Men erimning ikkinchi xotiniman, shuning uchun rasmiy nikohimiz yo‘q. Erim bilan birgalikda pul yig‘ib, yer olib, uy qurdik. Erim: “Pulni to‘la, keyin uyni sening nomingga o‘tkazib beraman,” degan edi. Ammo besh yildan beri bu va’dasini bajarmayapti.
Birinchi xotinining ro‘yxatdagi rafiqasi bo‘lgani va bu uy uning mahallasida joylashgani sababli bu yerda xavotir bilan yashayapman. Kundoshim bu uyda meni yashatmasligini aytib, bizni ajratishga harakat qiladi. Erim ikkimizga ham adolatli munosabatda bo‘lishga harakat qiladi, lekin ba’zida eplolmaydi. Mayli, bundan nolimayman.
Erimdan uch farzandim bor. Agar u va’dasida turib, uyni mening yoki o‘g‘limning nomiga o‘tkazib bersa, ko‘nglim xotirjam bo‘lardi. Chunki bu uyga sarflagan pulimni turmushga chiqishdan oldin o‘zim ishlab, yig‘ib qo‘yganman. Shariat bo‘yicha men bu uyda yoki mulkka nisbatan qanday haqqa egaman?