Bismillahir rohmanir rohiym. Vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillah, amma ba’d.
Yo‘q, shariatda birinchi ayolning ikkinchi ayolga nisbatan, “Men shunday shart qo‘yaman” deyishga haqqi yo‘q. Shart degani — ikki tomonlama kelishuv bo‘ladi. Oldi-sotdi ishlarida, sherikliklarda tomonlar o‘zaro shart qo‘yishlari mumkin. Agar biror aloqa yoki sheriklik bo‘lsa, unda bu shartlar o‘rinli bo‘ladi. Ammo kundoshlar o‘rtasida ham bu kabi rasmiy aloqa yo‘q bo‘lsa, birining boshqasiga shart qo‘yishi o‘rinsiz.
Agar birinchi xotin: “Ikkinchi xotin mana bunday yashaydi, mana bunday qilmasa bo‘ldi, ketadi. Shunga ko‘nmasa talog‘ini beraman”, — desa, bu zulm bo‘ladi. Bunday ayol o‘z haddidan oshgan bo‘ladi. Ko‘pchilik birinchi ayollar ikkinchi xotinni birovning eriga tegib olgan, kirib kelgan kelin deb hisoblaydi. Bu juda noto‘g‘ri tushuncha.
Axir bu erkak birinchi xotinining shaxsiy mulki emas-ku! Alloh taolo erkakka to‘rttagacha xotin olishga ruxsat bergan. Kimki eplay oladi, adolat bilan muomala qila oladi — oladi. Shunday ekan, birinchi xotin ikkinchi xotinga turli haqoratomuz gaplar gapirib, uni “birovning eriga tegib olgan”, “yo‘ldan urgan”, “suyuqoyoq”, “fohisha” deb atashi – og‘ir gunohdir. Allohdan qo‘rqaylik! Taqvo qiling!
Sizda ham qiz bor, sizda ham singil bor. Ertaga eringiz vafot etsa, yoki sizning ham boshingizga mana shunday holat tushsa-chi? Birinchisiz deb hozir o‘zingizni ustun tutayotgan bo‘lsangiz ham, kelajakda siz ham kimningdir ikkinchi yoki uchinchi xotini bo‘lib qolishingiz mumkin. Bunday holatlarni ko‘p ko‘rganmiz.
Bugun birinchi xotin bo‘lib, boshqalarni oyoq osti qilayotgan ayollar ertaga o‘zlari ham boshqa bir erkakning ikkinchi yoki uchinchi xotini bo‘lib qolishlari mumkin. Bu Allohning qadari. Shu sababli “birinchi” va “ikkinchi” degan raqamlar asosida farq qilish to‘g‘ri emas. Agar bir erkak uylangan bo‘lsa, barchasi uning xotinidir, barchasining teng haqlari bor. Har birining o‘z haqqi, o‘z o‘rni bor.
Farzandlar misolida ham shuni ko‘rish mumkin. Ota-ona uchun birinchi farzandmi, ikkinchisimi – farqi yo‘q. Kim zaifroq bo‘lsa, ota-ona shuni ko‘proq ko‘z-quloq qiladi. Bir a’robiydan: “Qaysi farzandingizni ko‘proq yaxshi ko‘rasiz?” — deb so‘rashganda: “Kichigim katta bo‘lguncha, kasalim sog‘ayguncha, musofirim qaytib kelguncha,” — deb javob bergan.
Bu – ota-onalarning tabiati. Farzandlari o‘rtasida muvozanat saqlashga harakat qilishadi. Kim ko‘proq topayotgan bo‘lsa, undan olib boshqasiga beradi. “Men topganimni nega unga berishim kerak?” — degan farzand – noshukr farzand hisoblanadi. Chunki siz topayotgan narsangiz ota-onangizning duosi sababli bo‘lishi mumkin.
Xotinlar masalasida ham shunday. Ammo bugun bizga rus yoki kufr tizimining ta’siri shunchalik singib ketganki, odamlar faqat “birinchi xotin – o‘zining xotini” deb o‘ylaydi. So‘rashsa: “Qayerdasan?” desa, “O‘zimning xotinimnikidaman,” – deydi. Go‘yoki boshqasi kimningdir xotini! Axir bu ham uning xotini-ku!
Bu noto‘g‘ri tushunchalar jamiyatimizga sindrom holida singib ketgan. Shuning uchun barchamiz bu borada o‘zimizni to‘g‘rilashimiz, shariatga qarab yashashimiz kerak. Axir musulmonmiz-ku! Musulmonlar har bir narsada shariatni mezon qiladi. Nega bu masalada shariatni chetga chiqaramiz?
Yana bir holat – ba’zilar eri ikkinchi xotinga borganda, vaqt, kun, hatto soatlab shart qo‘yadi: “Faqat shanba kuni borasan, seshanba bo‘ldi, bo‘ldi, yo‘q!” Yoki: “Kech soat 11:00 da kirasan, bomdodgacha chiqib kelasan.” Eri xotinini oldiga olib boradi, pastda mashinada kutib o‘tiradi. Bu qanday holat? Bu qanday sharmandalik? Bu insofsizlik!
O‘zimizni to‘g‘rilaylik, musulmon ekanimizni esdan chiqarmaylik! Har birimizda qiz bor, singil bor. Mo‘minlar bir-birining do‘sti, himoyachisi. Mo‘min erkaklar va mo‘min ayollar bir-birining aka-ukasi, opa-singlisi.
Shuning uchun “biri yuqori, biri past” deb farqlash noto‘g‘ri. Ba’zi birinchi xotinlar “ikkinchi xotin bo‘lsa, bo‘ldi – ket!” deb, eri orqali shart qo‘yadi. Bu – zulm. Shariatda “shartlashish” degan narsa bunday holatda yo‘q. Bularning barchasi – biz shariatdan uzoqlashganimizning natijasi.
Vallohu a’lam.