Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi Payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo‘lsin.
Endi imkoniyatga qarab. Kimdir, masalan, “Qur’on o‘qitish kerak” desa ham, Qur’on o‘qitish imkoniyati bo‘lmaydi. Ba’zi joylarda hamma bolaga Qur’on o‘qitish imkoni yo‘q. Unday paytda o‘sha ingliz tili, matematika, oddiy o‘qish-yozishni o‘rgansin — bola umri bekorga o‘tmasin.
Ya’ni bola yoshligidan o‘qish-yozishda, bir gramatikada, saqofatda, bilimli bo‘lishi kerak. Qoloq bo‘lib, o‘z ismini ham yozolmaydigan bo‘lmasin. Endi, Qur’on o‘qitish imkoniyati bor bo‘lsa — albatta Qur’on afzal. Bunda gap yo‘q. Bu — Allohning kalomi.
Qur’onni yodlab olgandan keyin ingliz tili, matematikani o‘qitsa, bola juda tez o‘rganadi. Masalan, 30 para Qur’onni yodlagan bola, agar 8–9 yoshgacha yodlab olsa, undan keyin nima bersangiz ham o‘zlashtiradi. Siz berib charchaysiz. Ingliz tili bo‘ladimi, maktabmi — tez oladi.
Shuning uchun javob shuki: imkoniyatga qarab. Kim qanday imkoniyatda bo‘lsa. Hamma bolaga bir xil qilish kerak deb bo‘lmaydi. “Avval Qur’on yodlatish kerak” desak — kim yodlatadi? Qur’on qani? Muallim qani? Sharoit qani?
Ba’zi joylarda maktab bor, muallim bor, dars bor — o‘sha bo‘yicha bola o‘qiyversin. Qur’on o‘rganish imkoniyati topilguncha. Ammo ba’zi holatlarda Qur’on o‘qishga tayyor ustoz, joyi bor, imkoniyat bor — o‘sha joyda bolani olib boshqa ingliz tiliga o‘tkazish noto‘g‘ri bo‘ladi.
Bu xuddi o‘sayotgan o‘simlikni ildizi bilan yulib, boshqa joyga ko‘chirgandek bo‘ladi. Tomir otguncha vaqt ketadi, ba’zida qurib qoladi.
Alloh taolo aytadi:
أَتَسْتَبْدِلُونَ ٱلَّذِي هُوَ أَدْنَىٰ بِٱلَّذِي هُوَ خَيْرٌ
“Yaxshini yomon narsa bilan almashtirasizlarmi?”
(Baqara, 61-oyat)
Qur’on yodlashga boshqa narsani tenglashtirib bo‘lmaydi. Lekin hamma vaqt Qur’on yodlash hammaga nasib qilavermaydi. Hamma sharoit ham doim bo‘lavermaydi. Hamma ham Qur’on yodlayvermaydi. Bu holat ham bor.
Bolani qobiliyatiga ham qaraladi. Bir bola bor — Qur’ondan zerikib qolgan, Qur’on o‘qishga moyilligi yo‘q. Uni nima qilasiz endi? Majburlab, urib, oyoq-qo‘liga miq tiqib Qur’on o‘rgatasizmi?
Ba’zi qorilar bo‘ladi — olib kelgan 30 ta bola ichida 30 tasi qori bo‘lib chiqishi kerak deydi. Qori bo‘ladi, lekin undan 20 tasi mayib bo‘lib chiqib ketadi. Jismoniy emas, ma’naviy mayib. Qur’onga nisbatan nafrat bilan chiqib ketadi. Chunki zo‘rlab yodlagan, kaltaklangan.
Bunday yodlagandan ko‘ra — ko‘chada to‘p tepib yurgani yaxshi bo‘ladi o‘sha bolaning. Shuning uchun uslubga qarash kerak, ustozga qarash kerak.
Ya’ni har bir holatda fatvo odamiga, sharoitiga qarab aytiladi.
Vallohu a’lam.