Bismillah, alhamdulillah, vassalatu vassalam ‘ala Rasulillahi va ba’d.
Baqara surasida Alloh taolo ayollarni turli holatlarda taloq qilish hukmlarini bayon qilgan. Ularning ichida bir holat — erkak kishi ayol bilan uylanib, hali yaqinlik qilmasdan turib ajrashsa — tafsilotlari bilan keltirilgan. Bu holatda ikki xil vaziyat bo‘ladi:
Mahr belgilangan bo‘lsa:
Agar er-xotin o‘rtasida mahr miqdori oldindan belgilangan bo‘lsa, lekin ular hali yaqinlik qilmasdan ajrashishsa, unda Alloh taolo shunday deydi:
“Agar sizlar ayollarni yaqinlik qilmasdan oldin taloq qilsangiz va ular uchun mahr belgilangan bo‘lsa, u holda belgilangan mahrning yarmisini beringlar.”
(Ma’nosi, Baqara 237
وَإِن طَلَّقْتُمُوهُنَّ مِن قَبْلِ أَن تَمَسُّوهُنَّ وَقَدْ فَرَضْتُمْ لَهُنَّ فَرِيضَةًۭ فَنِصْفُ مَا فَرَضْتُمْ إِلَّآ أَن يَعْفُونَ أَوْ يَعْفُوَا۟ ٱلَّذِى بِيَدِهِۦ عُقْدَةُ ٱلنِّكَاحِ ۚ وَأَن تَعْفُوٓا۟ أَقْرَبُ لِلتَّقْوَىٰ ۚ وَلَا تَنسَوُا۟ ٱلْفَضْلَ بَيْنَكُمْ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ بِمَا تَعْمَلُونَ بَصِيرٌ
Masalan, agar mahr 5000 so‘m bo‘lib belgilangan bo‘lsa, taloq holatida uning yarmi — 2500 so‘m beriladi. 4000 so‘m bo‘lsa, 2000 so‘m. Ya’ni, mahr belgilangan bo‘lsa va yaqinlik qilinmagan bo‘lsa, yarim mahr to‘lanadi.
Mahr belgilanmagan bo‘lsa:
Agar nikoh qilingan, ammo mahr belgilanmagan bo‘lsa va hali yaqinlik qilmasdan turib ajrashilsa, Alloh taolo:
“Famatti‘uhunna” — ya’ni, “ularga mut’a beringlar” — deb amr qiladi.
Bu degani, ayol kishi quruq qo‘l bilan yuborilmaydi, unga biror sovg‘a yoki naf qildiradigan narsa berilishi kerak.
Fuqaholar bu “mut’a” so‘zining ma’nosini turlicha tafsir qilishgan:
– Ba’zilar: “Namoz o‘qiy oladigan darajadagi kiyim berilishi kerak,” — deganlar.
– Ba’zilar esa: “Urf-odatga qarab, erkak ayolga biror narsa berishi lozim,” — degan. Ya’ni, jamiyatdagi odatga ko‘ra, erkak ajrashayotgan ayolga sovg‘a, kiyim-kechak, hadya kabi narsalar berib yuboradi.
Xulosa qilib aytganda, agar mahr belgilangan bo‘lsa, yaqinlik qilinmagan taqdirda, uning yarmi beriladi. Agar mahr belgilanmagan bo‘lsa, ayolga biror mut’a — foydali sovg‘a — berish vojib bo‘ladi.
Vallohu a’lam.