Ustoz, kelin bo‘lganimga 8 oy bo‘lganida ota uyimga borgandim. Bu paytda qaynog‘am “Kelinning uyini ko‘raylik” deb kelin bo‘lib tushgan uyimizga kelgan ekan. Uyda erimning omonat narsalari bo‘lgani uchun uy eshigini qulflab ketgandim. Erimga qo‘ng‘iroq qilib: “Keling, kelin eshikni qulflab ketibdi” deyishgan. Shunda erim menga qo‘ng‘iroq qilib: “Yarim soatda yetib kelmasang, taloqsan!” degan. Men o‘shanda 2 daqiqaga kech qolganman. Bu birinchi holat.
Oradan 2-3 yil o‘tib yana qattiq janjallashdik. Erim: “Menga haromsan”, dedi. Men uzr so‘rab yaqinlashsam, “Taloq berdim, endi yaqinlashma”, dedi. Bu ikkinchi holat.
Erimning yangasi bilan munosabati yaxshi emas edi. Bir kuni: “Agar yangangni uyga kirgizsang, taloqsan” dedi. Biz katta hovlida yashaymiz. Qaynonam yangamni uyga kirgizdi. Men yashashda davom etdim. Bu uchinchi holat.
Oradan vaqt o‘tib yana janjal bo‘ldi. Erim meni qattiq urdi. Qaynonam kelib, “Taloq bermasang, seni oq qilaman”, deb bir necha bor aytdi. Shunda erim: “Taloq qilaymi, shunda ko‘nglingiz tinchiydimi?!” deb menga taloq aytdi. “Uydan chiqib ket!” deb urmoqchi bo‘ldi. Men qo‘rqib: “Urma, chiqib ketaman”, deb uyimni tark etdim. Bu to‘rtinchi holat.
Keyinchalik bildimki, erim boshqa bir ayolga uylanmoqchi bo‘lib yurgan ekan. Ota-onam: “Besh farzanding bor”, deb meni erimnikiga qaytarib olib borishgan. Erim tarafdagilar meni rosa kamsitishdi. Orada erim o‘sha ayolga uylanib oldi. Onam erim bilan gaplashgan ekan, u onamni og‘ir so‘zlar bilan haqorat qilibdi. Keyin: “Agar onang uyimga kelsa, taloqsan”, dedi. Oradan vaqt o‘tib, onam uyga keldi. Hozir yana birga yashayapmiz.