Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Ka’ba >Nega Ka’baga qarab ibodat qilamiz?

Nega Ka’baga qarab ibodat qilamiz?

Nashr sanasi: August 27, 2025

Savol :

Ustoz, agar Alloh hamma joyda bo‘lsa, qiblaga nima hojat bor? Inson xohlagan tarafga qarab namoz o‘qisa bo‘lavermaydimi, degan savolni internetda o‘qidim. Shunga javob bersangiz.

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Bunday savol qiblani to‘g‘ri tushunmaslikdan kelib chiqadi. Bizning qiblaga yuzlanishimiz — Alloh taolo shuni buyurgani uchundir. Ya’ni, Alloh “Mana shu tomonga qarab o‘qinglar” degani uchun biz Ka’baga qarab o‘qiymiz.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Bunday savol qiblani to‘g‘ri tushunmaslikdan kelib chiqadi. Bizning qiblaga yuzlanishimiz — Alloh taolo shuni buyurgani uchundir. Ya’ni, Alloh “Mana shu tomonga qarab o‘qinglar” degani uchun biz Ka’baga qarab o‘qiymiz.

Aslida Alloh taolo qiblada yoki biror joyda turadi, degan aqida to‘g‘ri emas. Allohning zoti arshdan yuqoridadir. Qur’onda bir necha oyatlarda: “Arshga istivo qildi” deb kelgan. Demak, Alloh subhānahu va taoloning zoti arshdan yuqorida.

Yer, yetti qavat osmon va ulardagi barcha narsalar Arsh oldida juda kichik. Rasululloh ﷺ hadisda aytganlar: “Yettti qavat osmon va yetti qavat yer Kursi oldida xuddi sahroga tashlangan uzukdek”. Kursi esa Arsh oldida shunday kichik. Bu dalillar Allohning zoti arshdan yuqorida ekanini ko‘rsatadi.

Shunday bo‘lsa-da, banda namozda Allohga yuzlanib turganini his etadi. Alloh qaysi tomonga yuzlanishni buyursa, biz o‘sha tarafga yuzlanamiz. Avval musulmonlar Baytul Maqdisga qarab namoz o‘qigan. Keyinchalik Alloh taolo Ka’baga qarashni buyurdi. Madinada bu juda katta sinov bo‘ldi: chunki Baytul Maqdis shimolda, Ka’ba esa janub tomonda edi. Sahobalar shimolga qarab o‘qib yurishar edi, keyin janubga qaratildi. Bu Allohning amri.

Xuddi farishtalarga Odamga sajda qilish buyurilgani kabi. Ular odamga emas, Allohning amriga sajda qildilar. Shayton esa bu amrni bajarmagani uchun la’natga uchradi.

Demak, Ka’ba oddiy toshlardan qurilgan uy bo‘lsa-da, Alloh bizni unga qarab o‘qishga buyurgan. Ka’baning o‘zi foyda ham, zarar ham bera olmaydi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Hajarul Asvadni o‘par ekan, dedilar: “Men bilaman, sen foyda ham, zarar ham bera olmaydigan oddiy toshsan. Agar Rasululloh ﷺ seni o‘pganlarini ko‘rmagan bo‘lganimda, men ham seni o‘pmas edim”.

Shu sababdan Ka’baning boshqa joylarini o‘pish, silash yoki undan yordam so‘rash joiz emas. Biz faqat Allohning amriga itoat qilib, yuzimizni qiblaga qaratib namoz o‘qiymiz. Ammo qalbimiz Alloh taologa bo‘lishi kerak.

Shunday qilib, qibla masalasi tushunarsiz yoki qiyin narsa emas. Alloh buyurganligi uchun biz Ka’baga yuzlanamiz. Chunki haqiqiy ibodat Allohga qaratilgan, Ka’ba esa birlashish va birlik ramzi sifatida belgilangan.

Vallāhu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0