Bu masalada ulamolar to‘rt oy muddatni belgilashgan. Qur’oni Karimda er o‘z xotiniga yaqinlik qilmaslikka qasam ichgan holatda, bu muddat to‘rt oy deb ko‘rsatilgan. To‘rt oydan keyin esa u kishi qasamini buzishi yoki taloq berishi lozim. Shunga asoslanib, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu askarlarga xotinlarini to‘rt oydan ortiq tashlab ketmasliklarini buyurganlar.
Bundan shunday xulosa chiqadi: ayolini to‘rt oydan ortiq tashlab ketish erkakka harom bo‘ladi, agar ayoli bu holatdan norozi bo‘lsa. Agar ayol rozilik bildirsa, ehtiyoj tufayli uzoqroqqa ketishiga ruxsat bor. Masalan, rozi bo‘lib: “Borib ishlab kel, uy-joyimizni quramiz, bolalarimizni o‘ylaymiz,” desa, bu holatda er uzoqroqqa borishi mumkin. Ammo ayol: “Men seni sog‘indim, qayt,” deb turgan holatda, erkak qaytmasa, zulm qilgan bo‘ladi.
Bu holda u erkak xotinini rozi qilishi yoki taloq berishi kerak. Uchinchi yo‘l yo‘q – aks holda zolim hisoblanadi. Erkak kishi ayolga uylanganidan so‘ng, xotinining haqlari bo‘ladi, xususan yaqinlik haqi. Ulamolar ayolni to‘rt oydan ortiq tashlab ketish mumkin emas, deb aytishadi. Agar ayol bu holatdan norozi bo‘lsa va talab qilsa, qozi uning talabini qondirishi kerak.
Imom Molik va Imom Shofeiy mazhablarida, agar er xotinini to‘rt oydan ortiq tashlab ketsa, xotin qoziga murojaat qilib, nikohni buzdirishga haqli bo‘ladi. Imom Abu Hanifa rahimahulloh esa: “Qozi erni chaqiradi, vazifangni ado et,” deydi. Aslida, ma’no bir xil: agar ayol eri kelishini so‘rasa va u bormasa – harom ish qilgan bo‘ladi, zulm bo‘ladi.
Zolim holatda o‘lgan kishi, Alloh saqlasin, og‘ir javobgarlikka tortiladi. Shu bois, erlar xotinlarining haqlarini unutmasinlar. Ko‘pincha erlar bu masalada Allohdan qo‘rqmay, xotinlariga zulm qilib yurishadi.
Agar ayol rozilik bildirsa – “Ishlab keling, men sabr qilib kutaman,” desa – bu holatda muammo yo‘q. U bolalariga qarab tursa, er esa moddiy jihatdan yordam berib tursa, bu er-xotin o‘rtasida kelishuv asosida bo‘ladi.
Ammo muammo shunda bo‘ladiki, agar ayol zorlanib, sog‘inganini aytib, qaytishini so‘rasa, er esa baribir qaytmasa – bu holda u gunohkor bo‘ladi. Bu – xotinining haqqini yeb qo‘ygan, vojib bo‘lgan haqlarni ado etmagan bo‘ladi.
Bunday hollarda ko‘p erkaklar zulm qilishayotgan bo’ladilar. Alloh hammamizga tavfiq va hidayat bersin. Bu masala har bir mo‘min uchun muhim bo‘lib, albatta e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Zolim bo‘lishdan saqlanaylik, hatto mazlum bo‘lsak ham.
Alloh isloh qilsin, vallohu a’lam.