Xo‘p, avvalo akangizning mahramlik masalasidan boshlasak. Siz “Akam mahram emas ekan” deyapsiz. Sizga kim aytdi akangiz mahram emas deb? Benikoh tug‘ilgan bo‘lsa ham, agar siz aytgandek bo‘lgan taqdirda ham — u baribir onangizdan tug‘ilgan, shunday emasmi?
Shu onadan tug‘ilgan bo‘lsa, ota boshqa bo‘lsa ham mayli, lekin ona bir bo‘lsa, u sizning mahramingiz bo‘ladi. Ya’ni ona bir aka ham shariatda mahram hisoblanadi. U 100% sizga mahram bo‘ladi. Sizga “mahram emas” degan odam xato aytgan. Bu aka sizga mahram hisoblanadi.
Endi valiylik masalasiga kelsak: agar akangizdan boshqa hech kim bo‘lmasa, u sizga valiy bo‘lishi mumkin. Chunki valiy — ya’ni nikohda ayol vakili bo‘ladigan shaxs — agar ota bo‘lmasa, boshqa mahram qarindoshlar ichidan belgilanadi. Siz aytyapsiz-ku: “Akamdan boshqa hech kimim yo‘q”, deb. Unda u valiylik vazifasini bajargan bo‘ladi.
Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchidan, siz “Nikoh shartlaridan biri – ikki tomon roziligi” deyapsiz. Bu to‘g‘ri. Nikohda er va xotin roziligi bo‘lishi shart. Agar siz rozilik bermagan bo‘lsangiz, savol tug‘iladi: nega keyin u odam bilan yashadingiz? Nega er-xotinlik aloqasiga rozi bo‘ldingiz? Nega bolali bo‘ldingiz?
Agar siz o‘sha paytda rozi bo‘lmagan bo‘lsangiz, bu holatda nikoh sahih bo‘lmaydi. Ammo, agar o‘sha paytda jim turgan bo‘lsangiz — ya’ni roziligingizni ochiq bildirmasangiz ham, e’tiroz ham bildirmagan bo‘lsangiz — bu holat ham hadisda “rozilik” deb qaralgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Bokira qizdan rozilik so‘raladi. Agar u jim tursa, bu — rozilikdir.” (“Al-bikru tustazanu… wa iznuha somatuha”). Demak, jim turish ham rozilik sanaladi. Ichida rozi bo’lmasa ham, tashqarida jim bo‘lib turgan bo‘lsa, shariatda bu rozilik belgisi hisoblanadi.
Agar siz ochiqchasiga “yo‘q, men rozi emasman” degan bo‘lsangiz, bu holatda nikoh sahih bo‘lmaydi. Chunki valiy (ota, aka, boshqalar) roziligi bilan bir qatorda ayolning ham roziligi shart. Ota yoki aka uni majburlab turmushga bera olmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam beva ayollarga ham, bokira qizlarga ham ixtiyor berganlar.
Agar siz o‘sha paytda sukut qilgan bo‘lsangiz, nikoh sahih hisoblanadi. Agar ochiq norozilik bildirgan bo‘lsangiz, bu nikoh bekor bo‘ladi.
Shunday holatda, agar nikoh roziligisiz o‘tgan bo‘lsa, siz hozir shariatga muvofiq ravishda uni yangilab olishlaringiz mumkin. Ya’ni er-xotin sifatida rozilik asosida qayta nikoh o‘qittirib, oila hayotingizni davom ettirishingiz mumkin.
Xulosa:
Akanggiz sizga mahram hisoblanadi, chunki sizlar bir onadan tug‘ilgansiz.
Akanggiz valiy bo‘lishi mumkin, agar otangiz bo‘lmasa va boshqa erkak qarindoshlaringiz bo‘lmasa.
Nikoh sahih bo‘lishi uchun sizning ham roziligingiz zarur. Agar sukut qilgan bo‘lsangiz, bu rozilik sanaladi.
Agar chin dildan rozi bo‘lmagan bo‘lsangiz, nikohni yangilash lozim bo‘ladi.
Oila sha’ni, farzandingiz va jamiyatdagi obro’ni inobatga olib, bu masalani tinch yo‘l bilan hal etish tavsiya etiladi.
Vallohu a’lam. Agar sizga bu masalada yanada aniqroq diniy fatvo kerak bo‘lsa, yaqin atrofdagi ishonchli muftiy yoki shariat bilimdoniga murojaat qilishingiz mumkin.