Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Yo‘q, bunda hech qanday gunoh yo‘q, hech qanday muammo ham yo‘q. Hatto oldingi eri fosiq bo‘lmagan, ichmaydigan, chekmaydigan, solih odam bo‘lgan taqdirda ham, ajrashgandan keyin ayolning yana turmush qurishi mutlaqo halol va tabiiy holat.
Islomda ayol ajrashib, iddasini o‘tab bo‘lgach: “Endi umr bo‘yi yolg‘iz o‘tirib, azob tortib yashashi kerak”, degan hukm yo‘q.
Bu hayotning o‘zi. Inson och bo‘lsa — ovqat yeydi, chanqasa — suv ichadi. Ayol ham inson, uning ham ehtiyoji bor. Erkak uylanmoqchi bo‘lgani kabi, ayol ham erga tegishni xohlaydi. Bu ayb emas.
Afsuski, ba’zi odamlar, ayniqsa ayrim ayollar bu masalada nomardona gaplar qilishadi. Beva yoki ajrashgan ayol haqida:
Bu — zulm.
Xuddi o‘zi ovqatlanib o‘tirib, och odamni ko‘rsa g‘azablanib qaraydigan odamga o‘xshaydi. O‘zingning erin bor, lekin beva ayolga: “Erga tegma”, deyish — bu insof emas.
Ba’zilari hatto vahima soladi:
“Falonchi kelibdi, ehtiyot bo‘linglar, erlaringni mahkam ushlanglar”, deyishadi.
Go‘yo rizqni o‘zlari taqsimlayotgandek.
Holbuki:
-
Taqdir bo‘lsa — bo‘ladi.
-
Alloh xohlasa, erkak to‘rtta xotin ham oladi.
-
Alloh xohlasa, bugun ering bor, ertaga yo‘q bo‘lishi mumkin.
-
Bugun birov beva, ertaga o‘zing yoki qizing beva bo‘lishi mumkin.
Bu hayot — Alloh boshqarayotgan hayot. Unda o‘lim ham bor, taloq ham bor, kasallik ham bor.
Shuning uchun bu masalada felni keng tutish, Allohdan qo‘rqib gapirish kerak.
Sahobiy ayollar hayotidan dalil
Sahobiy ayollarga qarang. Asmo binti Umays roziyallohu anho:
-
Avval Ja’far ibn Abu Tolibning xotini edi. Ja’far shahid bo‘ldi. Rasululloh ﷺ uni “jannatda ikki qanot bilan uchadigan” deb maqtadilar.
-
Keyin Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga turmushga chiqdi.
-
Abu Bakr vafotidan so‘ng Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga turmushga chiqdi.
Ularning uchalasi ham jannat bashorati berilgan sahobalar.
Hech kim: “Nega yana turmush qilding?” deb Asmo roziyallohu anhoni ayblamagan.
Demak, ayol kishining turmush qurishi — shar’an mutlaqo joiz, tabiiy va halol.
Xulosa
Ayol kishi:
-
bir sabab bilan eridan ajralsa,
-
iddasini to‘liq o‘tab bo‘lsa,
-
keyin solih insonga turmushga chiqsa, gunohkor bo‘lmaydi.
Oldingi eri ichgan bo‘ladimi, ichmagan bo‘ladimi — bu shart emas. Alloh uni ham hidoyat qilsin. Lekin ayolga: “Endi sen umr bo‘yi yolg‘iz qol”, deyishga hech kimning haqqi yo‘q.
Vallohu a‘lam.