Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bu juda achinarli holat. Nima deyish mumkin — yurak eziladi. Bu qanday hayot bo‘ladi? Eri safarga chiqsa, bir oy ichida ayolni boshqa birovga turmushga berib yuborish… Men bunday holatni hali eshitmaganman. Bu o‘zbek jamiyatida og‘ir holat. O‘zi ajrashish masalasi ham yengil masala emas.
Alloh hidoyat bersin. Bu holat avvalo shariatga xilof. Agar er taloq bermagan bo‘lsa, ayolni boshqa kishiga turmushga berish mutlaqo mumkin emas.
Rasululloh ﷺ aytganlar:
إِنَّمَا الطَّلاَقُ لِمَنْ أَخَذَ بِالسَّاقِ
“Taloq — oyoqni ushlagan (ya’ni nikohdan so‘ng yaqinlik qilgan) shaxsning haqqidir.” Yani erning haqqidir. (Ibn Moja, 2081; sahih darajasiga yetgan deb baholagan: Shayx Albani, Irwā’ al-Ghalīl, 2041).
Demak, er ruxsat bermasa, ayol boshqa birovga turmushga chiqolmaydi. Ayol erining nikohida turayotgan bo‘lsa, ota-onasi uni boshqa kishiga bera olmaydi. Bu ayol Allohning kalimasi bilan bir kishiga turmushga chiqgan — bu nikoh, bu rishta, bu mas’uliyat.
Shariatga binoan, agar ajrashmoqchi bo‘lsa, avval taloq olinadi, keyin ‘idda muddati (uch hayz yoki uch oy) o‘tkaziladi. Shundan keyin boshqa kishiga turmushga chiqish mumkin bo‘ladi. Aks holda bu ish zino hisoblanadi, bu ayolni nikohi nikoh emas, balki botildir.
Fuqaholar orasida bu borada kuchli ittifoq bor — ya’ni, boshqa birovning nikohida turgan ayol bilan nikoh tutish joiz emas, bu zino hisoblanadi.
Ota-onalar ogoh bo‘lishsin. Farzandini bu yo‘l bilan “baxtli qilaman” deb o‘ylasa, aksincha, uni do‘zaxga boshlayotgan bo‘ladi. Bunday yo‘l bilan hech kim baxt topmaydi. O‘sha ayoldan tug‘ilgan farzand ham valado zino bo‘ladi — Alloh asrasin!
Shu sabab, bunday og‘ir masalaga yengil qarashlik — katta gunohga olib boradi. Agar chindan qizi bu turmushda yashay olmasa, shariat buyurgan tartib bilan ajratilsin:
-
Taloq berilsin.
-
‘Idda muddati o‘tib tugatilgach, keyin boshqa kishiga turmushga berish mumkin.
Alloh taolo Qur’onda aytadi:
“Uylarga eshiklaridan kiringlar” – ya’ni ishni to‘g‘ri yo‘ldan qilaylik.
Shariatga zid ravishda — o‘zicha ajratib, bir oy ichida boshqa kishiga turmushga berish — shar’an ham, qonunan ham noto‘g‘ri. Hatto dunyoviy qonunlarda ham ajralish bir kunlik ish emas, muhlat beriladi, taraflar fikrlasin deb. Ariza bergandan keyin ham kutish muddati bor. Shu muddat ichida ayol haligacha sobiq erining nikohida hisoblanadi.
Misol uchun, hatto Turkiyada ham ajrashgan bo‘lsa, bir yil ichida farzand tug‘ilsa, u sobiq erning farzandi hisoblanadi. Chunki ehtimol bor — bola ajralishdan oldin homiladorlikdan bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shu darajada e’tibor beriladi.
Endi ayolingni bir oyda olib ketib, boshqaga turmushga berish — na shariatda, na dunyoviy qonunda joyi yo‘q.
Bu harom amal.
Bu ishni qilganlar Allohdan tavba qilsin, istiġfor aytsin va bu ishlari to‘g‘rilansin.
Vallohu a‘lam.