Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Savolda aytilayotgan bu amal, ya’ni aytganimizdek, “gap o‘ynash” deyiladi yoki ba’zilar “chorniy kassa” deb ham qo‘yiladi va hokazo har xil nomlar bilan ataladi. Nima bo‘lganda ham, bitta hamkasblar yoki jo‘ralar bir oyda bir, bir haftada bir pul berib yig‘ilib turishi, masalan, bir-biriga qarz berib turishi mumkin. Bu joizmi?
Ulamolar bu masalada ixtilof qilishgan. Zamonamiz aksari ulamolari, agar bu muomalaga boshqa munkar narsa aralashmasa, uning asli joiz ekanini aytishadi. Shariatda qoida bor: “har qanday qarz manfaat olib kelsa, u ribodir”. Har qanday qarz insonga manfaat olib kelsa, u ribo hisoblanadi.
Bu qoida hadis sifatida ham naql qilinadi, lekin bu hadis zaif sanaladi. Shu bilan birga, ulamolar hadis ma’nosiga ijmo qilishgan. Qarz, agar foyda olib kelsa, bu ribo bo‘ladi.
Ba’zi ulamolar: “Foyda olib kelayotgan qarzga misol — bir kishi 10 ta jo‘ra bilan kelishib, har biriga 1000 so‘mdan berib, keyin oxirida o‘zi 10 000 qilib olsa, bu ortiqcha foydadir,” deyishadi. Ya’ni qarz berganda 1000 so‘mdan berib, olganida 10 000 qilib olgan bo‘ladi. Bu foyda, ya’ni bergan qarzi unga manfaat olib kelib, harom sanaladi, deb aytgan ulamolar bor.
Ammo vallohu a’lam, buning zarari yo‘q. Ko‘pchilik ulamolar ham buning zarari yo‘q deyishadi. Nimaga? Chunki bu foydani bitta shaxs emas, barcha ishtirokchilar ko‘radi. Ya’ni qolganlar ham bo‘lib-bo‘lib berishadi va har bir kishi o‘z navbatida ana shunday pulni oladi. Demak, bu foyda faqat o‘ziga tegishli emas, balki hamma qatnashuvchilarga taalluqlidir. Shuning uchun buni joiz deb aytish to‘g‘riroq. Bu joiz deyilsa, riboviy qarz olishning yoki haromga tushib qolishning oldini olishga sabab bo‘ladi.
Aytaylik, insonga pul zarur bo‘lib qolsa, qarzga pul topolmasligi yoki riboga murojaat qilishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ana shunday holatlarda bu yo‘l bitta yechim bo‘ladi. Shu narsaga qatnashib, hozir pulini olib, keyin har oy boshqalarga bo‘lib-bo‘lib haqini bersa, bu joiz.
Endi mehmondorchilik masalasiga kelsak, bu ham shunday. Qolganlar qarz berib turib, o‘shanikida mehmon bo‘lishadi. “Qarzdan foydalanib qolyaptimi?” desangiz, qolganlar ham xuddi shunday qiladi. Har bittasining navbati kelganda, mehmondorchilik qilib beradigan bo‘lsa, bu barchaga yuklatilgan vazifa. Shuning uchun buning zarari yo‘q. Urfda bir dasturxon atrofida o‘tirib yig‘ilsa, va har bitta kishi buni qilib beradigan bo‘lsa, zarari yo‘q.
Faqat, munkar narsalar aralashmasligi kerak — musiqa, aroq, erkak-ayol aralash bo‘lishi va shunga o‘xshash narsalar yig‘ilishga aralashmasligi shart. Aslida, bu muomalani o‘zi joiz.
Vallohu a’lam.