Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Inson chin dildan Allohdan duo qilib so‘raganini darhol berilavermasligini hikmati nimada?

Inson chin dildan Allohdan duo qilib so‘raganini darhol berilavermasligini hikmati nimada?

Nashr sanasi: June 9, 2025

Savol :

Inson chin dildan yig‘lab, yolvorib, namozlarida, sajdalarda, tahajjud namozlarida Allohga duo qiladi, lekin so‘ragani darhol berilavermaydi. Buning hikmati nima? Ba’zida umidsizlanib, tushkunlikka tushib qolaman.

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Inson so‘ragan narsasini doimo berilmasligini sababi, inson uchun nima foydali ekanini faqat Alloh taolo biladi. Shuning uchun, sizning bugungi holatingiz — aynan Alloh taolo bilib bergan eng yaxshi holatdir. Lekin Alloh hech qachon duoga javob bermay qo‘ymaydi. Bu dunyoda ijobat bo’lmagan duolarni Alloh oxirat uchun olib qo‘yadi va qiyomat kuni bu duolar savob tarozusiga qo‘yiladi.

Bismillah, alhamdulillah, vassalatu vassalam ‘ala rasulillahi va ba’d. Inson so‘ragan narsasi berilmasa, bu Alloh unga yomonlik qilganini anglatadimi? Buni odam avvalo tushunib olishi kerak. Har so‘ragan narsasini darrov berish inson uchun haqiqatan ham yaxshimi?

Inson holati shundayki, u go‘yoki yosh bolaga o‘xshaydi. Masalan, bola nimani desa, beraversangiz: “Halva yeyman,” desa halva bering, “Sovuq suv ichaman,” desa sovuq suv bering, marojni ko‘rsa yeyman desa — hammasini beraversangiz, oxiri kasal bo‘ladi. Bu esa hikmatli ish bo‘lmaydi, to‘g‘rimi?

Siz farzandingizdan aqlliroqsiz. Shu sababli ota-ona ko‘p narsalarda farzandni to‘xtatadi, ayrim narsalarni bermaydi, ba’zi joylarga qo‘ymaydi. Nega? Farzandining manfaati uchun.

Biz ham aynan shundaymiz — o‘z manfaatimizni har doim tushunmaymiz. Alloh esa biladi. Agar inson so‘ragan har bir narsani Alloh darrov beraversa, bu dunyo qanday bo‘lib qoladi?

Agar hozir 8 milliard odam nima so‘rasa, Alloh darrov beraversa — masalan, har kim “Podshoh bo‘lay,” desa — unda 8 milliardta podshoh bo‘ladimi? Har kim: “Hamma narsa meniki bo‘lsin,” desa, hayotda tartib qoladimi? Insonning istaklari cheksiz — uni cheklab turgan hikmat bor.

Alloh taolo aytadi:
“Am lil insāni ma tamanna? Falillāhil ākhiratu wal-ūlā.”
(Inson istagan narsasi unga bo‘ladimi? Oxirat ham, dunyo ham faqat Allohnikidir.)

Ya’ni, inson nima orzu qilsa, hammasi unga bo‘laveradimi? Yo‘q. Chunki dunyo va oxiratni Alloh biladi. Inson uchun nima foydali ekanini faqat Alloh taolo biladi. Shuning uchun, sizning bugungi holatingiz — aynan Alloh taolo bilib bergan eng yaxshi holatdir.

Alloh — Hakim Zotdir. Kimga qancha umr, qancha ilm, qancha boylik, qancha saltanat berishni o‘zi biladi.
Agar har so‘ragan narsani Alloh beraversa, bu dunyo tizimi buzilib ketadi.

Lekin Alloh hech qachon duoga javob bermay qo‘ymaydi. Savolda aytilayotgani kabi: “Alloh so‘ranglar, ijobat qilaman, deganku?” — bu to‘g‘ri. Alloh ijobat qiladigan Zot.
Lekin bu “so‘raganingni darrov beraman” degani emas.

“Ijobat qilaman” degani: “So‘rang, men sizga javob beraman,” degani. Siz duo qilsangiz, Alloh albatta javob beradi. Ba’zida undan ham yaxshirog‘ini beradi, yoki ayni paytda o‘sha narsani beradi, yoki o‘rniga biror balo-qazoning qaytishiga sabab bo‘ladi.

Bu Qur’oni karimda dalil bilan sobit. Yoki Alloh bu duoni oxirat uchun olib qo‘yadi. Qiyomat kuni inson duo qilgan va lekin bu dunyoda ijobat bo‘lmagan holatlarni ko‘rib, savob tarozusiga qo‘yilganini ko‘radi. “Bu nima?” desa, unga aytiladi: “Bu falon vaqtda qilgan duong. Shu duong uchun Alloh mana bularni berdi.”

Shunda inson orzu qilib qoladi: “Koshki, men hayotim davomida duo qila-qila yurib, birortasi bu dunyoda ijobat bo‘lmagan bo‘lsa edi,” — deb. Chunki ayni kerak paytda, oxiratda, o‘sha duo asqotadi.

Shuning uchun, duo hech qachon bekor ketmaydi. Bilinki, inson duo qilsa — albatta foydasi bor:

yoki Alloh beradi,

yoki balo-qazoni qaytaradi,

yoki kelajak uchun saqlaydi,

yoki keyinchalik ijobat qiladi,

yoki oxirat uchun olib qo‘yadi.

Alloh taolo aytdi: “Ud’ūni astajib lakum” — “Menga duo qilinglar, men sizlarga javob beraman.”

Alloh subhānahu va taolo va’dasiga sodiq Zotdir. Shuning uchun har doim duo qilishimiz kerak. Yurgan-turganimizda ham, har qanday ehtiyojimizda Allohdan so‘rashimiz kerak.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Hajga borish uchun pora bersa bo‘ladimi?

    July 19, 2025
  • Qoshlarni “pudra sepilishi” uslubida tatuaj qildirish haqida.

    July 18, 2025
  • Ayol kishi kindigini teshtirib, zirak taqishi joizmi?

    July 18, 2025
  • Ayol kishi mo‘ylovini olsa bo‘ladimi?

    July 18, 2025
  • To‘ylarda ofitsiant bo‘lib ishlaydigan kishining savoli.

    July 17, 2025
  • Uyni bitishidan avval sotib olish hukmi.

    July 16, 2025