Bismillah,
Alloh ta`ologa hamdu sanolar, undan keyin payg`ambar bo`lmaydigan payg`ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomat ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo`lsin.
Bunday vaziyatda albatta, hikmat bilan, chiroyli va yumshoq so‘zlar bilan to‘liq o‘qishni tavsiya qilish kerak. Chunki namoz — Alloh taoloning farzi, sobit bo‘lgan ibodat. Uni hech kim kamaytira olmaydi yoki o‘zgartira olmaydi.
“Mayli, sen hozircha ikki mahal o‘qi, keyin ko‘paytirasan,” deyish noto‘g‘ri. Bu xuddi aroq ichayotgan odamga: “Hozircha vino ichib tur, faqat yotishdan oldin ich, kunduz ichma,” degan bilan barobar. Alloh harom qilgan narsaga hech kim ruxsat bera olmagani kabi, Alloh farz qilgan narsani ham hech kim yengillashtira olmaydi. Bu yengillikni faqat Allohning o‘zi beradi.
Masalan, musofirga namozni qasr qilib o‘qishga, jamlab o‘qishga ruxsat berilgan. Turib o‘qiy olmasa, o‘tirib o‘qiydi — bular Alloh taoloning shariatdagi yengilliklaridir. Ammo biz o‘z ixtiyorimiz bilan, “unga qiziq bo‘lsin, sekin-sekin o‘rganib ketar,” deb namoz farzini kamaytira olmaymiz.
Bu ish shar’an to‘g‘ri emas deb bilamiz. Shu holatga o‘xshagan bir hikoya yodimga tushdi. Yoshligimizda eshitganmiz. Bir qishloqqa yangi imom boribdi. O‘sha yerda odamlar umuman namoz o‘qimayotgan ekan. Imom ularni yig‘ib, namozga chaqirgan, ammo odamlar: “Bizga tahorat qilish yoqmaydi,” degan.
Shunda imom: “Betahorat ham o‘qiyveringlar, bo‘ladi,” debdi. Odamlar rozi bo‘lib, betahorat ham bo‘lsa o‘qiy boshlabdi. Shu orada imom boshqa joyga ketadi. Uning o‘rniga yangi imom keladi. U kelib qarasa, odamlarning hammasi betahorat namoz o‘qimoqda.
U: “Sizlarning namozlaringiz qabul bo‘lmaydi! Shu paytgacha o‘qiganlaringiz ham namoz emas. Tohorat qilib o‘qinglar!” desa, odamlar masjidga kelmay qo‘yibdi. Keyin ular avvalgi imomning oldiga borib: “Siz qanday qavm tarbiyaladingiz? Bular endi tahoratli namozga ham rozi emas,” deyishsa, u imom: “Men ularni hech bo‘lmasa namozga o‘rgatdim. Endi siz ularni tahoratga o‘rgating,” deb javob bergan ekan.
Bu hikoya, go‘yo bir hikmat bilan ish tutilganday tuyuladi. Lekin shar’iy nuqtayi nazardan bunday ruxsat berish joiz emas. Ya’ni, biz yengillikni berolmaymiz. Biz yengillikni yumshoq so‘z bilan, chiroyli maslahat bilan bera olamiz, xolos. Gaplarimiz shariatga mos bo‘lishi shart.
Agar bola namoz o‘qishni istamayotgan bo‘lsa ham, unga chiroyli, mehribonlik bilan doimiy eslatib turish kerak. Qilmasa ham, yana gapirasiz. Yana qilmasa, yana gapirasiz. Chunki Alloh taolo kimni hidoyat qilmoqchi bo‘lsa, u qanday bo‘lsa ham namoz o‘qiydi. Odam hatto o‘limi oldidan ham namoz o‘qib o‘lishi mumkin.
Ba’zilar hatto: “Kim namoz o‘qisa, har kuni unga bir dinor beraman,” desa, masjidga odamlar to‘planadi. Ammo pul bermay qo‘ysa, kelmay qo‘yadi. Bunday namozdan foyda bo‘ladimi? Bu ibodat faqat moddiy manfaat uchun bo‘lsa, Allohning roziligi uchun emas, foydasi yo‘q.
Xulosa shuki, gaplarimiz shar’iy bo‘lishi kerak. Ulug‘ bir qoida bor: “G‘oya vositani oqlamaydi.” Ya’ni, g‘oyamiz to‘g‘ri bo‘lsa ham, unga olib boruvchi yo‘l ham to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Maqsad — Allohning roziligiga yetishish bo‘lsa, bu yo‘l faqat halol va shariatga muvofiq bo‘lishi lozim.
Xullas, javob shuki: “Mayli, ikki mahal o‘qiyver,” deb ruxsat berish shar’an to‘g‘ri emas. To‘liq o‘qishni talab qilish kerak, faqat mehribonlik bilan, sabr bilan, hikmat bilan. Insha Alloh, Alloh taolo unga tavfiq beradi va bir kun kelib to‘liq o‘qib ketadi.
Vallohu a’lam.