Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
O‘liklarga Qur’on o‘qish va Qur’on savobi yetib boradimi-yo‘qmi — bu ixtilofli masala. Ya’ni bu masalani inkor qilish uchun “buni bo‘lsa ham piyoda va otliq askarlarimiz bilan kurashamiz” deb qat’iy qarash to‘g‘ri emas.
Ulamolar o‘rtasida ixtilof bor: ba’zi ulamolar “o‘liklarga Qur’on o‘qisa bo‘ladi, savobi yetib boradi” deyishgan. Masalan, Ibn Taymiyya rahimahulloh va uning shogirdi Ibn Qayyim, shuningdek, Aqida Tahoviyaga sharh yozgan Abu al-‘Izz ibn ‘Abdus-Salām al-Hanafi bu narsani mumkin deb hisoblaganlar.
Ularning dalili nima? Ular dalil sifatida sahih qiyosni keltirganlar. Ya’ni:
-
O‘likka janoza o‘qilsa foydasi bormi? Bor.
-
Duo qilinsa foydasi bormi? Bor.
-
Ehson qilinsa foydasi bormi? Bor.
-
Haj yoki umrani badal qilib qilinsa foydasi bormi? Bor.
-
O‘likning qarzi to‘lanib bersa foydasi bormi? Bor.
-
O‘likning ro‘zasi qolib ketgan bo‘lsa, valiysi tutib bersa bo‘ladimi? Bor, hadisda kelgan.
Shu qator dalillarni keltirib, ular Qur’on tilovatini ham shularga qiyos qilishgan. Ya’ni Qur’on o‘qib, savobini bag‘ishlasa, o‘likka yetadi deganlar.
Lekin boshqa ulamolar buni rad etganlar. Ular aytadilar: “Namozni qiyos qilish mumkin emas. Chunki, masalan, haj badal qilib bo‘ladi, ro‘za badal qilib bo‘ladi, lekin namozni o‘qib bermaymiz. Shunday ekan, Qur’on o‘qishni ham qiyos qilib bo‘lmaydi”.
Asl qoidaga ko‘ra, “Inson uchun o‘zi qilgan amali” (Najm, 39-oyat). Birovning amali birovga o‘tmaydi. Lekin dalil bilan istisno qilingan narsalar bor — masalan, haj, sadaqa, duo, janoza, qarzini to‘lash va h.k. Demak, Qur’on tilovati shu istisnoga kirmaydimi, degan ixtilof mavjud.
Bu yerda yana masala bor: agar Qur’on o‘qib savobini bag‘ishlasa, u odamga ajr borishi mumkin, lekin uning zimmasidan namoz yoki boshqa farz ibodatlar soqit bo‘lmaydi. Chunki ibodatda niyat shart. O‘likning esa endi niyati yo‘q.
Shuning uchun bu masalada aksar ulamolar “bo’lmaydi” degan, ba’zilari esa “bo’ladi” degan.
Lekin bir mulohaza bor: agar Qur’on tilovati o‘likka foyda beradigan, qabrini nurga to‘ldiradigan va azobini yengillatadigan amal bo‘lganida, Rasululloh ﷺ albatta buni qilgan bo‘lardilar. Rasululloh ﷺ o‘liklarga duo qilganlar, janoza o‘qiganlar, qarzlarini to‘laganlar, hatto qarzini o‘z zimmasiga olganlar. Lekin biror marta Qur’on o‘qib, savobini o‘likka bag‘ishlamaganlar. Sahobalar ham qilmaganlar.
Demak, bu ishni tark qilish sunnat, qilish esa bid’at bo‘ladi. Chunki bunda hech qanday man qiluvchi sabab yo‘q edi, lekin Rasululloh ﷺ tark qilganlar.
Endi boshqa e’tiroz bo‘lishi mumkin: “Payg‘ambarimiz tark qilgan ko‘p narsalar bor, ularni ham tark qilamizmi?” Bu masalada tafsilot bor:
-
Agar bir ish din bilan bog‘liq bo‘lsa va savob umidida qilinayotgan bo‘lsa, Rasululloh ﷺ uni bilganlari holda tark qilgan bo‘lsalar, demak biz ham tark qilishimiz kerak. Chunki bu sunnatning bir qismidir.
-
Lekin dunyoviy narsalarda (masalan, kiyim, ovqat, transport vositalari va boshqalar) Rasululloh ﷺ qilmaganlari keyin paydo bo‘lgani uchun, bu bid’at bo‘lmaydi.
Masalan, tahiyyatul-masjidni jamoat bilan o‘qish. Rasululloh ﷺ ham, sahobalar ham bunday qilmaganlar. Agar hozir kimdir shunday qilsa, “Rasululloh qaytarmagan-ku” desa, biz nima deymiz? Bu bid’at, deymiz. Chunki qilmagan ishni diniy savob umidida qilish — bid’at hisoblanadi.
Xuddi shunday, Qur’on o‘qib savobini o‘liklarga bag‘ishlash ham diniy masala. Rasululloh ﷺ qilmaganlar. Shuning uchun ixtilofli masala bo‘lsa ham, ehtiyotliroq yo‘l — qilmaslikdir.
Xulosa:
-
O‘liklarga Qur’on o‘qish masalasi ixtilofli: ba’zi ulamolar “yetadi” deyishgan, ko‘pchilik esa “yetmaydi” degan.
-
Asl qoidaga ko‘ra, inson uchun o‘zi qilgan amali bor.
-
Dalilda keltirilgan istisnolar bor: haj badal, sadaqa, duo, janoza, qarzini to‘lash.
-
Rasululloh ﷺ hech qachon Qur’on o‘qib, savobini o‘likka bag‘ishlamaganlar. Shuning uchun bu ishni tark qilish sunnatga yaqinroqdir.
-
Din masalalarida Rasululloh ﷺ qilmagan ishni qilmaslik sunnat, qilish esa bid’at hisoblanadi.
Vallohu a’lam.