Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Ro’za >Iftorlik va saharlik paytida azon aytilayotganda ovqatlanishning hukmi qanday?

Iftorlik va saharlik paytida azon aytilayotganda ovqatlanishning hukmi qanday?

Nashr sanasi: January 30, 2025

Savol :

Ustoz, ro‘zador saharlikka uxlab qolsa va azondan 10 daqiqa oldin uyg‘onsa, saharlik qilib, azondan 5-10 daqiqa keyin og‘iz yopsa bo‘ladimi? Iftorlik va saharlik paytida azon aytilayotganda ovqatlanishning hukmi qanday?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Javobning qisqacha mazmuni: Iftorlikda azon aytilayotgan paytda yeb-ichish joiz, ammo saharlikda azon aytilishi bilan to‘xtatish kerak.

Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.

Savol bir qancha nuqtadan iborat ekan. Iftorlik va saharlik paytida azon aytilayotganda ovqatlanishning hukmi qanday?

Iftorlik masalasi:

Iftorlik mahalida muammo yo‘q, ya’ni agar azon o‘z vaqtida aytilgan bo‘lsa, ro‘zador azon aytilishi bilan ro‘zasini ochishi mumkin. Muazzin azon aytayotganda ro‘zador hurmo, suv yoki boshqa narsalar bilan ro‘zasini ochishi mustahabdir. Bu sunnatga muvofiq bo‘ladi, chunki iftor qilishda shoshilish ham sunnat sanaladi, xuddi saharlikni kechiktirish kabi.

Hatto ulamolar o‘rtasida muazzin avval nimadir yeb og‘zini ochib keyin azon aytgan yaxshimi yoki avval azon aytib keyin ro‘zasini ochgan yaxshimi degan masalada ixtilof bo‘lgan. Ba’zi ulamolar sunnatga muvofiq bo‘lish uchun muazzin avval nimadir yeb, so‘ng azon aytishi yaxshiroq deb hisoblashgan. Ammo eng afzali – muazzin azonni vaqt kirishi bilan aytishi, chunki unga qarab jamoat ham ro‘zasini ochadi. Agar muazzin avval o‘zi ochsa, jamoat biroz kechikishi mumkin. Shu sababli jamoat manfaatini ko‘zlab, muazzin azonni o‘z vaqtida aytishi va jamoatning ham shu paytda og‘iz ochishi sunnat hisoblanadi.

Saharlik masalasi:

Saharlik paytida azon aytilayotgan bo‘lsa yoki kishi kechroq turib qolgan bo‘lsa, saharlikni azon aytilgandan keyin 5-10 daqiqa davom ettirsa bo‘ladimi?

Bu masalada asosiy qoida shuki, bomdod vaqti kirgan zahoti ovqatlanish to‘xtatilishi kerak. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Bilol kechasi azon aytadi. To Ibn Umm Maktum azon aytguncha yeyaveringlar, ichaveringlar,” deganlar.

Demak, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) davrida ikki marta azon aytilgan: birinchisi – uxlayotganlarni uyg‘otish va saharlik borligini eslatish uchun, ikkinchisi esa – bomdod vaqti kirishi bilan. Ibn Umm Maktum azon aytganida esa, ovqatlanish to‘xtatilishi kerakligi aniq ko‘rsatilgan.

Asosiy masala shundaki, muazzin azonni o‘z vaqtida aytayaptimi yoki yo‘qmi – shu aniqlanishi kerak. Ayrim joylarda bomdod vaqti kirgach, azon aytiladi. Bunday holatda saharlikni azon vaqti yetib kelguncha davom ettirib bo‘lmaydi, balki vaqtga qarab to‘xtatish kerak.

Agar siz yashayotgan joyda azon o‘z vaqtida aytilayotgan bo‘lsa, u holda aynan o‘sha paytda saharlikni to‘xtatish kerak bo‘ladi. Ba’zi joylarda esa taqvim ehtiyot yuzasidan bomdod vaqtini 10 daqiqa oldin belgilaydi va bu noto‘g‘ri hisoblanadi. Chunki sunnatda saharlikni kechiktirish afzal deb ko‘rsatilgan.

Agar muazzin azonni kech aytayotgan bo‘lsa, unda vaqtga e’tibor berish lozim. Asosiysi – vaqt kirishi bilanoq ovqatlanishni to‘xtatishdir. Hatto ulamolar: “Agar kishi ovqat yeyayotgan bo‘lsa va azon o‘z vaqtida aytilsa, u ovqatni og‘zidan chiqarib tashlashi kerak,” deb ta’kidlaydilar. Chunki azon aytilganda yeyishda davom etsa, ro‘zasi ochilgan hisoblanadi va qazo qilish lozim bo‘ladi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kim azonni eshitsa va qo‘lida idish bo‘lsa, ehtiyojini qondirmaguncha qo‘yib yubormasin,” deganlar. (Abu Dovud rivoyati). Shunday ekan, agar azondan oldin og‘izdagi ovqat yoki qo‘ldagi suv ichilayotgan bo‘lsa, uni tugatib olish joiz. Ammo bu faqat azon vaqtidan oldin aytiladigan bo’lsa amal qilinadi. Agar azon o‘z vaqtida aytilayotgan bo‘lsa, ovqatlanish darhol to‘xtatilishi lozim.

Ba’zi odamlar kechroq turib qolsa yoki azon allaqachon aytilgan bo‘lsa, “Alloh kechiradi” deb bir-ikki qultum suv ichib olmoqchi bo‘ladilar. Bu noto‘g‘ri hisoblanadi. Chunki agar bomdod vaqti allaqachon kirgan bo‘lsa, sabr qilib kun bo‘yi ro‘za tutish kerak bo‘ladi.

Ulamolar – agar kimdir kechikib uyg‘onsa va bomdod vaqti o‘tib ketgan bo‘lsa, lekin hali hech narsa yemasdan turibdi, u shunchaki ro‘zasini davom ettirishi kerak deydilar. Ammo agar bilib-bilmay biror narsa yeb qo‘ysa, ro‘zasi ochiladi va qazosini tutish kerak bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda:

Iftorlik vaqti kirgan bo‘lsa, darhol og‘iz ochish sunnat.
Saharlikda bomdod vaqti kirgandan so‘ng ovqatlanish to‘xtatilishi kerak.
Azonning aynan o‘z vaqtida aytilayotganiga ishonch hosil qilish lozim.
Kim saharlikka uyg‘ona olmasa, niyati bilan uxlab qolsa ham, ro‘za tutishda davom etishi kerak.
“Alloh kechiradi” deb bomdod vaqtidan keyin yeb ichish mumkin emas.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Ustoz Yusuf Davron

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Etikof qachon ado etiladi?

    March 19, 2025
  • Ramazonda tishni davolash hukmi.

    March 8, 2025
  • Saharlik qilayotgan paytda azon aytilsa, qanday yo‘l tutish kerak?

    March 4, 2025
  • Ayollar taroveh namozini uyda o‘qishi.

    March 1, 2025
  • Ramazon oyida kun davomida oziq-ovqat sotish hukmi

    February 14, 2025
  • Sha’bon o’yida ro’za tutish hukmi.

    February 13, 2025