Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Qur’on tinglagan kishi o‘qigan kishi bilan barobar ajr oladimi?
Yo‘q, albatta ajr bir xil bo‘lmaydi. Qur’on o‘qigan kishining ajri ko‘proq bo‘ladi.
Qur’onni o‘qigan kishi har bir harfiga 10 savob olishini hadislar tasdiqlaydi. Hadislarda “Kim Alloh taoloning Kitobidan bir harf qiroat qilsa…” deb keladi. Qiroat qilish uchun harflarni mahrajlaridan chiqarib, talaffuz qilish kerak. Shundagina qiroat qilingan hisoblanadi.
Agar kimdir Qur’on tilovatini shunchaki eshitsa va qaytarmasa, talaffuz qilmasa, u o‘qigan hisoblanmaydi. Chunki 10 savob qiroat qilgan kishiga va’da qilingan. Shuning uchun eshitgan kishining ajri o‘qigan kishiniki kabi bo‘lmaydi.
O‘qigan kishining amali ko‘proq, chunki u ham tinglayapti, ham qiroat qilayapti.
Tinglagan kishida esa faqat tinglash bor.
Agar kimdir Qur’onni audio yoki video orqali tinglayotgan bo‘lsa, u faqat tinglagan bo‘ladi.
Shunga qaramay, Qur’on tinglash ham ibodat hisoblanadi va unga ajr beriladi.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam gohida sahobalarga “Qur’on o‘qib ber” deb, o‘zlari tinglardilar va “Men boshqalardan eshitishni yaxshi ko‘raman” der edilar.
Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu qiroat qilayotganlarida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni tinglab turardilar.
Demak, Qur’on o‘qilayotganda tinglash va quloq tutish uchun ajr bor, lekin o‘qigan kishining ajri ko‘proq bo‘ladi.
Taroveh namozida xatmga to‘liq qatnashish haqida:
Agar kimdir xatm Qur’onga to‘liq qatnashsa, u o‘qigan hisoblanadimi?
Yo‘q, u o‘qigan hisoblanmaydi va o‘qigan kishining savobiga ega bo‘lmaydi.
Ba’zilar shunday deyishadi:
“Agar jamoat bo‘lib har biri bir poradan o‘qisa, boshqalari esa tinglasa, shu tariqa Qur’on oxirigacha o‘qib chiqilsa, xatm qilgan hisoblanadimi?”
Bu bilan xatm qilgan hisoblanmaydi.
Qancha o‘qigan bo‘lsa, shuncha o‘qigan bo‘ladi.
Masalan, agar 10 kishi bo‘lib har biri 3 pora o‘qigan bo‘lsa, u holda har biri 3 pora o‘qigan bo‘ladi.
To‘liq xatm qilgan hisoblanmaydi.
Lekin agar kimdir Qur’on o‘qilayotganida o‘zi ham talaffuz qilib, ichida qaytarsa,
hatto ovozini chiqarib o‘qimasa ham, o‘zi eshitadigan darajada o‘qisa, bu holda u ham xatm qilgan hisoblanadi.
Agar kimdir qorining ovozini qo‘yib tinglasa va o‘zi ham uni talaffuz qilib qaytarsa, u xatm qilgan hisoblanadi. Shunchaki tinglash bilan esa o‘qigan bo‘lib qolmaydi.
Qur’on o‘qish afzalmi yoki tinglash?
Ba’zi ulamolar Qur’on o‘qish afzalmi yoki boshqalarning qiroatini tinglash afzalmi? degan masalada ixtilof qilishgan.
Ulamolar aytishicha, bu shaxsga qarab farq qiladi. Umuman olganda, Qur’on o‘qish afzal.
Chunki qiroat qilishda ham ko‘proq amal bor, va har bir harfiga 10 savob va’da qilingan.
Lekin ba’zi kishilar boshqalarning qiroatini tinglash orqali ko‘proq ta’sirlanadi. Ko‘proq tafakkur qiladi, ko‘proq ta’sir oladi. Agar Qur’onning asosiy maqsadi tafakkur va tadabbur bo‘lsa, kimning qanday qabul qilishiga qarab ajri ko‘proq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun eng afzali – ikkalasini ham jamlash.
Masalan, mashinada ketayotib Qur’on o‘qish imkoni bo‘lmasa, tinglash mumkin.
Ba’zan Qur’onni o‘zi o‘qib ta’sir qilmaydigan bo‘lsa, ta’sirli qorilarning qiroatini tinglash afzal bo‘lishi mumkin. Shunga ko‘ra, savob jihatidan Qur’onni o‘qish tinglashdan ko‘ra ko‘proq ajrga ega.
Vallohu A’lam.