Bismillah, alhamdulillah, vassalatu vassalamu ‘ala rasulillah, amma ba’d.
Bu darra urish masalasi – shariat ahkomlarining ijrosi masalasidir. Masalan, o‘g‘rining qo‘lini kesish, zinokor deb tuhmat qilgan kishiga 80 darra urish, zino qilgan kishiga (agar turmush qurmagan bo‘lsa) 100 darra urish, agar uylangan bo‘lsa toshbo‘ron qilish – bularning barchasi shar’iy qozining vakolatiga kiradi. Bu ishlar davlat e’tibori bilan, davlat rahbari tayinlagan qozi orqali amalga oshiriladi.
Bularni har kim o‘zicha qilavermaydi. Siz hozirgi kunda, masalan, “Bu odam tuhmat qildi” deb birovni ushlab kelib 80 darra urilayotganini ko‘rganmisiz? Bu musulmonlarning o‘zicha qiladigan ishi emas. Agar biror kishi “men shariy hukmni ijro qilyapman” deb o‘zi bunday jazoni bersa, u xato qilgan bo‘ladi.
Qo‘lni kessa ham, bu xatodir. Nega? Chunki bu kesish vakolati unga emas. Ishning o‘zi to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, lekin uni bajarayotgan shaxs noto‘g‘ri. Uni bajaruvchi albatta qozi bo‘lishi kerak. Bu – Allohning hukmini rad qilish emas, balki uni to‘g‘ri shartlar bilan, vakolatli shaxslar orqali bajarish zarurati haqida.
Shartlar to‘g‘ri bo‘lmasa, uni amalga oshirish mumkin emas. Hozir musulmonlar zaif holatda. Xuddi namozni tik tura olmaydigan odam o‘tirib o‘qiyotgani kabi, bunday hukmlarni hozirgi holatda ijro etish mumkin emas.
Agar odamlar o‘zlaricha to‘rt kishi yig‘ilib, o‘g‘rining qo‘lini kesadigan bo‘lsa, ertaga uning qarindoshlari kelib qo‘l-oyog‘ini kesib ketadi, hatto boshini ham. Natijada katta fitna – urush, qon to‘kilishi, hatto butun qabila yoki xalqlar o‘rtasida dushmanlik boshlanishi mumkin. Bitta o‘g‘rining qo‘lini kesaman deb butun shahar vayron bo‘lishi hech gap emas. Shuning uchun bu ishlarni faqat qozi qilish kerak.
Barcha ulamolar fikri shu. Men bu borada xilof fikr bildirgan biror olimni bilmayman. Ya’ni bu – mujma’ alayh (barchaning ittifoqdagi) masala deyish ham noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
Shuning uchun, zinokorlikda ayblangan kishiga 80 darra urish – qozining ishi. Qozi bu jazoni qanday beradi? Bu uning mazhabiga bog‘liq. Masalan, agar bir odam butun bir jamoani zinoda ayblasa – “hamma fohisha” desa, “sizlar zinodan bo‘lgansizlar” desa, bu odam 100 kishining sha’niga tuhmat qilgan bo‘ladi.
Endi savol: bu odam har bir ayblangan kishi uchun 80 darra uriladimi? Yoki bu 80talar bir-biriga kirishib, bitta jazo bilan kifoyalanadimi?
Bu ixtilofli masala. Hanafiy mazhabida, agar bir jamoa ayblansa, bu tuhmatlar bir-biriga tadoxul qiladi (birikadi), ya’ni bir marta 80 darra bilan kifoyalanadi. Xuddi bir nechta janob holati bo‘lgan odam bitta g‘usl bilan poklanadigandek.
Shofe’iy ulamolari esa deydiki: “Yo‘q, bu masalada bandaning haqqi birinchi o‘rinda turadi. Bu ibodat emas, odamlar haqi. Har bir odam alohida haq so‘rashi kerak.” Xuddi bir kishi 10 kishidan 1000 so‘mdan qarz olsa, keyin “men sizlarga umumiy 1000 so‘m berdim” deb ularni uzolmaydi-ku. Har biriga alohida berishi kerak. Shu kabi, tuhmat qilgan odam ham har bir kishining roziligini olishi, jazoni har biri uchun alohida olish kerak bo‘ladi.
Bu masala – fiqhiy ixtilofli masala. Qozi Hanafiy bo‘lsa, o‘zining mazhabiga qarab hukm qiladi. Shofe’iy bo‘lsa, o‘zining yo‘liga amal qiladi.
Lekin hozirgi kunda bu hukmlarni ijro etish mumkin emas, chunki shartlar yo‘q. Shuning uchun: “50 marta 80ta darra uriladimi, yo bir martada kifoyalanadimi?” – degan savollar hozir amaliy emas. Faqat hukmini bilib qo‘yish uchun foydalidir.
Aslida bu – hanafiylar bilan shofe’iylar o‘rtasidagi ixtilofli masalalardan. 80 ta bilan barchasiga yetadimi, yoki har biri uchun 80tadan urish kerakmi – bu qozining mazhabiga bog‘liq.
Lekin tavba masalasi har holda qoladi.
Bu ochiq banda bilan Alloh o‘rtasidagi masala. Shuningdek, tuhmat qilingan odamlarning roziligini olish ham kerak bo‘ladi. Bu esa qozining ishi emas. Kishi o‘zi borib, iloji boricha har bir kishidan rozi bo‘lishini so‘rashi kerak:
“Fattaqullaha mastato’tum” – Allohdan qo‘rqinglar va imkon qadar (rostgo‘y, adolatli) bo‘linglar.
Agar bir kishi tuhmat qilgan bo‘lsa, borib, samimiy tarzda: “Men sizga tuhmat qilib qo‘yganman, iltimos, meni kechiring”, – desa, bu bilan insha Alloh masala yechiladi. Allohdan istig‘for so‘ralsin. Alloh bilan banda o‘rtasidagi gunohlar engilroq.
“Ey Rabbim, o‘zing kechir” deb chin qalbdan istig‘for so‘ralsa, Alloh kechiruvchi, rahmli Zotdir. Musulmonlarga yaxshilik tilang, duo qiling. Agar biror kishiga yomon so‘z aytgan bo‘lsangiz, uning haqqiga duo qiling va keyingi hayotingizni yaxshilashga harakat qiling.
Vallohu a’lam.