Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Savolda aytilgan holat ikki xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Agar o‘rtada turib bergan kishi haqiqatan munosib bir ayolni izlab, qidirib topsa va shu xizmat uchun haq olsa, bu muboh hisoblanadi. Chunki bu yerda haqiqiy foydali xizmat bor va shuning uchun pul olsa bo‘ladi, deyishgan.
Ammo shunchaki vositachilik qilgan, ya’ni hech qanday izlanish qilmay, faqat o‘rtaga tushib kelinni ko‘ndirgani uchun haq olsa, bu joiz emas, deyishgan. Masalan: “Falon kishi uylanmoqchi, faqat kelinni ko‘ndirish kerak. Men o‘rtaga tushib ko‘ndiraman,” deyishi va shuning uchun haq so‘rashi joiz emas.
Hadisda aytiladi:
“Kim birodariga shafoat (vositachilik) qilsa-yu, keyin unga hadya berilsa va uni qabul qilsa, u riba eshigidan kiribdi.” deyiladi.
Demak, shafoat (vositachilik) evaziga hadya yoki haq olish mumkin emas. Hatto kelishilmagan bo‘lsa ham, agar vositachilikdan so‘ng hadya berilsa va bu qabul qilinsa, riba hisoblanadi. Shuning uchun ayrim ulamolar riboni uch turga ajratib:
– Qarz ribosi
– Nasya ribosi
– Shafoat ribosi deb alohida sanashgan.
Bu faqat nikoh vositachiligida emas, balki boshqa holatlarda ham shunday. Masalan, kimdir bir kishidan qarz so‘radi, u esa bermadi. Keyin boshqa bir kishi o‘rtaga tushib: “Bunga qarz bering,” dedi va buning uchun haq oldi. Bu ham shafoat ribosi bo‘ladi.
Yoki kimdir ishga joylashmoqchi bo‘lsa, boshliqqa telefon qilib: “Shu odamni ishga oling,” degani uchun haq olsa, bu ham shafoat ribosi hisoblanadi.
Lekin agar o‘sha odam faollik ko‘rsatib, qizni topish uchun izlanib, qidirib, ma’lumot to‘plab, ko‘ndirish uchun harakat qilib, xizmat uchun haq so‘rasa, bu joiz bo‘ladi. Xuddi shuningdek, kimdir ishga joylashmoqchi bo‘lsa, hujjatlarini to‘ldirib, arizalar yozib, rasmiy jarayonlarni o‘tkazib berib, bu xizmat uchun haq olsa, bu ham muboh hisoblanadi.
Ammo shunchaki bir telefon qilib: “Falonchini ishga oling,” degani uchun haq olsa, bu shafoat ribosiga kiradi va joiz emas.
Vallohu a’lam.