Bismillah,
Alloh ta`ologa hamdu sanolar, undan keyin payg`ambar bo`lmaydigan payg`ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomat ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo`lsin.
Tarovih namozida hatm qilganligi uchun imomga biron-bir hadya yoki sovg‘a sifatida nimadir to‘plab berish joizmi yoki yo‘qmi, bu masalada ulamolar shunday deydilar:
Agar imom yoki qori masjidda imomlik qilishni shartlashgan bo‘lsa, pul yig’ib olishi yaxshi emas. Masalan, “Men mana shu masjidda imomlik qilib, hatm o‘tkazib beraman, lekin buning evaziga shuncha miqdorda haq berasizlar,” deb shart qo‘ygan bo‘lsa, bu joiz emas. Ayrimlar hatmni tezroq tugatish uchun 3-6 pora yoki undan ham ko‘proq o‘qib, ko‘proq hatm qilaman va ko‘proq pul topaman, deb niyat qilishadi. Alloh saqlasin. Bunday tarzda shartlashish yaramaydi.
Ammo agar jamoat o‘z ixtiyori bilan nimadir yig‘ib, ko‘nglidan chiqarib bersa, uni olish joiz. Bu haqda Ibn Qudoma rohimahulloh o‘zining kitobida shunday deydi: Imom Ahmaddan rivoyat qilinadi, u zot aytganlar: “Zakot bermaydigan imom ortida namoz o‘qimanglar. Agar biron-bir miqdorda haq bersangizlar, imom bo‘laman, deb shart qo‘ygan odam ortida ham namoz o‘qimanglar.”
Ammo hech qanday shartlashmagan holda imomga hadya berishsa, bu zarar qilmaydi. Masalan, jamoatning o‘zi: “Imkon bo‘lganlar yig‘ib bersin, xohlagan beradi, xohlamagan bermaydi,” desa va yig‘ilgan mablag‘ni imom qabul qilsa, bu joizdir. Bunda muammo yo‘q.
Lekin imomlarga nasihat shuki, hech qachon qilayotgan ibodatlari orqali dunyoviy manfaat izlamasinlar. Chunki ibodat — Alloh uchun qilinadi. Chiroyli qilib tarovih o‘qib, qiroatingiz orqali odamlar qalbiga ta’sir qilganingiz uchun Alloh huzurida savob olasiz. Ammo faqatgina pul evaziga qiroat qilinsa, bu ibodatning ajri kamayishi yoki umuman yo‘qolishi mumkin.
Shayx Shinqitiy hafizahulloh aytganlaridek: “Qubo masjidida imomlik qilgan vaqtimda, birinchi marta maoshni olib kelib berganlarida, ko‘zimga yosh keldi. Shuncha odamning savobini mana shu oylikka almashtiramanmi?” Shuning uchun imom Allohdan taqvo qilib, niyatini sof qilishi lozim.
Ammo shartlashilgan holda o‘qilgan namozning hukmi haqida:
Agar shartlashilgan holda imomlik qilinsa ham, uning ortida namoz o‘qish durust hisoblanadi. Lekin shartlashishning o‘zi yoqimsiz holatdir. Ba’zi ulamolar shunday deydilar: “Boshidan shartlashilganini bilgan holda, bunday imomning ortida namoz o‘qimagan ma’qul.”
Vallohu a’lam.