Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Ha, mumkin. Chunki Alloh taolo Qur’onda shunday deydi:
“Sizlardan faqat zulm qilganlargagina emas, hammangizga tegadigan balodan qo‘rqinglar…”
(Anfal surasi, 25-oyat)
Ya’ni azob ba’zan umumiy tarzda keladi. Shunday holatda, taqvodorlar ham o‘sha jamiyatdagi gunohkorlar tufayli baloga giriftor bo‘lishi mumkin. Ammo qiyomat kuni har kim niyatiga ko‘ra tiriltiriladi. Taqvodor inson o‘z solihligi bilan vafot etsa, bu uning uchun karomat bo‘ladi.
Oysha onamiz Rasulullohdan Madinaga azm qilgan azob karvoni haqida so‘raganlarida:
“Ular orasida bozorchilar, begunoh kishilar ham bor-ku,” deganlarida, Rasululloh ﷺ aytdilar:
“Har kim niyatiga ko‘ra tiriltiriladi.”
Bu esa shuni bildiradiki, dunyoda azob umumiy bo‘lsa-da, oxiratda har kim o‘z holatiga qarab mukofot yoki jazoga loyiq bo‘ladi.
Lekin bir narsani unutmaslik kerak: Shariat faqat solih bo‘lishni emas, balki muslih (isloh qiluvchi) bo‘lishni ham talab qiladi. Agar taqvodor inson atrofidagilarni yomonlikdan qaytarmasa, u ham bu baloga loyiq bo‘lib qoladi. Chunki amr bil ma’ruf va nahy anil munkar — har bir musulmonga farzdir.
Payg‘ambarlar faqat solih bo‘lib o‘tirishmagan. Ular isloh qilish, jamiyatni tuzatish uchun jon kuydirganlar. Nuh alayhissalom 950 yil davomida da’vat qildilar. Bu bizga ibrat. Isloh qilmaslik — jamoaviy halokatga olib keladi.
Bir rivoyatda Jibril (alayhis-salom) bir qishloqni halok qilish uchun yuboriladi. U yerda ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan solih kishini ko‘radi va Allohga bu haqda aytadi. Alloh aytadi:
“Halokatni uning uyidan boshlang! Chunki u hech kimni isloh qilmadi.”
Shuning uchun har birimiz o‘zimizni tuzatish bilan birga, boshqalarni ham yaxshilikka da’vat qilishimiz kerak:
– Ota-onalar farzandlariga,
– Er-xotin bir-biriga,
– Qo‘ni-qo‘shnilar bir-biriga nasihat qilishi kerak.
Agar bu tark etilsa, balo hammamizga umumiy keladi. Bugungi kunda qimmatchilik, hosillarning nobud bo‘lishi, xorijiy axloqsiz madaniyatlarning jamiyatga kirib kelishi — bularning barchasi ichki islohsizlikdan, gunohlarning ko‘pligidan. Xuddi daraxtga tushgan qurt kabi, jamiyat ham ichidan yemirila boshlaydi.
Qur’on hikoya qilgan qavmlar — Shuayb, Lut, Nuh, Muso va boshqalarning qissalari — bular ogohlantirishdir. Alloh taolo aytadi:
“Azob zolimlardan uzoq emas.”
Demak, bu bizdan ham yiroq emas. Agar isloh qilmasak, biz ham o‘sha qavmlarga o‘xshab qolamiz. Alloh barchamizni bunday azoblardan asrasin.
Vallohu A’lam.