Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Ramazonda Umra qilishning fazilati bormi, va ko‘p Umra qilish mumkinmi?
Ramazonda Umra qilishning o‘ziga xos fazilati bor, va boshqa oylarda qilingan Umralarga qaraganda afzalroq hisoblanadi.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bir ansori ayolga shunday deganlar:
“Ramazonda qilingan Umra men bilan birga Hajj qilgandek bo‘ladi.”
(Buxoriy, 1782)
Hadis tafsirida ulamolar ixtilof qilishgan:
- Ba’zilar bu fazilat aynan o‘sha ayolga xos, deganlar.
- Ba’zilar esa Hajj qilishni niyat qilib, lekin bora olmaganlarga tegishli deb aytganlar.
- Ko‘pchilik ulamolar esa bu fazilat hammaga tegishli, ya’ni kim Ramazonda Umra qilsa, Hajj ajriga ega bo‘ladi, deganlar.
Lekin bu ajr faqat fazilat jihatidan bo‘lib, Ramazonda Umra qilish Haj o‘rniga o‘tmaydi. Agar kishi hali Haj qilmagan bo‘lsa, keyinchalik Haj qilish farz bo‘lib qolaveradi.
Ko‘p Umra qilish mumkinmi?
Savolda aytilganidek, Ramazonda ko‘proq Umra qilish orqali ko‘proq savob olish mumkinmi?
Agar kishi Umra uchun o‘z yurtidan safarga chiqib, Umrasini ado qilib uyiga qaytsa, keyin yana safar qilib Umra qilsa, bu joiz.
Madina yoki boshqa shahardan kelib, bir necha kun yoki hafta o‘tgandan keyin yana Umra qilsa, bunda ham muammo yo‘q.
Lekin bitta safar ichida ko‘p Umra qilish haqida ulamolar ixtilof qilishgan.
- Ba’zi ulamolar: “Bir safarda faqat bitta Umra qilish mumkin, ko‘p qilish joiz emas deydilar.”
- Ko‘pchilik ulamolar esa bunga ruxsat berganlar, ayniqsa, Oisha onamizning hadisini dalil qilib.
Oisha roziyallohu anho uzurli bo‘lib qoladilar, va qo‘shimcha Umra qilishni xohlaganlarida, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam unga Tan’imga chiqib, Umra qilishga izn berganlar.
Shuning uchun bitta safar davomida ham qo‘shimcha Umra qilish mumkin, lekin juda ko‘p marta qayta-qayta qilish maqbul amallardan hisoblanmaydi.
Eng afzali – bir marta o‘z nomidan, keyingi Umralarni esa vafot etgan ota-onasi yoki yaqinlari nomidan qilgani yahshi.
Miqotga chiqish shartmi yoki Haram tashqarisiga chiqish kifoyami?
Agar bitta safarda bir necha Umra qilmoqchi bo‘lsak, har safar Miqotga chiqish kerakmi yoki Tan’imga chiqish kifoya qiladimi?
Bunga javob:
- Tan’imga yani Oisha onamizni masjidiga chiqish kifoya.
- Oisha onamiz Masjidul-Haromdan Tan’imga chiqib, ehtrom bog‘laganlar, shuning uchun bu joiz.
- Ba’zi ulamolar esa uzoqroq joyga – Miqotga chiqish kerak, deb aytishgan, lekin bu majburiy emas.
Shuning uchun Makkada bo‘lib, qo‘shimcha Umra qilmoqchi bo‘lgan kishi Tan’im yoki Haram tashqarisiga chiqib, ehtrom bog‘lasa kifoya qiladi.
Xulosa:
Ramazonda Umra qilish katta fazilatga ega va Hajj savobiga teng, lekin Hajjning o‘rnini bosa olmaydi.
Bitta safarda ko‘p Umra qilish mumkin, lekin ortiqcha isrof yoki haddan oshishdan saqlanish lozim.
Qo‘shimcha Umra qilmoqchi bo‘lsa, Tan’imga chiqish kifoya, Boshqa bir miqotga borib kelish shart emas.
Vallohu A’lam.